O‘zbekiston | 19:00 / 01.10.2018
44520
10 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha ta'lim vazirligi tashkil etilganiga bir yil to‘ldi: Nima o‘zgardi? 

2017 yilning 30 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Maktabgacha ta'lim vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekkan edi. Oradan roppa-rosa bir yil o‘tdi. Bu muddat yangi tizim faoliyatiga nazar tashlash uchun yetarli, bizningcha. Xo‘sh, maktabgacha ta'lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishga mas'ul etib belgilangan Maktabgacha ta'lim vazirligi o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni qay darajada uddalay olmoqda?

Avvalo, vazirlik maktabgacha ta'lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishga mas'uldir. Shu tufayli sohadagi yagona davlat siyosatini yuritayotgan muassasa bog‘cha yoshidagi bolalarning MTMga qamrab olishdan manfaatdor. Vazirlik ish boshlagan ilk kunlardanoq, nodavlat ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar ayrim to‘lovlardan ozod etilgan. Vazirlar Mahkamasining «Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sherikchilik munosabatlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bog‘chalar sonini oshirishda muhim rol o‘ynadi. Shu yilning sentabr oyidan boshlab, xususiy bog‘cha tashkil etgan tadbirkor barcha turdagi soliq va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlardan (YaITdan tashqari) ozod etildi.

Bundan tashqari, vazirlik tomonidan O‘zbekistonda birinchi marta barcha MTMlarga mavzuviy rejalashtirilgan ta'lim dasturi tarqatildi. Ta'lim jarayoniga endi kirib kelayotgan kichik yoshli bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tamoyili asosida ishlab chiqilgan yangi dastur «Ilk qadam» deb nomlandi.

Umuman olganda, davlat talablarida kichik va maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarni besh yo‘nalishda rivojlantirish kerakligi ko‘rsatilgan. Bu besh yo‘nalishni rivojlantirib, bola 4 kompetensiyaga ega bo‘ladi va 1-sinfga chiqishga motivatsiya oladi.

Muhim yangiliklardan yana biri – guruhlardagi bolalar soni 25 kishidan oshmasligi belgilab qo‘yildi. Bu cheklovni amaliyotga joriy etish maqsadida EMIS elektron tizimi ham yo‘lga qo‘yildi. 2021 yilga borib mamlakatdagi barcha MTM guruhlarida bolalar soni shunday bo‘ladi.

O‘tgan 27 yil davomida maktabgacha ta'lim tizimidagi tarbiyachilar va MTM xodimlarining tarif stavkasi biror marta oshirilmagandi. 2018 yilning mart oyida Maktabgacha ta'lim vazirligi birinchi marta pedagoglarning bazaviy tarif stavkalarini 30 foizga oshirish taklifi bilan chiqdi. Shu yilning sentabridan oliy ma'lumotga ega pedagoglar uchun bazaviy tarif stavkalari yana 30 foizga oshirildi. 

Vazirlik endigina faoliyat boshlanganida bolalarni maktabgacha ta'lim jarayoniga qamrab olish 27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib bu ko‘rsatkich 34 foizga yetdi. Ammo qariyb 1 mln 600 nafardan ziyod bola maktabgacha ta'limga qamrab olinmagan. Ularning taqdiri qanday kechmoqda? «Kun.uz» muxbiri shunday bolalarning ota-onalaridan ba'zilari bilan suhbatlashib, masalaga oydinlik kiritdi. 

«Biz davlat bog‘chasiga bolamizni yuborishga imkon topgandik. Muammo shundaki, u yerda joy to‘lib qolgan. Agar masalaga chuqurroq kirsangiz, korrupsiyaning hidi keladi. Xususiy bog‘chalarda esa narx qimmat. Garchi xususiy bog‘chada ta'lim va ovqatlanish yuqori talab darajasida bo‘lsa-da, o‘rtacha oylik maosh bilan yashayotgan ota-ona uchun bunday narxlar o‘ta qimmat hisoblanadi», deydi ulardan biri.

Davlat xizmati agentligi vakili «Kun.uz»ga tasdiqlashicha, bolani bog‘chaga joylashtirish ishlarining agentlik zimmasiga o‘tkazilishi aynan bu jarayondagi korrupsiyaga barham berish maqsadi bilan bog‘liq. Albatta, vazirlik oldida bundan boshqa yana ko‘plab o‘z yechimini kutayotgan muammolar bor. Masalan, bolalarning tahqirlanishi, so‘kish eshitishi va kaltaklanishi. Ming afsuski, hatto o‘lim bilan yakunlangan holatlar ham mavjud. Shunday voqealardan biri shu yilning 5 fevral kuni Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida sodir bo‘ldi.

1998 yilda tug‘ilgan Akmal Abdurahmonov ertalab o‘z xonadonidan velosipedda Oltiariq tumani markazidagi bozorga borgan. U qaytishda «Poloson» mahallasidagi 6-maktabgacha ta'lim muassasasi yonidan o‘tib ketayotib, ushbu muassasadan kuzatuvchisiz chiqib ketayotgan tarbiyalanuvchilar – voyaga yetmagan Sh.G‘offoraliyev, X.G‘offoraliyeva va K.G‘offoraliyevani yoniga chaqirib, ularga velosipedda sayr qildirishini, do‘kondan shirinliklar olib berishini aytib aldagan va Sh.G‘offoraliyev hamda X.G‘offoraliyevani velosipedining orqa o‘rindig‘iga, K.G‘offoraliyevani esa velosipedining old qismiga o‘tirg‘izib, ularni o‘g‘irlab ketgan. Voqea K.G‘offoraliyevaning o‘limi bilan yakun topgan. Muassasadan kuzatuvchisiz chiqib ketayotgan tarbiyalanuvchilar voqeasi keyinchalik ushbu holatni tartibga solish, elektron hisobga olish tizimini ishga tushirish, loaqal mas'uliyatni oshirish shart.

MTM mudirasi va pedagogik tarkib asosiy ish faoliyatidan chalg‘igan, ya'ni, ular bolalarga ta'lim-tarbiya berish qatorida ovqatlantirish tizimini tashkillashtirish bilan ham shug‘ullanishlariga to‘g‘ri kelgan. Shuning uchun bugungi kunda bolalar bog‘chasining aynan maktabgacha ta'lim tizimiga aylantirilishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Biroq, yangi siyosatga ko‘nika olmagan mudiralar ham bor. 

Toshkent shahri, Shayxontohur tumani 197-sonli bog‘chada auditorlik tekshiruvi uchun kelgan vazirlik xodimlarini mudira xonasida o‘zini metodist deb tanishtirgan ayol kutib oladi. Tegishli hujjatlarni taqdim eta olmagan ayol, aslida amaldagi mudiraning onasi ekanligini tan olib, bu yerda ishlamasligini aytgan. Keyingi tergovlar shuni ko‘rsatdiki, avvallari jinoiy javobgarlikka tortilgan bu ayol aslida MTMning pul oqimlarini shaxsan o‘zi nazorat qilib kelgan.

Auditorlik ishlari o‘tkazilgan kuni menyu uchun ishlatilishi lozim bo‘lgan 56,2 kg go‘sht ombordan olingan, ammo u qozonlargacha yetib bormagan. Ajratilgan mahsulotning o‘rniga bir kun avval qaynatilgan 8,98 kg miqdoridagi go‘sht topilgan. Aniqlanishicha, amaldagi «qo‘g‘irchoq» mudiraning onasi har kuni go‘shtning yarmini o‘zi uchun olib qo‘yishni odat qilgan. MTM xodimlari tekshirish vaqtida ro‘yxatga kiritilmagan bolalarni eshigi tashqaridan qulflanadigan omborxonaga yashirib qo‘yishgan. Bu bolalarning ota-onalari bog‘cha to‘lovini naqd pulda amalga oshirishi ma'lum bo‘lgan.

Yana bir achinarli holat - bog‘cha hududida chinni buyumlar, ya'ni piyola ishlab chiqaradigan sex ochilgan. Mutaxassislarning e'tiroficha, bu sexda foydalaniladigan xomashyo va bo‘yoq bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazadi. Afsuski, bunday «qing‘ir»​ ishlari fosh bo‘layotgan MTMlar respublikada yagona emas. Umumiy qilib aytganda, shunday xabarlarning ko‘payib, oshkor etilishi vazirlikning yutug‘i, negaki, avval Xalq ta'limi tizimida faoliyat olib borgan bog‘chalarning o‘z holiga tashlab qo‘yilgani oqibatida shuncha masalalar to‘planib qolganki, ularni bartaraf etish uchun yana bir necha yil talab etiladi. 

Davlat xizmatlari agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, bog‘chalardagi tekshiruvlar vaqtida respublika bo‘yicha jami 2 457 nafar ro‘yxatdan o‘tmagan bola aniqlangan, ya'ni ular rasman hech qayerda ro‘yxatdan o‘tmagan. Shundan kelib chiqadiki, ular Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan o‘z haq-huquqlaridan to‘liqligicha foydalanish imkoniyatiga ega emas. Masalaga bu nuqtai nazardan qarasak, maktabgacha ta'lim yoshida bo‘lgan bolalarning huquqiy himoya qilinishi, ayrim vaziyatlarda ularning ijtimoiy himoyada ekanligi masalasi bilan aynan Maktabgacha ta'lim vazirligi shug‘ullangani maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yakkasaroy tumanida joylashgan «Baby Univer» xususiy MTM tarbiyalanuvchisi 1,5 yoshli ​Davron Maxmudovning muassasa vakili tomonidan kaltaklanishi mazkur masalada vazirlikning vakolatlari chegaralanganini bildiradi. Gap shundaki, Davronning onasi vaziyatdan xabar topib, voqea haqida IIB xodimiga murojaat etgunga qadar, mutasaddilardan hech kim bu haqda qayg‘urmagan. Bevosita vazirlikka tegishli muassasada shunday vaziyat yuz berganda Maktabgacha ta'lim vazirligi tezkor harakatlanish huquqiga ega bo‘lishi lozim. Shuningdek, uning ijtimoiy himoya qilinishi davlat tomonidan kafolatlangani vazirlik harakatlarida ifoda etilishi lozim. O‘ylaymizki, MTV hozircha barcha ishlarni do‘ndirib qo‘ymayapti, lekin shu tarzda islohot va tashabbuslar davom etsa, albatta, vazirlik oldiga qo‘yilgan vazifaning uddasidan chiqadi.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid