Binali Yildirim tez yordam mashinalari va mobil ofis avtobus kalitlarini o‘zbekistonlik vazirlarga topshirdi
Turkiya Buyuk Millat Majlisi spikeri Binali Yildirim boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
24 sentabr kuni yuqori darajali mehmon O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov hamda Adliya vaziri Ruslan Davletov bilan birgalikda Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz“da tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi. Ushbu tadbirda Turkiya Respublikasi O‘zbekistonga 50 dona tez yordam mashinasi va 20 dona mobil ofis avtobusi taqdim etdi.
Tadbirda so‘z olgan Binali Yildirim O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama o‘zaro do‘stlikka asoslangan munosabatlarning rivojlanib borayotganini alohida ta'kidlab o‘tdi.
«O‘zbekiston Turkiya munosabatlarida so‘nggi ikki yilda, 2016 yildan beri bo‘lgan davrda ijobiy o‘zgarishlar bor. Shavkat Mirziyoyevning davlat tepasiga kelishi natijasida O‘zbekistonning ham tashqi siyosatida, ham Turkiya bilan munosabatlarida yangicha ko‘rinish oldi. Biz O‘zbekiston bilan aloqalarimizni tarixda bo‘lganday, eng yuqori saviyalarga chiqarishni maqsad qilganmiz. Chunki ilm-fanning, tafakkurning o‘chog‘i bo‘lgan O‘zbekiston zamini – Buxoro, Samarqand, Toshkent va boshqa go‘shalar – Turkiya uchun juda katta ahamiyatga ega», deydi Binali Yildirim.
Anjuman yakunida Janob Yildirim tez yordam mashinalari ramziy kalitini O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga, mobil ofis avtobuslari ramziy kalitini esa Adliya vaziri Ruslan Davletovga tantanali ravishda topshirdi.
Shuningdek, turkiyalik siyosatchi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashib, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni parlamentlar darajasida davom ettirish muhim vazifa ekanini bildirdi.
«Biroz avval aytganimdek, maqsadimiz hukumatlar orasida hamkorlikning rivoji bilan birga, parlamentlar o‘rtasida ham aloqalarni kuchaytirish. Hukumatlar tomonidan qabul qilingan qarorlarning hayotga tatbiq etila olishi uchun qonuniy asoslarni yaratish. Qolaversa, Turkiya Buyuk Millat Majlisi bilan O‘zbekiston Oliy Majlisi, Senati o‘rtasida o‘zaro ishchi tashriflarni ko‘paytirish, do‘stlik guruhlari faoliyatini kuchaytirish, qo‘mitalar o‘rtasida aloqalarni oshirish kabi qator vazifalarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz», deydi u Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
Mavzuga oid
19:11 / 05.12.2024
“Bitta brigada kuniga 25 tagacha chaqiriqqa chiqyapti” - Tez yordam qishda qanday ishlayapti?
18:27 / 20.11.2024
Bemorni tabibga olib borgan mashina tez yordam xizmatiga tegishli emasligi ma’lum qilindi
20:04 / 07.10.2024
9 oyda 10 millionga yaqin odam tez yordam chaqirdi
09:10 / 20.09.2024