O‘zbekiston | 18:57 / 28.09.2018
16386
4 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar Bosh vazir o‘rinbosariga parlament so‘rovi yubordi

Foto: KUN.UZ

​Qishloq xo‘jaligida norasmiy bandlik darajasini qisqartirish hamda ishchilarni ijtimoiy himoyalash, shu bilan ularning pensiya ta'minoti kafolatlarini mustahkamlash bo‘yicha davlat nazoratining holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga parlament so‘rovi yuborildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Senator Bahodir Tojiyevning aytishicha, g‘alla hosildorligi va aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan oqilona foydalanish, g‘o‘zadan kafolatli hosil yaratishda parlament va jamoatchilik nazoratini ta'minlash borasida respublikaning barcha hududlarida o‘rganishlar olib borildi. 

O‘rganishlar doirasida joylarda aholi bilan o‘tkazilgan muloqotlar davomida qishloq xo‘jaligidagi mehnat munosabatlari bilan bog‘liq ayrim muammolar mavjudligi aniqlandi.

«Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida, xususan fermer xo‘jaliklarida norasmiy bandlik darajasi yuqori. Agarda, raqamlarga e'tibor qaratsak, joriy yil boshida O‘zbekistonda faol yuritayotgan 146 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi tasarrufidagi umumiy ekin maydoni 6 million 200 ming gektarni tashkil etgan. Bunda har bir fermer xo‘jaligiga o‘rtacha 42 gektar yer maydoni to‘g‘ri keladi.

«Prezident qaroriga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda talab etiladigan mehnat va moddiy resurslar sarf me'yorlari belgilangan», deydi senator Tojiyev. 

Unga ko‘ra, fermer xo‘jaligi tasarrufidagi maydonda qishloq xo‘jaligi ishlarini bajarish va mahsulot yetishtirish uchun 1 million 500 mingga yaqin ishchi kuchi talab etiladi. 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, fermer xo‘jaliklarida 2 milliondan ortiq ishchi band bo‘lib, shundan faqatgina 522 ming nafari yoki 26 foizi rasman ishlaydi. Boshqa 1,5 million kishi norasmiy ishchilar hisoblanadi. 

Bahodir Tojiyevning bildirishicha, norasmiy band bo‘lgan ishchilar va ish beruvchilar o‘rtasida o‘ziga xos mehnat munosabatlari shakllangan. 

«Bunda mehnatga haq to‘lash aksariyat hollarda norasmiy usulda, ya'ni rasman hisobga olinmagan naqd pul shaklida yoki bug‘doy, yem-xashak, g‘o‘za poya va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari berish orqali amalga oshiriladi», deydi Tojiyev. 

Yuqorida qayd etilgan holatlar mehnat qonunchiligi talablari bo‘yicha tartibga solinmagan, ishchilarga mehnat daftarchasi ochilmaydi va ish staji hisoblanmaydi. Rasman ish haqi fondiga yagona ijtimoiy to‘lovning hisoblanishi va boshqa sabablar tufayli fermerlar me'yor talablariga ko‘ra amalda zarur ishchi kuchini mehnat shartnomasi asosida rasmiylashtirishdan manfaatdor emas. 

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2016-2017 yillar tahliliga muvofiq to‘liqsiz ish staji bilan pensiya tayinlanayotganlar soni har yili o‘rtacha 6 foizga ko‘payib bormoqda. Bu esa bir umr qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan 70 foizga yaqin odam belidan kuchi ketganda munosib pensiya va ijtimoiy himoyadan mahrum bo‘lishini anglatadi. 

Shu tufayli, senatorlar Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga parlament so‘rovini yuborib, ushbu holatning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bo‘lgan ta'sirini chuqur o‘rganib, Qo‘chqorovdan masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasining nuqtai nazarini bayon qilishi so‘ralgan.

Mavzuga oid