Jahon | 18:46 / 28.09.2018
9620
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml Skripallar ishi bo‘yicha uchinchi gumondor haqidagi xabarlarga izoh berdi

Foto: Vladimir VeLeNGURIN

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Britaniya OAVning GRU sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaning Solsberida zaharlanishi bo‘yicha ish yuzasidan uchinchi gumondor paydo bo‘lgani haqidagi ma'lumotiga izoh berdi.

«So‘nggi oylarda ham Britaniya, ham boshqa davlatlar OAVda Skripallar ishi bo‘yicha ko‘plab yangiliklar paydo bo‘lmoqda. Hozir hech kim bu axborotlardan qaysi biri yolg‘on, qaysilari to‘g‘ri ekanini aniqlay ham olmaydi», - deya ma'lum qildi Peskov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turli tekshiruvlar olib borilmoqda, jurnalistlar hamda turli tashkilotlar va tuzilmalar ham surishtiruvlar o‘tkazyapti.

«Biz ular (natijalar) qanchalik to‘g‘ri ekanligini, nimaga asoslanganini aniq bilmaymiz. Umuman olganda, butun munozaralar ommaviy axborot vositalarining xabarlari, qandaydir tashkilotlarning ayrim tekshiruvlari natijalari bilan bog‘liq», - deya qo‘shimcha qildi Peskov. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Skripallar ishi bo‘yicha uchinchi gumonlanuvchi aniqlangani, u ham GRU xodimi ekani xabar berilgandi. 

Mavzuga oid