O‘zbekiston | 20:50 / 20.09.2018
35520
2 daqiqa o‘qiladi

Jurnalist prezident maslahatchisiga o‘rinbosar bo‘ldi. Prezident maslahatchisi lavozimi hali bo‘sh

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston 24» telekanali bosh muharriri lavozimida ishlagan Farhod Mahmudov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari etib tayinlandi.

Foto: Farhod Mahmudov

O‘zA xabariga ko‘ra, Farhod Mahmudov Ommaviy axborot vositalari, ma'naviyat va ma'rifat, madaniyat, san'at va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari xizmati bo‘yicha Prezident maslahatchisiga o‘rinbosarlik qiladi. 

Ma'lumot uchun, Farhod Mahmudov 1973 yil Toshkent viloyati Chinoz tumanida tug‘ilgan. U 1996 yil Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi jurnalist. 2008 yil «Mehnat shuhrati» ordeni, 2018 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist» faxriy unvoni bilan taqdirlangan. 

Farhod Mahmudov 1995 yildan buyon O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev prezident devoni negizida prezident administratsiyasini tashkil etgan, ko‘p yillardan buyon devonda Ommaviy axborot vositalari, ma'naviyat va ma'rifat, madaniyat, san'at va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov lavozimdan olingan edi.

U hozircha prezident spichrayteri lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Xayriddin Sultonov boshqargan xizmatni ayni paytda Abdujabbor Abduvohidov boshqarib turibdi.

 

Mavzuga oid