Jamiyat | 22:06 / 21.09.2018
71112
2 daqiqa o‘qiladi

FarDU harbiy kafedra talabalari bilan yuz bergan vaziyatga Mudofaa vazirligi munosabat bildirdi

Skrinshot

Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi Harbiy kafedra talabalarining o‘z o‘qituvchisi tomonidan kaltaklanayotgani tasvirlangan video va ularning murojaati elektron OAV  hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ushbu hodisaga munosabat bildirib, voqeani o‘rganish ishlari boshlanganini aytmoqda.

“Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mas'ul ofitserlari tomonidan o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda. O‘rganish natijalaridan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan Farg‘ona davlat universiteti rektori nomiga ushbu bilim yurtining Harbiy ta'lim yo‘nalishida katta o‘qituvchi lavozimida ishlab kelayotgan rezervdagi podpolkovnik Shohobiddin Tilavoldiyevga nisbatan chora ko‘rish masalasi bo‘yicha takliflar kiritilishi ma'lum qilinadi.

Ta'kidlash joizki, Mudofaa vazirligi bu kabi pedagoglarning xatti-harakatlari yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy kasbga o‘qitish jarayoniga mutlaqo zid ekanini qayd etadi. Shu kabi holatlarning  oldini olish maqsadida vazirlik tomonidan respublikadagi qolgan ta'lim muassasalarining harbiy kafedra o‘qituvchilari bilan tegishli tushuntirish va profilaktik ishlari olib boriladi”, deyiladi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati tarqatgan rasmiy bayonotda.

Ma'lumot uchun, rezervdagi podpolkovnik Shohobiddin Tilavoldiyev 2011 yilda haqiqiy harbiy xizmatdan nafaqaga chiqqan. 2018 yilning 14 fevraldan Farg‘ona davlat universiteti rektorining tegishli buyrug‘i bilan mazkur bilim yurtining Harbiy ta'lim yo‘nalishida katta o‘qituvchi lavozimida ishlab kelmoqda.

Tilavoldiyev ijtimoiy tarmoqda tarqab ketgan lavha bo‘yicha fikr bildirib, “darsga kech qolgan yigitlar ko‘payib ketgani, ularga xayfsan berilayotgani” haqida gapirgan. Uning aytishicha, ba'zida talabalarning intizomi uchun so‘kib bergan, lekin u hech kimni haqorat qilmagan.

Mavzuga oid