Sport | 18:37 / 08.10.2018
25249
5 daqiqa o‘qiladi

Paraosiyo o‘yinlarida 2-kun: O‘zbekiston 3-o‘ringa ko‘tarildi, Osiyo va jahon rekordlari yangilandi

Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida III Paraosiyo o‘yinlari davom etmoqda. Musobaqalarning ikkinchi kunida O‘zbekiston vakillari sportning yengil atletika, dzyudo, pauerlifting va suzish kabi turlarida 17 ta medal – 11 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza qo‘lga kiritishdi.

8 oktabr kuni tongida yengil atletikachilar - Kamolaxon Abdullayeva (uzunlikka sakrash, 4,71 m), Aleksandr Svechnikov (nayza uloqtirish, 67,92 m) va Sofiya Burxanova (yadro uloqtirish, 14,59 m) O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga navbatdagi oltin medallarni qo‘shib qo‘yishdi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi
Aleksandr Svechnikov  / Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Qayd etish lozimki, Kamolaxon Abdullayeva Paraosiyo o‘yinlarida ayollar o‘rtasida uzunlikka sakrash bo‘yicha chempionlikni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik dastlabki sportchi bo‘ldi.

Kamolaxon Abdullayeva / Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Bugun gilamga chiqqan to‘rt nafar o‘zbekistonlik dzyudochining barchasi shohsupaga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi.

Erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda Sherzod Namozov (-60kg) va O‘tkir Nig‘matov (-66kg) oltin, ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda esa Lobar Hurramova (-48kg) kumush, Sevinch Sallayeva (-52kg) bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Sherzod Namozov / Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti
O‘tkir Nig‘matov / Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti
Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Dzyudo bo‘yicha bahslardan biroz o‘tib, yadro uloqtirish musobaqalari ham yakuniga yetdi. Unda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Husniddin Norbekov 16,35 m natija qayd etdi va jahon rekordini o‘rnatdi.

Husniddin Norbekov / Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Shundan so‘ng esa nayza uloqtirish bahslarida qatnashgan Roziya Ergasheva 34,10 natija qayd etdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. 200 metrga yugurish yo‘nalishida startga chiqqan Sabina Suxanova esa marraga uchinchi bo‘lib yetib bordi va bronza medaliga ega chiqdi.

Pauerliftingda -55kg vazn toifasida bahslarda qatnashgan Roza Qo‘ziyeva 113 kg natija qayd etdi va delegatsiya hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.

Musobaqalarning birinchi kunida suzish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining 4 a'zosi 2 ta oltin va 2 ta kumush medallarni qo‘lga kiritgan edi. Ushbu sport turidagi muvaffaqiyatli yurish bugun ham davom ettirildi.

100 m masofaga erkin usulda S13 yo‘nalishida suzish bahslarida O‘zbekistonning 5 nafar sportchisi bugungi final musobaqalarida ham sovrindor bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda shohsupaga ko‘tarilgan uchala sovrindor ham O‘zbekiston vakillari bo‘ldi: Islom Aslanov oltin, Muzaffar Tursunxo‘jayev kumush va Dmitriy Xorlin bronza medali sohibi bo‘lib, bir vaqtning o‘zida mamlakatning 3 ta bayrog‘i baland hilpirashiga erishishdi. Diqqatga sazovor jihati, Aslanov marraga birinchi bo‘lib yetib kelish barobarida Paraosiyo o‘yinlari rekordini (51:71 soniya) ham o‘rnatdi.

Xuddi shu yo‘nalishda ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda Fotima Omilova oltin (58,66 soniya natija bilan Paraosiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatdi), Shohsanam Toshpo‘latova kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, kechagi musobaqalarda oltin olgan Dmitriy Xorlin 400 m masofaga suzish bahslarida barcha raqiblarini ortda qoldirish bilan birga Osiyo rekordini o‘rnatgan edi.  U o‘z chiqishini 4 daqiqa 9,23 soniyada yakunlab, qit'a rekordini yangiladi. Bundan avvalgi rekord 4 daqiqa 26,98 sekundni tashkil etgan edi.

Shu tariqa, suzish bahslarida jami 9 ta medal O‘zbekiston terma jamoasi a'zolariga nasib etdi.

O‘ngdan birinchi - Dmitriy Xorlin
Foto: Paralimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

200 metrga yugurish bahslarida marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan Doniyor Ahmedov (22,79 soniya) kunni O‘zbekiston delegatsiyasi uchun oltin medal bilan yakunlab berdi.

Endilikda O‘zbekiston hisobidagi medallar soni 21taga yetdi - 13 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza. Medallar sifati bo‘yicha mamlakatimiz umumjamoa hisobida 3-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Paraosiyo o‘yinlari 13 oktabrga qadar davom etadi.

Mavzuga oid