Huquqingizni talab qiling. Majburiy mehnatga rozi bo‘lmang!
Kun.uz tahririyatiga murojaatlar kelishda davom etmoqda. Ayni vaqtda majburiy mehnat bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaatlar ko‘paygan. Avvalo, majburiy mehnat nima degan savolni ko‘rib chiqamiz.
Majburiy mehnat qaysi qonunlar bilan tartibga solinadi?
Qonunda belgilangan holatlardan tashqari barcha ko‘rinishdagi mehnat qilishga majbur qilish jarayoni majburiy mehnat sifatida qaraladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida «Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega»ligi belgilangan.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 7-moddasiga binoan, biror-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan, mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarish tushuniladi.
Bundan tashqari, «Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi qonunning 2-moddasida shunday deyiladi: «Majburiy mehnat, ya'ni biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash taqiqlanadi, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno».
Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi. Yana harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonunlar asosida va favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda mehnat qilish ham majburiy mehnat hisoblanmaydi.
Shuncha qonun va qonunosti hujjatlar bo‘lishiga qaramasdan joylarda noqonuniy mehnat qilishga majbur qilish holatlari uchrab turibdi. Bu holat turli ko‘rinishlarda ro‘y bermoqda.
Nega fuqarolarimiz huquqlarini talab qilishdan qo‘rqadi?
Tadbirkorlar sektor rahbarlari tomonidan tazyiqqa olinadi, u o‘z navbatida ish beruvchi sifatida ishdan haydash sharti bilan qo‘rqitib, oddiy ishchini «o‘z ixtiyori» bilan mehnat qilishga majbur qiladi, paxta yig‘im-terimiga o‘zi pul beradi yoki paxta terimi uchun ulardan ma'lum bir miqdorda pul yig‘adi, bozorlarda nazoratchilar tomonidan sotuvchilardan joyini olib qo‘yish bilan qo‘rqitib majburiy mehnat uchun pul yig‘iladi, maktab, kollejlarda o‘qituvchi va o‘quvchilardan yig‘iladigan majburiy yig‘imlar, talabalarni paxtaga chiqarish holatlari va hokazolar.
Murojaatlarni o‘rganish uchun ba'zan o‘zimiz chiqamiz, ba'zan tegishli tashkilotlardan nazoratga olishni so‘raymiz. Shunday vaqtlarda murojaatchilarning aksariyati o‘zi bergan ma'lumotga izoh berishdan qo‘rqishadi. Andishalilik, uyatchanlik va ozroq qo‘rqoqlik sabab muammoni yoritishga kelganda ko‘p hollarda chekinamiz. Misol uchun, tumanlardagi sektor rahbarlari tomonidan majburiy mehnatga jalb qilinayotgan tadbirkorlarni olaylik.
Ular odatda Davlat soliq inspeksiyasi, Ichki ishlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va bo‘limlari, Tuman sanitariya-epidomiologiya nazorati markazlari va boshqa vakolati bor tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tekshirishlardan qo‘rqib majburiy mehnat uchun ishchi yetkazib beradi yoki ma'lum miqdorda pul yig‘ib beradi.
Yodingizda bo‘lsa, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga asosan rejadan tashqari barcha tekshiruvlar bekor qilindi. Bu degani davlat tashkilotlari endilikda istalgan vaqtida hujjatlarni ko‘tarib sizni tekshirishga haqi yo‘q.
Qo‘rqmang! Rejadan tashqari tekshirishlar bekor bo‘lgan.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 5 ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»dagi Davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmoni imzolandi.
Prezident farmonining 2-bandiga ko‘ra, 2018 yil 1 aprelidan boshlab ishbilarmonlik sub'yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatida tekshirish o‘tkazishga ikki yillik moratoriy ham e'lon qilindi (Yuridik shaxslarning tugatilishi va jinoyat ishlari doirasidagi tekshirishlar bundan mustasno).
Ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitib majburiy mehnatga majburlash masalasiga kelsak, bu ham qonun bilan taqiqlangan. Agar shunday holatlar yuzaga kelsa, birinchi navbatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman inspeksiyalariga murojaat qiling. Vazirlikning +998712000600 raqami ham ishlab turibdi. Bundan tashqari, Bosh prokuratura ham mazkur masala bilan jiddiy shug‘ullanishga harakat qilmoqda. Prokuraturaga ham 1007 raqami orqali muammoni yetkazish mumkin. Shuningdek, Kasaba uyushmalarining 1092 raqamiga ham bog‘lanib, vaziyatdan xabardor etish mumkin bo‘ladi.
Mavzuga oid
13:54 / 05.12.2020
Majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi uchun beshta tuman hokimiga hayfsan e'lon qilindi
22:06 / 11.09.2020
«Majburiy mehnat O‘zbekistondan mutlaqo chiqib ketishi kerak» - Tanzila Norboyeva
01:00 / 15.08.2019
Dunyoda 150 mlndan ko‘proq bola majburiy mehnatga duchor qilinmoqda
16:51 / 04.08.2019