O‘zbekiston | 20:20 / 02.10.2018
56638
2 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar ichimlik suvi uchun 100 foiz oldindan haq to‘lanishini ma'qullashdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati 16-yalpi majlis davomida ichimlik suvi ta'minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun 100 foiz oldindan haq to‘lanishini ma'qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 noyabrdagi «Suv ta'minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq davlat va xususiy uy-joy fondlarida ichimlik suv ta'minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari 100 foizlik haq to‘lash asosida ko‘rsatiladi. Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, bu joylarni ijaraga oluvchilarga suv ta'minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun oldindan 100 foizlik haq to‘lash amalga oshirilmagan taqdirda, suv ta'minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) tizimlaridan to‘liq uzib qo‘yishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullangan.

Senatorlar ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda ichimlik suv ta'minoti va kanalizatsiya xizmatlaridan debitor qarzdorlik 278 milliard so‘mdan oshiqni tashkil etadi. Bundan 227 milliard so‘mi aholi va 50,6 milliard so‘mi yuridik shaxslarga hissasiga to‘g‘ri keladi.

Eng katta qarzdorlik Toshkent shahri (55 milliard so‘m), Toshkent (46 milliard so‘m) va Namangan viloyatlariga (30 milliard so‘m) to‘g‘ri kelmoqda.

Mavzuga oid