Sport | 13:26 / 15.10.2018
72232
3 daqiqa o‘qiladi

Murod Xonto‘rayev ozodlikka chiqarildi

Foto: Instagram/kxanturaev

2018 yil 12 oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida sudlanuvchilar Murod Xonto‘rayev, Doniyor Vahobov va Ilhomjon Parpiyevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mazkur jinoiy ish sudya Temur Qosimov raisligida ko‘rib chiqildi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, M.Xonto‘rayevni, D.Vahobovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (“Bezorilik”) 3 qismi “a” bandi, I.Parpiyevni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) 1 qismi va 277-moddasi (“Bezorilik”) 2 qismi “a”, “b”, “v” bandlarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topdi.

Sud O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va jinoyat qonunchiligida o‘zining teran ifodasini topgan insonparvarlik, bag‘rikenglik va adolat tamoyillaridan kelib chiqib, sudlanuvchilarga jazo tayinladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi M.Xonto‘rayevga eng kam oylik ish haqining 94 barobari miqdorida jarima jazosi, D.Vahobovga 3 yil 8 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi, I.Parpiyevga oylik ish haqidan 20 foiz davlat foydasiga ushlab qolgan xolda 2 yil 1 oy 24 kun muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Sudlanuvchilarga jazo tayinlashda ular istiqomat qiluvchi mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan taqdim etilgan o‘z kafilligiga olish haqidagi xatlari inobatga olindi.

Shuningdek, sud tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Murod Xonto‘rayev bir qator shaxslar bilan birgalikda 21 iyunga o‘tar kechasi Yunusoboddagi tungi klublardan birida «jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzgan, tartibsizlik qilgani» haqida xabar berilgandi.

Uning o‘zi tan jarohati (ko‘kragiga pichoq bilan zarba berilgan) bilan Yunusoboddagi 7-kasalxona (sobiq 17-shahar kasalxonasi)ga yotqizilgan, keyingi kuni militsiya tomonidan olib ketilgan.

Ma'lumot uchun, Xonto‘rayev 1987 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ayni paytda u Toshkent shahridagi G. V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti filialining 3-kurs talabasi. Oilali va ikki nafar farzandi ham bor.

Mavzuga oid