Iqtisodiyot | 10:44 / 15.10.2018
10018
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 42,8 mingta korxona va tashkilotlar yangi tashkil etildi 

Foto: iStock

2018 yilning yanvar-sentabr oyida Respublikada 42,8 mingtaga yaqin korxonalar va tashkilotlar yangi tashkil etildi, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,0 mingtaga ko‘pdir, deb xabar bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi.

Shuningdek, faoliyati tugatilgan korxona va tashkilotlarning soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 39,3%ga kamaygan hamda ularning soni 6,6 mingtani tashkil etganligini kuzatish mumkin.

Buning natijasida joriy yilning boshiga nisbatan faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar soni 31,1 mingta (10,9%)ga o‘sgan hamda ularning umumiy soni 316,7 mingtani tashkil etgan.

Faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar va tashkilotlarning asosiy ulushi Toshkent shahrida 21,3%, Toshkent 9,6%, Farg‘ona 9,0% va Andijon 8,5% viloyatlarida kuzatilmoqda.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha jami faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarning umumiy soniga nisbatan 21,9% savdoda, 17,4% sanoatda, 8,9% qurilishda, 7,6% qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida, 6,1% yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda, 4,1% tashish va saqlash, 2,2% axborot va aloqa, 2,1% sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va 29,7% boshqa faoliyat turlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

2018 yil yanvar-sentabr holatiga 42 796ta korxonalar va tashkilotlar yangi tashkil etilgan. Bu esa 2017 yilning shu davriga nisbatan 30,6%ga ko‘pdir. 

Eng ko‘p yangi tashkil etilgan korxonalar va tashkilotlar Toshkent shahrida (9420ta), Toshkent (4200ta), Samarqand (3641ta) va Farg‘ona (3445ta) viloyatlarida tashkil etilgan. Eng kam Sirdaryo (1172 ta), Navoiy (1641ta) hamda Xorazm (1775ta) viloyatlarida tashkil etilgan.

Agar iqtisodiy faoliyat turlari kesimida ko‘rsak eng ko‘pi savdoda (8804ta), sanoatda (8538ta), qurilishda (4928ta) va qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida (4533ta) sohalarida tashkil etilgan. Eng kami esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda (937ta), axborot va aloqada (945ta) hamda tashish va saqlashda (1528ta) tashkil etilganligi kuzatilmoqda.

2018 yil 1 oktabr holatiga 259,2 ming tijorat shaklidagi korxonalar va tashkilotlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, shundan xususiy korxonalar – 72,4 mingta, oilaviy korxonalar – 14,7 mingta, mas'uliyati cheklangan jamiyatlar – 164,3 mingta, va boshqalar 7,8 mingtani tashkil etadi.

Mavzuga oid