O‘zbekiston | 15:27 / 25.09.2018
22956
3 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarori: 2019 yil iyulidan barcha taksi va avtobuslarda videoregistratorlar bo‘lishi kerak

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi va 2019 yil 1 iyuldan boshlab amalga kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar:

jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni to‘plovchi markazlashtirilgan tizim ishga tushirilishini;

markazlashtirilgan tizimga kelib tushayotgan videoyozuvlar bo‘yicha tizimli monitoring yuritish va protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun ushbu tizimni Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining “Ma'muriy amaliyot” kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilinishini ta'minlaydi.

Videoregistratorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar 2017 yilda nihoyasiga yetgan hamda mahalliy korxonalar tomonidan videoregistratorlarni ichki bozorga yetkazib berish imkoniyati mavjud ekani qayd etiladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) 2019 yil 1 iyuldan boshlab:

jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari aks etgan videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari qayd etilgan videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;

tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar jamoat transporti va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun avtotransport vositalariga videoregistratorlar o‘rnatish bo‘yicha majburiy tartib joriy etiladi;

huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan eng kam oylik ish haqining besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;

b) huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mavzuga oid