Iqtisodiyot | 07:39 / 22.09.2018
60719
5 daqiqa o‘qiladi

«Yangi inqiroz yaqin». Jahon moliyaviy inqiroziga tayyormisiz?

Foto: Getty Images

2008 yil 15 sentabr kuni Amerikaning Lehman Brothers faoliyatini tugatib, bankrot bo‘lganini e'lon qildi. Bu AQSh moliya olamidagi eng katta kollaps edi va uning oqibatlari 2008 yilgi jahon moliyaviy inqiroziga sabab bo‘ldi. Oradan 10 yil o‘tganiga qaramay, inqirozning salbiy oqibatlari haligacha sezilib turadi. Bank mutaxassislari, iqtisodchi va tahlilchi ekspertlarning fikriga ko‘ra, dunyo hamjamiyati yangi inqirozga yuz tutishi muqarrar bo‘lib bormoqda.

Bloomberg tarqatgan xabarga ko‘ra, dunyo davlatlarining umumiy qarzlari ayni paytda 2007 yilda kuzatilgan ko‘rsatkichdan ancha farqlanmoqda, global qarzdorlik esa 237 trillion dollardan oshdi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, jahon hamjamiyati tarixdagi eng katta iqtisodiy talafotni boshdan kechirdi, ishsizlik hamon oshmoqda. Shunday ekan, iqtisodchilar jarayonlarni savol nigohi bilan kuzatishda davom etmoqda: inqiroz qaytalanadimi?

JPMorgan Chase bankining tahlilchilari yaqinlashayotgan ehtimoliy inqirozning qachon sodir bo‘lishi va uning oqibatlarini aniqlashga urinmoqda. Tahlilchilarning aytishicha, bu hodisa 2020 yilda yuz beradi.

Ma'lum qilinishicha, yangi moliyaviy inqiroz Amerika fond bozorini 20 foizga cho‘ktirib, energoresurslar va metallga bo‘lgan narxning mos ravishda 35 va 29 foizga tushishiga olib keladi. Shuningdek, inqiroz oqibatida rivojlanayotgan davlatlar bozoridagi aksiyalar 48 foizga, ularning milliy valyutasi esa 14 foizga qadrsizlanadi. Kutilayotgan inqiroz 10 yil avvalgi salbiy natijalarni takrorlamasa-da, uning oqibatlari tahlilchi Makro Kolanovich tomonidan bashorat qilingan «Buyuk likvidlik inqirozi»da vaziyatni murakkablashtirib yuborishi mumkin.

Bozorlarning tushishi yuz bersa, arzonlashayotgan aktivlarga sarmoya kiritishni istaydigan investorlar ham topilmay qolishi mumkin. Ana shunda, Kolanovichning ta'kidlashicha, qaytalanayotgan tushish aholi orasida 1968 yil yuz bergan ijtimoiy xavfsirashni paydo qiladi.

New York Times kolumnistining fikricha, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning ijobiy tomonga o‘zgarib borayotganiga qaramay, jahon moliyaviy inqirozi haligacha adog‘iga yetmadi. Masalan, AQShda fond bozoridagi ahvol ancha yaxshilangan, ammo uy xo‘jaliklarining daromadi, 2007 yilgi hisobotga solishtirilsa, 20 foizga kam. AQShda ishsizlar soni kamaymoqda, ammo mehnatga layoqatli kishilarning to‘liq band emasligi ortmoqda, mehnatga loyiq maosh to‘lanmayapti.

2008 yilgi inqirozni avvaldan aniq tasvirlab bera olgan dunyodagi eng katta xej-fond asoschisi Rey Dalio ham tahlilchilarning xulosasini tasdiqlamoqda. Uning fikricha ham, ayni iqtisodiy davr yakuniga yetishi bilan salbiy hodisalar yuz berishi kutilmoqda. Uning fondi xizmat ko‘rsatayotgan investorlarga himoya taktikasini tanlash tavsiya etilmoqda.

Amerikalik Jorj Soros bildirgan fikrga ko‘ra, yangi inqirozdan eng ko‘p zarar ko‘ruvchi davlatlar Yevropada joylashgan.

«Xato bo‘lishi mumkin bo‘lgan qadam tashlangan», deydi Soros AQShning yadro dastur bo‘yicha Eron bilan erishilgan kelishuvdan chiqib ketishini nazarda tutgan holda. Uning aytishicha, dollarning yevroga nisbatan qiymati o‘sib borishi, rivojlanayotgan mamlakatlarga sarmoyaning oqib ketishi, Buyuk Britaniyaning YeI tarkibidan chiqib, hududiy dezintegratsiyaga qo‘l urgani yangi inqiroz yuz berishini tezlashtirmoqda.

Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri Gordon Braun ham yuqoridagi fikrlarni ma'qullab, «yangi inqirozning yuz berishiga sabab, 10 yil avval inqiroz yuz berganda uni keltirib chiqargan omillar bartaraf etilmaganida» deb munosabat bildirdi. Inqirozni keltirib chiqaruvchi omillar sirasiga Braun yana bir holatni kiritdi, u Trampni proteksionizm siyosatidan oqilona foydalanmayotganida ayblamoqda.

Yangi iqtisodiy inqirozdan qochib qutulish mumkin emasligi haqida hatto texno-gigant Bill Geyts ham aytgandi. U «Eskisidan yaxshi o‘tdi, degani, bu gal ham qutulishimizni anglatmaydi»,- deb do‘sti Uorren Baffet vaziyatdan yaxshi xabardorligini bildirgan.

O‘z o‘rnida dunyoning eng boy kishilaridan biri hisoblangan Baffet ham inqirozdan bashoratlar aytdi. AQSh Federal zaxira banki sobiq rahbari Ben Bernanke va AQSh Moliya vazirligining sobiq rahbarlari Timoti Gaytner, Genri Polson hammuallifligida ajoyib maqola e'lon qilindi. NYT nashrida chop etilgan maqolada yozilishicha, FZB favqulodda vaziyatlar yuz berganda tezkor qarorlar qabul qilishga ojiz bo‘lib qolgan. AQSh byudjyetidagi defitsitning o‘sib borishi, davlat tashqi qarzi ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu hammasi nimani anglatadi? Bir so‘z bilan aytganda, AQSh yangi inqirozni bartaraf etishga tayyor emas, ya'ni jahonning eng qudratli moliyaviy davlati bu ishni eplolmasligi mumkin.

Mavzuga oid