Jahon | 10:42 / 28.09.2018
18894
2 daqiqa o‘qiladi

«Biz bilmaymiz». Kreml GRU polkovnigi Chepiga haqidagi surishtiruvga o‘z munosabatini bildirdi

Foto: Russia Today

Rossiya prezidenti Vladimir Putin London tomonidan GRU sobiq zobiti Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani zaharlashda gumonlanayotgan Ruslan Boshirov oddiy fuqaro ekani haqidagi ma'lumotga ega. Bu haqda uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma'lum qildi, deya xabar beradi RIA Novosti.

Shu tariqa, Kreml 26 sentabr kuni e'lon qilingan jurnalistik surishtiruvga munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, Boshirov aslida Rossiya harbiy razvedkasining xodimi hisoblanadi. «Mening tushunishim bo‘yicha, bu norasmiy surishtiruv. Biz bu ma'lumot haqiqatga qanchalik mos kelishi yoki mos kelmasligini bilmaymiz», - deya ta'kidlab o‘tdi Peskov. Uning qo‘shimcha qilishicha, Moskva «Rossiya Federatsiyasining ushbu fuqarolari tomonidan tilga olingan ma'lumotlardan kelib chiqmoqda».

Chepiga haqiqatdan ham Rossiya Qahramoni ekani va bu odam rossiyalik Ruslan Boshirovga o‘xshab ketishi haqidagi savolga, Peskov shunday javob berdi: «Ko‘plab odamlar bir-biriga o‘xshaydi, biroq surishtiruvda ko‘rsatilayotgan bu fuqaroning kimligini men ayta olmayman, sababi bunday ma'lumotga ega emasman». 

Qayd etilishicha, u unvonning topshirilishi bilan bog‘liq ma'lumotni tekshirib ko‘rishga va'da bergan.

Avvalroq, The Insider nashri va Bellingcat tadqiqot guruhi «Ruslan Boshirov» aslida Anatoliy Chepiga ekanini aniqlagandi

Mavzuga oid