O‘zbekiston | 21:49 / 26.09.2018
7528
2 daqiqa o‘qiladi

Yosh fermerlar va tomorqa yer egalari uchun bepul qo‘llanma nashr etildi 

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi binosida “Tomorqa – daromad manbai” nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanmasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi, Yoshlar ittifoqi hamda Toshkent davlat agrar universitetining professor o‘qituvchilari hamkorligida tayyorlangan ushbu o‘quv-uslubiy qo‘llanma respublikadagi barcha yosh fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari foydalanishi uchun mo‘ljallangan.

Foto: O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi matbuot xizmati

Qo‘llanma sabzavot ekinlarini ekish va parvarishlash, poliz ekinlari, issiqxonalar qurish va ulardan foydalanish, don  va dukkakli ekinlar, moyli va yem-xashak ekinlari, sitrus va mevali daraxtlar, gullarni ekish va parvarishlash, tomorqachilik sirlari kabi bo‘limlarni o‘z ichiga olgan.

Ahamiyatli jihati, qo‘llanmada qizil qalampir, soya, yeryong‘oq kabi bugungi kunda ko‘p yetishtirilayotgan ekinlar shuningdek, uy sharoitida asalari yetishtirish, Afrika laqqa balig‘ini parvarishlash, sesarkalarni ko‘paytirish texnologiyalari ham ko‘rsatib o‘tilgan. 

Kitob O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘i asosida 15 000 nusxada chop etildi. 

U respublikada dehqonchilik madaniyatini yanada oshirishga xizmat qilishi va bu jarayonda yosh fermerlarni tashabbuskorlikka chorlashi kerak, deydi O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi raisi Soatmurod Qulmirzayev.

Qo‘llanma respublikadagi 30 yoshgacha bo‘lgan barcha yosh fermer, dehqon xo‘jaligi  va tomorqa yer egalari tomonidan foydalanish uchun bepul yetkazib beriladi.

Mavzuga oid