O‘zbekiston | 10:04 / 14.09.2018
6842
4 daqiqa o‘qiladi

Mehnatni muhofaza qilish xizmati ko‘p sonli tashkilotlarga majburiy bo‘lishi mumkin

Foto: 123RF

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatini barpo etish va faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi muhokama qilinmoqda.

Norma’ning yozishicha, bugungi kunda ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni 50 kishi va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmati yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis lavozimining mavjud bo‘lishi majburiy sanaladi. Xodimlarining soni 50 nafardan kam bo‘lgan tashkilotlarda xizmatni tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassisni qabul qilish to‘g‘risidagi qaror ish beruvchi tomonidan qabul qilinadi («Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 12-moddasi).

Loyihada ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni 50 nafardan kam bo‘lgan va birinchidan to‘rtinchigacha kasbiy xavflilik klassiga kiruvchi tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimini joriy etish taklif etilmoqda. 

Shtatdagi xodimlar soni va kasbiy xavflilik klassiga qarab tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining tavsiya etilgan tuzilmasi keltirilgan.

Loyiha mazmunidan kelib chiqishicha, mehnatni muhofaza qilish xizmati yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassisga ega bo‘lishi shart bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxati kengaytirilmoqda. Biroq matnda (Nizom loyihasining 3, 5, 7-bandlari jami va yuqorida taqdim etilgan jadval) mazkur majburiyat, mulkchilik shakli va faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlaridan (ishlab chiqarish yoki noishlab chiqarish) qat'i nazar, barcha tashkilotlarga tatbiq etilish-etilmasligi uncha tushunarli bayon etilmagan.

Loyihaga ko‘ra mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkilotda ishlovchilar sonidan kelib chiqib turli shakllarda faoliyat yuritishi mumkin. Xususan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari uchun quyidagi klassifikatsiya belgilangan.

Bunda mehnatni muhofaza qilish xizmatida mavjud shtat birliklarini qisqartirish yoxud boshqa tarkibiy bo‘linmalarga qayta taqsimlashni taqiqlamoqchilar.

Ish beruvchilarning quyidagi toifalari mehnatni muhofaza qilish funksiyalarini amalga oshirish uchun professional ishtirokchilarni jalb etishlari mumkin:

• ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni 50 nafardan kam bo‘lgan va birinchidan to‘rtinchigacha kasbiy xavflilik klassiga kiruvchi tashkilotlar;

• xodimlarni qonun hujjatlariga muvofiq yollovchi yakka tartibdagi tadbirkorlar;

• fermer xo‘jaliklari, basharti qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish mavjud bo‘lmasa.

Mehnatni muhofaza qilish xizmatining funksiyalari, vazifalari, huquq va majburiyatlari, xizmat rahbari va mutaxassislariga qo‘yiladigan malaka talablari belgilangan.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.   

Mavzuga oid