Jahon | 22:33 / 05.10.2018
47381
2 daqiqa o‘qiladi

Xarobalarda yashovchi pokistonlikning hisob raqamida milliardlab pul topildi  

Foto: RIA Novosti / Natalya Seliverstova

Pokistonlik tergovchilar Karachi shahrida yashovchi muzqaymoq sotuvchisining bank hisob raqamida milliardlab rupiylarni aniqlashdi. Qizig‘i, sotuvchining o‘zi bundan bexabar bo‘lgan.  

Kuniga 4 dollar topadigan Muhammad Abdulqodir ismli ushbu shaxsning hisob raqamida 2,3 mlrd Pokiston rupiysi (18,6 mln dollar) bor bo‘lgan. Erkakning aytishicha, u bu pullardan bexabar bo‘lgan, hisob raqam esa shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi asosida ochilgan.

“Men dunyodagi eng omadsiz insonman. Hisob raqamimda shuncha pul borligini bilganimda, pullar u yerda yo‘q edi”, deb aytgan erkak.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari erkak haqiqatan ham ushbu pullarga aloqasi yo‘qligi haqidagi qarorga kelishgan, chunki u savodsiz bo‘lgani sababli hattoki hujjatlarni imzolay olmagan.

Tergov davomida shunga o‘xshash yana 77 ta hisob raqam aniqlangan. Bu hisob raqamlar orqali umumiy hisobda 280 mln dollardan ko‘proq pul o‘tgan. Ushbu pul yuvish sxemasini tuzishda Pokistonning sobiq prezidenti Asif Ali Zardariy gumon qilinmoqda.

Mavzuga oid