Jamiyat | 17:07 / 29.09.2018
109776
4 daqiqa o‘qiladi

Mahalla raisi uxlab yotgan odamni o‘ldirib, murdasini daryoga oqizib yubordi (video)

Samarqand shahar IIBga 2017 yil 17 iyul kuni Samarqand shahar Uchquduq mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Darg‘om kanalidan shaxsi noma'lum erkak kishining jasadi topilgani haqida xabar qilishdi. Zudlik bilan tergov-surishtiruv guruhi voqea joyiga yetib bordi. Sud tibbiy-ekspertizasi tayinlandi, deb yozmoqda O‘zA.

35-40 yoshlardagi shaxsi noma'lum erkak murdasi chirish holatdaligi va suvda ko‘p qolib ketganligi aniqlangan. Uning tanasi, peshona, chap qosh, ensa, tepa sohalari ezilgan, kalla-suyak sohalari singan. O‘lim sababi deya boshiga berilgan jiddiy zarbalar tasdiqlandi.

Huquq-tartibot idoralarining kuch va vositalari ushbu jinoyatni ochishga safarbar etildi. IIB xodimlari, avvalo, marhumning shaxsini aniqlash, so‘ngra uning o‘limi sabablarini surishtirishga kirishdi. Ushbu jarayon davom etayotgan paytda Samarqand shahrida egasiz qoldirib ketilgan avtomashina topildi. Bu mudhish jinoyat kalavasining uchini topishga yordam berdi. 30 T 265 VA raqamli “Neksiya“ Urgut tumanidagi Beshkon mahallasida yashovchi Dilmurod Bobomurodovga tegishli ekani va u aynan Darg‘om kanalidan topilgan marhum ekani ma'lum bo‘ldi.

Tezkor qidiruv va surishtiruv ishlaridan jinoyat tafsilotlari va bu mudhish qotillikka qo‘l urgan shaxslar aniqlandi. Voqea mashina topilgan Samarqand shahrida emas, Urgut tumanining Taroqli mahallasida sodir bo‘lgan ekan.

“Taroqli“ mahalla fuqarolar yig‘ini raisi O.Odilov shu mahallada yashovchi L.Do‘sanovadan 2015 yilda 1000 dollar miqdorida qarz oladi. Ammo qarzni vaqtida qaytara olmaydi. Kunlarning birida L.Do‘sanova mahalla raisiga qo‘ng‘iroq qilib, fuqaro D.Bobomurodov uni doimiy ravishda haqoratlab, xo‘rlab kelayotganini aytadi. Shundan so‘ng ikkovlon D.Bobomurodovdan o‘ch olishni rejalashtiradi va bu ish amalga oshsa, L.Do‘sanova mahalla raisining qarzidan voz kechishini bildiradi.

Ushbu shart O.Odilovga ham ma'qul tushadi va u L.Do‘sanovaning xonadonida D.Bobomurodovning mastligidan foydalanib, uning boshiga bolta bilan urib, o‘ldiradi. Jinoiy sheriklar – O.Odilov va L.Do‘sanova jinoyat izini yashirish va muqarrar jazodan qutulib qolish maqsadida D.Bobomurodovning jasadini ko‘rpacha va gilamga o‘ragan holda marhumga tegishli bo‘lgan “Neksiya“ning yukxonasiga ortadi. So‘ngra jasadni Tayloq tumanining Davlatobod qishlog‘idan oqib o‘tuvchi Darg‘om kanaliga tashlab yuboradi. Ertasi kuni esa mashinani Samarqand shahriga olib borib, o‘sha yerda qoldirib kelishadi.

2017 yilning iyul oyi boshlarida sodir bo‘lgan mazkur jinoyat uning ijrochilari o‘ylaganidek izsiz ketmadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining hukmiga ko‘ra L. Do‘sanova va O. Odilov turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.

Mavzuga oid