Ekspertlar 24 soat ichida Toshkentda vaqtinchalik propiskani qanday olish mumkinligi haqida ma'lumot berishdi
«Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi mutaxassislari Toshkentda vaqtinchalik propiskani olish usullari haqida ma'lumot berishdi.
O‘zbekiston viloyatlarida yashayotgan va ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarining ko‘p qismi hayotida hech bo‘lmaganda bir marta Toshkent shahrida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish muammosiga duch kelgani shubhasiz.
Ko‘pchilikda ish, o‘qish yoki ishga aloqador safarlar munosabati bilan muayyan vaqt oralig‘ida boshqa bir shaharda yashash ehtiyoji tug‘iladi. Toshkent shahriga vaqtincha keluvchi fuqaroning shaharda bo‘lish muddati 5 kundan oshmasa, ro‘yxatdan o‘tish talab qilinmaydi.
Agar ushbu muddat 5 kundan ortiq bo‘lishi mo‘ljallangan bo‘lsa, 5 kun oralig‘ida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun mahalliy ichki ishlar bo‘limiga ariza berilishi lozim. Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 16 fevraldagi “Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlarida vaqtinchalik va doimiy ro‘yxatdan o‘tish haqida”gi 41-son qarorida bayon qilingan.
Ichki ishlar vazirligining statistik ma'lumotlariga ko‘ra Toshkent shahrida bir yil davomida o‘rtacha 500 000 nafar fuqaro vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tadi.
Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 iyuldagi “Ichki ishlar organlarining migratsiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3126 sonli qaroriga ko‘ra, 2018 yil 1 aprelda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) “Toshkent va Toshkent viloyatlarida ro‘yxatdan o‘tish” xizmati test tariqasida ishga tushirildi.
Toshkent shahrida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishning an'anaviy usuli
Vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish uchun Toshkent shahrining muayyan tumani Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga ariza berish lozim.
Zarur hujjatlar:
· IIV tomonidan tasdiqlangan shaklda ariza;
· pasport;
· shartnoma asosida harbiy sohada xizmat qiluvchi shaxslar uchun shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma yoki Qurolli kuchlar ofitserining shaxsni tasdiqlovchi guvohnomasi (kazarma yoki kemalarda yashamaydigan harbiy xizmatchilar uchun);
· 16 yoshga to‘lmaganlar uchun – tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va 35x45 mm o‘lchamdagi 2 ta rasm;
· uy egasining yashash joyi bilan ta'minlashi haqidagi arizasi (roziligi);
· uy hujjatlarining nusxasi;
· davlat bojini to‘laganlik haqidagi kvitansiya (Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi 533-sonli qaroriga muvofiq). Davlat boji - minimal ish haqining 2 % ga teng;
· uy yoki uning bir qismining ijarasi yoki uydan bepul foydalanish haqidagi notarial tasdiqlangan shartnoma nusxasi.
Agar ariza bergan fuqaro uy egasining yaqin qarindoshi bo‘lsa, uy yoki uning bir qismining ijarasi yoki uydan bepul foydalanish haqidagi notarial tasdiqlangan shartnoma nusxasi talab etilmaydi.
Ushbu holda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish uchun uy egasiga qarindoshlik darajasini tasdiqlaydigan hujjatlar taqdim etiladi.
Bosqichlari
1. Arizachi vaqtinchalik yashash joyidagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga (MvFRB ) barcha zarur hujjatlarni taqdim etadi;
2. MvFRB inspektori arizani qayd etadi, taqdim etilgan hujjatlarni belgilangan tartibda o‘rganadi va rasmiylashtiradi, shu kunning o‘zidayoq Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi ma'lumotnomani beradi.
Agar Toshkent shahriga kelgan kishida biron sababga ko‘ra ruxsat berilgan muddatdan uzoqroq muddatga qolish zarurati tug‘ilsa, MvFRB bo‘limiga quyidagi tartibda qayta ariza berishi lozim.
Ikkinchi va undan keyingi hisobga turish:
1-bosqich. Fuqaro kerakli hujjatlarni hisobga olish muddati tugashidan 15 kun oldin MvFRBga berishi lozim.
2-bosqich. Arizani qayd etib, taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib va rasmiylashtirganidan so‘ng MvFRB 15 kun ichida ruxsat berish yoki rad qilish haqida qaror chiqaradi.
3-bosqich. Ijobiy xulosa olinganidan keyin MvFRB ro‘yxatdan o‘tganlik haqida ma'lumotnomani takroran beradi, rad etilgan holda esa arizachiga IIB tomonidan o‘rnatilgan muddatda Toshkent yoki Toshkent viloyatidan chiqib ketish majburiyati haqida ogohlantiriladi.
Ushbu xizmat my.gov.uz portalining “Fuqarolik” bo‘limida test rejimida ishga tushirilgan.
Toshkentda ro‘yxatdan o‘tish uchun elektron tarzda ariza berish
Hozirgi paytda “Toshkentda va Toshkent viloyatida tashrif joyida ro‘yxatdan o‘tish” xizmati optimallashtirilgan holda YaIDXPda test rejimida ishlayapti. Shuning uchun, arizachi (ijara haqidagi shartnomasi bo‘lmasa) quyidagicha holatlarda an'anaviy tarzda xizmatdan foydalanadi:
· arizachi uy egasining yoki ushbu uyda doimiy ro‘yxatda bo‘lgan yashovchining yaqin qarindoshi bo‘lsa;
· Toshkentga yoki Toshkent viloyatiga ishga aloqador safarlar, o‘qish, ta'til, malaka oshirish, davolanish munosabati bilan tashrif buyurgan bo‘lsa.
Ushbu xizmatdan elektron tarzda foydalanish uchun OneID tizimida ro‘yxatdan o‘tish lozim. Shundan keyin YaIDXPda avtorizatsiya qilinadi va “Fuqarolik” bo‘limida joylashgan xizmatdan foydalaniladi.
Onlayn tarzida xizmatdan foydalanish uchun elektron shaklni to‘ldirish va quyida keltirilgan ma'lumotlarni kiritishi lozim bo‘ladi.
Onlayn tarzda xizmatdan foydalanish bosqichlari:
1-bosqich. Uy egasi YaIDXPdan foydalanuvchilar safiga qo‘shilishi va YaIDXPdan foydalanganda amal qilinadigan tartib-qoida bilan tanishib, unga amal qilish majburiyatini zimmasiga oladi va xizmatdan foydalanishga o‘tadi.
2-bosqich. Uy egasi o‘zini “men uy egasiman” deb belgilaydi.
3-bosqich. Tizim avtomatik tarzda shaxsiy ma'lumotlarni to‘ldiradi. Arizachi uni “Kadastr raqami”, “Jismoniy shaxsning shaxsiy raqami (JShShR)”, “Vaqtinchalik ro‘yxatda turish muddati” ma'lumotlari bilan to‘ldirilishi zarur.
4-bosqich. Arizachining 16 yoshga to‘lmagan farzandlari bo‘lsa, ularni ham vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish zarurati tug‘ilsa, bolalar haqida quyidagi ma'lumotlar kiritiladi:
· familiya, ism, otasining ismi;
· tug‘ilgan yili;
· tug‘ilgan joyi;
· qarindoshlik darajasi.
5-bosqich. Uy egasiga maxsus kod beriladi (invoys). Ushbu kodni u vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tuvchiga berishi lozim, chunki shu bosqichdan keyin arizani to‘ldirish uy egasidan ro‘yxatdan o‘tgan shaxsga o‘tadi.
6-bosqich. Invoysni uy egasidan olgandan keyin vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan shaxs YaIDXPda avtorizatsiyadan o‘tadi va xizmatga kiradi. Birinchi bo‘lib, ro‘yxatdan o‘tgan shaxs uy egasi kabi YaIDXPdan foydalanish qoidasi bilan tanishib chiqish shartlarini qabul qiladi.
7-bosqich. Fuqaro o‘zini “men uy egasimasman” deb belgilaydi.
8-bosqich. Keyingi bosqichda, ro‘yxatdan o‘tuvchi uy egasidan olingan invoysni kiritib, rasmdagi kodni kiritib, autentifikatsiyadan o‘tishi lozim.
9-bosqich. Invoysni kiritgandan so‘ng tizim ro‘yxatdan o‘tadigan shaxs arizasining maxsus shaklini yaratadi, bu jarayonda tizim avtomatlashgan holda barcha zaruriy ma'lumotlarni Ichki ishlar vazirligining idoraviy ma'lumotlar bazalaridan oladi.
10-bosqich. Ro‘yxatdan o‘tadigan shaxs ro‘yxatdan o‘tish maqsadi, sanasi, ish faoliyati va doimiy turar joyini ko‘rsatishi lozim. Kelishuv shartlarini tasdiqlashi zarur.
11-bosqich. Ariza to‘liq to‘ldirilgandan keyin ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun “Pasport viza” tizimiga yunaltiriladi.
12-bosqich. Ijobiy xulosa chiqarilgan holatlarda MvFRB tomonidan, uy egasining va ro‘yxatdan o‘tuvchi shaxsning shaxsiy kabinetiga, muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi elektron hujjat yuboriladi.
Ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi hujjatning elektron nusxasi, asl nusxaga tenglashtiriladi va huquqiy hujjat hisoblanadi. Hujjatning haqiqiyligini pastki qismida joylashgan QR-kod orqali aniqlash mumkin.
Davlat xizmatini optimallashtirish natijalari
Xizmat quyidagi bandlar bo‘yicha optimallashtiriladi:
· ko‘p sonli hujjatlarni yig‘ish va uy egasi bilan birgalikda MvFRBga borish talab etilmaydi;
· ortiqcha xarajat va sarsongarchiliklar uchun zarurat qolmaydi;
· ro‘yxatdan o‘tish esa 5 ish kunidan 1 ish kuniga qisqartiradi.
Hozirgi paytda ushbu xizmat test rejimida ishlamoqda va undan foydalanishda yengillik yaratish uchun takomillashtirish bosqichida turibdi. Shu munosabat bilan xizmatni taqdim etishda foydalaniladigan ma'lumotlar bazasi, xususan, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Adliya vazirligi (AIS «Notarius») va Ichki ishlar organlarning idoralararo axborot tizimlarining ma'lumotlar bazalari inventarizatsiya qilinmoqda va to‘ldirilmoqda. Tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlar tugatilganidan keyin va mazkur davlat xizmatining barcha mavjud kamchiliklari aniqlanib, tuzatilganidan so‘ng u butun mamlakat bo‘ylab to‘liq ishga tushiriladi.
Ichki ishlar organlarning xizmatlarini Axborotlashtirishning navbatdagi bosqichi
Yuqorida bayon qilingan ma'lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Ichki ishlar organlarida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish xizmati an'anaviy usuldan elektron ko‘rinishga jadal qadamlar bilan o‘tkazilmoqda.
Yuqorida ta'riflangan YaIDXPda ishga tushirilgan xizmatdan tashqari turar joy haqidagi ma'lumotlarni olish hamda kishining sudlangan yoki sudlanmaganligi to‘g‘risida ma'lumot olish kabilarning elektron shaklga o‘tkazilganligini tasdiqlab turibdi. Turar joy haqida ma'lumot olish xizmati ishga tushirilgandan so‘ng undan 3500dan ziyod kishi foydalangan, sudlangan yoki sudlanmaganlik haqidagi ma'lumotlar xizmatidan esa 2000 nafar fuqaro foydalangan.
Ichki ishlar organlari xizmatlari sifatini oshirish uchun yana ko‘plab sohalarga YaIDXPda va davlat xizmatlari markazlarida elektron xizmatlarni joriy qilish rejalashtirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Ichki ishlar organlarining texnologik rivojlanishi, ular faoliyatining raqamlashtirilishi huquqiy tartibni saylash, xavfsizlikni ta'minlash hamda fuqarolarning huquqlarini jinoiy tajovuzlardan himoya qilish bo‘yicha ishlarning samaradorligini oshiradi.
Mavzuga oid
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
17:26 / 08.11.2024