Jahon | 10:57 / 09.10.2018
34180
3 daqiqa o‘qiladi

«Harbiy shifokor va GRU zobiti». «Aleksandr Petrov»ning haqiqiy ismi ma'lum qilindi

Solsberidagi zaharlash bilan bog‘liq holatda gumonlanayotgan «Aleksandr Petrov» GRU zobiti Aleksandr Mishkin bo‘lib chiqdi. Bu haqda The Insider internet-nashri va Bellingcat tadqiqot guruhining qo‘shma tekshiruvida aytiladi.

Foto: EPA 

Bellingcat’ning yozishicha, Mishkin 1979 yil 13 iyulda Arxangelsk oblastining Loyga qishlog‘ida tug‘ilgan, eng nufuzli harbiy tibbiy akademiyalardan birini tamomlagan, u yerda Rossiya harbiy-dengiz floti uchun harbiy shifokor kasbini egallash uchun tahsil olgan. Bellingcat ma'lumotlariga ko‘ra, Mishkin o‘qish paytida GRU xizmatiga kirgan va 2010 yilda Moskvaga ko‘chib o‘tgan.

Nashrdan bildirilishicha, Moskvada Mishkin Xoroshevskiy shosse, 76-b uyda ro‘yxatdan o‘tgan - bu manzil Rossiya Mudofaa vazirligi Bosh shtab Bosh boshqarmasining qarorgohi manziliga to‘g‘ri keladi (sobiq GRU).

Bi-bi-si bu ma'lumotni rossiyaliklar shaxsiy ma'lumotlari bazalari biridan tasdiqlatib oldi.

Moskvaga ko‘chib o‘tish va «Aleksandr Petrov»ga aylanishdan oldin Mishkin Kirov nomidagi Harbiy tibbiyot akademiyasida o‘qigan bo‘lishi mumkin. 2007 yilda Mishkin Sankt-Peterburgda, Akademik Lebedev ko‘chasi, 12-uy manzili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan - bu akademiya yotoqxonasidir. Peterburgda u pasport va shaxsiy hisob raqami sug‘urtasini olgan.

Kirov nomidagi Harbiy tibbiyot akademiyasi - Rossiyada harbiy shifokorlarni professional tayyorlash bo‘yicha asosiy markaz. Akademiyada oltita harbiy tayyorgarlik fakulteti va bitta oddiy shifokorlarini tayyorlash hamda malakasini oshirish fakulteti mavjud. Harbiy xizmatchilar uchun oltita fakultet orasida harbiy-dengiz floti uchun shifokorlar tayyorlash fakulteti ham bor.

Rossiya Mudofaa vazirligi veb-saytida ko‘rsatilishicha, akademiya kursantlari sohil obektlari va atom energetika qurilmalariga ega kemalarda radiatsiya xavfsizligini ta'minlash, harbiy-dengiz flotining turli obektlarida radiatsiya avariyalari oqibatlarini bartaraf etishning tibbiy jihatlariga ham o‘qitiladi.

O‘z navbatida, London politsiyasi The Insider va Bellingcat nashrlarining xabariga izoh berishdan bosh tortdi, deya ma'lum qildi Reuters.

«Biz ularning gumondor shaxslar mavzusi bo‘yicha taxminlariga izoh bermaymiz», - deyiladi bayonotda.

Reuters’ning ta'kidlashicha, avvalroq Britaniya politsiyasi Skripallarni zaharlashda gumon qilinayotgan Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov taxallusdan foydalanganliklari haqida ma'lum qilgan.

Mavzuga oid