Ekspert O‘zbekiston turbiznesi haqida: «Imtiyoz berilsa, amalda ishlashi kerak. Hozir u ishlamayapti»
2019 yil yanvardan boshlab ko‘pchilik korxonalar QQS to‘lashga o‘tadi. Davlat faoliyatning ayrim turlari uchun imtiyozlarni saqlab qoladi. Biroq bu imtiyozlar hozirgidek ishlaydigan bo‘lsa, bu tovarlar va xizmatlar narxi ancha oshishiga olib kelishi mumkin, deya hisoblaydi Norma eksperti Igor Aipkin.
Imtiyozlar soliq tizimining eng muhim elementlaridan biri hisoblanadi. Ular muayyan toifadagi soliq to‘lovchilarga ayrim soliqlarni to‘lamaslik yoki kamroq miqdorda to‘lash imkonini berib, boshqalarga ko‘ra ko‘proq afzallik beradi. Oxir oqibatda bu soliq to‘lovchiga ham, davlatga ham foyda keltiradi, davlat shu yo‘l bilan iqtisodiyotning aniq sohalarini rag‘batlantiradi.
Bevosita soliqlar (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, YaST) bo‘yicha beriladigan imtiyozlar ulardan foydalanadigan soliq to‘lovchilarga naf keltirishi ayon. Soliq to‘lamaymizmi – yaxshi. Soliq solinadigan bazaning butun summasidan to‘lamaymizmi – bu ham yaxshi. Stavkani pasaytirdilarmi – juda zo‘r. Bir so‘z bilan aytganda, hamma mamnun.
Biroq bilvosita soliqlar (ha-ha, ayni o‘sha QQS) bo‘yicha imtiyozlar qanday ishlayotganiga diqqat bilan razm solsak, juda g‘aroyib holatning guvohi bo‘lamiz.
Aytaylik, turoperator QQS to‘lovchisi hisoblanmaydi, o‘z xizmatlarini ko‘rsatish uchun QQS to‘lamaydigan yetkazib beruvchilar bilan ishlaydi. Korxona daromadi – 100, xarajati – 80 bo‘lsin (sodda qilib bayon etish uchun o‘lchov birliklarida ko‘rsatmaymiz). Foyda, tegishincha, 20 bo‘ladi.
2019 yil yaqinlashmoqda. Butun mamlakat aksariyat yuridik shaxslarning QQS to‘lashga o‘tishini intiqlik bilan kutmoqda. Bizning turoperator ham istisno emas. Yangi yilda unga 120 to‘lasalar ham (100 – daromadning o‘zi, 20 – QQS), daromadi avvalgidek 100 ni tashkil etadi. Xarajat – 80 ligicha qoladi, biroq endi korxona yetkazib beruvchilarga 96 to‘laydi (80 – xarajat, 16 – QQS). Jami, foyda yana 20 bo‘ladi. Tabiiyki, biz soddalashtirilgan modelni ko‘rib chiqyapmiz, amaliyotda narxlarga ta'sir ko‘rsatuvchi boshqa omillar ham bo‘lishi mumkin. Biroq oddiy misolda QQS bo‘yicha imtiyoz qanchalik g‘alati ishlashini ko‘rish oson.
U quyidagicha ishlaydi – imtiyoz olgan turoperator endi o‘z mijozlariga QQSni o‘z ichiga oladigan 120 miqdoridagi emas, faqat 100 miqdoridagi schyotlarni taqdim eta oladi, ushbu summaning hammasi uning daromadi hisoblanadi. Zo‘rmi? Quvonishga shoshilmang. O‘zR Soliq kodeksining 221-moddasi kayfiyatingizni tushirishi aniq: «Soliq solinmaydigan oborot uchun foydalaniladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha mahsulot yetkazib beruvchilarga va import bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olinmaydi, balki ushbu tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymatida hisobga olinadi».
Sodda qilib aytadigan bo‘lsak – QQS bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lsangiz, amalda bu sotishdan daromadning o‘sha darajasini saqlab qolganingizda QQS bilan bog‘liq xarajatlaringiz 20%ga ortishini anglatadi, sababi kiruvchi QQSni endi hisobga olib bo‘lmaydi. Bizning raqamlarimizda: daromad – 100, xarajat – 96 (QQS umuman hisobga olinmagan). Foyda – 4. Hayron bo‘lyapsizmi? Bizga imtiyoz berganlarida foyda kamayadimi deysizmi? Bunday emas. Aslida imtiyozni bizga emas, pirovard iste'molchiga berganlar. QQS bo‘yicha imtiyozdan ko‘zlangan maqsad – pirovard mahsulot narxini oshirmaslik. Bunda qancha foyda olishimiz hech kimni qiziqtirmaydi. Bizdan boshqa hech kimni. U biz uchun juda muhimligi bois hech qanday QQSsiz foydaning avvalgi darajasini 116 gacha saqlab qolish, 96 chegirilgandan keyin 20 qolishi uchun narxni oshirishga majbur bo‘lamiz. Imtiyoz qanday natija berganiga qarang – iste'molchi 120 o‘rniga 116 to‘laydi. O‘tgan yili esa 100 to‘lagan.
To‘g‘ri, biz ko‘rsatgan hisob-kitoblar juda sodda. Umumbelgilangan soliqlarni to‘lovchilar hozir tushumlarining 5%idan mahrum qilayotgan YaSTni keyingi yili to‘lamasliklarini inobatga olmayapmiz. Korxonaning barcha xarajatlari ham QQS bilan bog‘liq emasligini – ish haqi, amortizatsiya, bank xizmatlariga xarajatlar va h.k. borligini hisobga olmayapmiz. Biroq bir-ikkita raqamni o‘zgartirsa ham, mohiyat o‘zgarmaydi. Mohiyat shundaki, QQS bo‘yicha imtiyozlar hozirgi ko‘rinishida iqtisodiy maqsadiga – pirovard iste'molchi uchun narxni sezilarli pasaytirishga erishmaydi. Unga narx nima sababdan – QQSni deb yoki oshgan xarajatlarni qoplash uchun oshirilganining nima farqi bor?
Qo‘shilgan qiymat solig‘ining mohiyati shundaki, aslida soliq yuki pirovard iste'molchi zimmasiga tushadi. Boshlang‘ich xom ashyo mahsulotga aylangunga qadar qancha bosqichdan o‘tishi muhim emas. Har qanday holatda ham ushbu zanjirning barcha ishtirokchilari byudjyetga to‘lashga majbur bo‘ladigan barcha mablag‘ mahsulotning pirovard qiymatiga kiritiladi. Tegishincha, maqsad – pirovard mahsulot narxi oshishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lsa, ushbu mahsulotni pirovard iste'molchiga sotuvchi shaxslarga kiruvchi QQSni hisobga olishga ruxsat berish zarur.
Tabiiyki, bunda byudjyetga tushumlar kamayib ketadi deya e'tiroz bildiriladi. Bunga qanday javob berish mumkin? Birinchidan, birvarakayiga barcha oborotlar bo‘yicha emas, davlat qo‘llab-quvvatlashga munosib deb bilgan oborotlar bo‘yicha imtiyozlar beriladi. Ikkinchidan esa – ha, imtiyozlarni qo‘llash byudjyetga tushumlar kamayishiga olib keladi, bu kutilmagan holat emas, balki normal holat! Soliq to‘lovchi qo‘llaydigan imtiyoz uning foydasi kamayishiga olib kelishi esa – normal holat emas. Soliq to‘lovchi uchun imtiyoz bo‘lganidan bo‘lmagani durust ekanligi normal holat emas.
Nima uchun ilgari bu hech kimni tashvishlantirmagan? Axir Soliq kodeksining 221-moddasi kecha kiritilgani yo‘q. Birinchidan, QQS bo‘yicha imtiyozlardan foydalana oladigan korxonalarning aksariyati uni to‘lamagan. Ikkinchidan, ularda kiruvchi QQS juda oz bo‘lgan, sababi ularning yetkazib beruvchilari ham ko‘p hollarda QQS to‘lamagan.
Biroq yangi yilda bu tartib o‘zgaradi. Ko‘plab korxonalar QQS to‘lashga o‘tadi, ularning ayrimlari imtiyozlardan foydalanadi. Ushbu imtiyozlar hozirgidek ishlaydigan bo‘lsa, bu tegishli tovar va xizmatlar narxlari oshishiga olib keladi. Qanday sohalarda imtiyozlar saqlanib qolishi, qaysilari ulardan mahrum bo‘lishi, kimlar ilk bor imtiyoz olishi hozircha noma'lum – bu muhim emas. Muhimi, imtiyoz belgilangan bo‘lsa, bu davlat tegishli sohani qo‘llab-quvvatlamoqchi ekanini anglatadi. Xoh u bolalar bog‘chalari xizmatlari, turizm sohasi, uy-joy fondini saqlash xizmatlari yoki boshqa oborotlar bo‘lsin – agar ular QQSdan ozod qilinsa, ushbu korxonalar uchun kiruvchi QQS ortiqcha xarajatga aylanmasligi muhim ahamiyatga ega. Sodda qilib aytganda – imtiyoz berilsa, amalda ishlashi kerak. Hozir esa u ishlamayapti.
Mavzuga oid
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024
O‘zbekistonga xorijdan kelgan sayyohlar soni ma’lum qilindi
22:45 / 24.10.2024
2024 yilda O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni ma’lum qilindi
17:47 / 15.10.2024