O‘zbekiston | 10:44 / 04.10.2018
31182
3 daqiqa o‘qiladi

“Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi

2018 yil 4 oktabrdan boshlab “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni kuchga kirdi, deb yozmoqda Adliya vazirligi kanali.

Endilikda, quyidagi jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalarni chekishga yo‘l qo‘yilmaydi:

• statsionar savdo obektlarida, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalarida, bundan chilim va elektron sigaretalar chekish uchun maxsus ajratilgan xonalar mustasno;
• kinoteatrlarda, teatrlarda, sirklarda, konsert, ko‘rik va ko‘rgazma zallarida hamda ommaviy dam olish uchun mo‘ljallangan boshqa yopiq inshootlarda;
• klublarda, diskotekalarda, kompyuter zallarida, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalarda yoxud boshqa ko‘ngilochar (bo‘sh vaqt o‘tkaziladigan) joylarda;
• muzeylarda, axborot-kutubxona muassasalarida;
• mahalliy va uzoqqa qatnaydigan poyezdlarda, shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarning vagonlarida (shu jumladan tamburlarida), daryo kemalarida, shaharda, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro qatnaydigan avtobuslarda, taksilarda, yo‘nalishli taksilarda hamda shahar elektr transportida, shuningdek havo kemalarida;
• yer osti o‘tish joylarida, transport bekatlarida va avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylarida;
• aeroportlarning, temir yo‘l, avtomobil vokzallarining va suv transporti bekatlarining binolarida;
• davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning binolarida;
• sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari va tashkilotlarida, ta'lim muassasalarida, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida;
• ish joylari bo‘lgan xonalarda;
• ko‘p kvartirali uylarning yo‘laklarida, shuningdek uylar oldi hududida joylashgan bolalar va sport maydonchalarida;
• xiyobonlarda, bog‘larda, ko‘chalarda va boshqa jamoat joylarida.

Chilim va elektron sigaretalar chekishni reklama qilish, ya'ni chilim va elektron sigaretalar chekish usullari va yo‘llari, shuningdek ularni olish joylari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tarqatishga qaratilgan faoliyatga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chilim va elektron sigaretalar chekishni targ‘ib qilish, ya'ni chilim va elektron sigaretalarni chekishni rag‘batlantiruvchi, shaxsda ularni iste'mol qilishning zararsizligi haqidagi tasavvurni shakllantiruvchi g‘oyalar, qarashlar va badiiy obrazlarni ochiq yoki yashirin shaklda tarqatishga qaratilgan harakatlar taqiqlanadi.

Mavzuga oid