O‘zbekiston | 22:37 / 28.09.2018
14362
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijda ishlashga ketayotgan fuqarolarning ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Xususiy mehnat shartnomalari bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan, shuningdek xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Nizomga ko‘ra, fuqarolarning ro‘yxatdan o‘tishlari ixtiyoriy hisoblanadi va elektron shaklda amalga oshiriladi.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun fuqaro tomonidan O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish hakining bir barobari miqdorida to‘lov amalga oshiriladi.

Fuqaro Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining rasmiy veb-sayti orqali agentlik elektron bazasida ro‘yxatdan o‘tadi.

Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolar tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi Byudjyetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga eng kam ish haqining to‘rt yarim baravari miqdorida yillik sug‘urta to‘lovlarini ixtiyoriy ravishda to‘lash tartibi joriy etiladi, bunda to‘lovlar amalga oshirilgan davrlar belgilangan tartibda mehnat stajiga qo‘shiladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining elektron bazasida ro‘yxatdan o‘tgan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan fuqarolarga "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan platskart va umumiy vagonlarga temir yo‘l chiptalariga hamda "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK tomonidan fuqarolar uchun ekonom klass aviachiptalarining narxlariga 20 foiz chegirmalar taqdim etiladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining elektron bazasida ro‘yxatdan o‘tgan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan fuqarolarga "Aloqabank" AK tomonidan soddalashtirilgan ochish shartlari, xizmat ko‘rsatish uchun minimal vositachilik haqi va "nol" summadagi kafolat depoziti bilan "VISA-migrant" bank plastik kartalari chiqariladi va xizmat ko‘rsatiladi, shuningdek yiliga bir marotaba bir martalik temir yo‘l va aviachiptalar olish uchun bo‘lgan xarajatlar 2018-2019 yillarda 300 ming so‘mgacha miqdorda qisman qoplanadi.

Mavzuga oid