Mark Uins O‘zbekistonda: O‘zbek milliy taomlari mashhur fud-blogerni lol qoldirdi (video)
Eng mashhur fud-blogerlardan biri Mark Uins O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining qo‘llab-quvvatlashi ostida O‘zbekistonga tashrif buyurdi va mamlakatimizning diqqatga sazovor joylarida bo‘ldi. Bloger gastronomik turizmni targ‘ib qilishi bilan tanilgani bois dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgan va u yerlarning milliy taomlaridan tatib ko‘rib, o‘z taassurotlari aks etgan videolavhalarni folloverlari bilan bo‘lishgan.
Blogerning YouTube sahifasida uning oilasi bilan Toshkent shahrida bo‘lgani va o‘zbek taomlarini tanovul qilib, ularga baho berganini ko‘rish mumkin.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Marketing tadqiqotlari boshqaruvi va milliy turistik mahsulot targ‘iboti bo‘limi rahbari Behruz Hamzayev boshchiligidagi gastronomik sayohat davomida Mark Uinsga o‘zbekistonlik fud-bloger Ravshan Hojiyev ham hamrohlik qilgan. Ular birgalikda poytaxtdagi osh markazi, Chorsu bozori va zamonaviy restoranlardan birida bo‘lib, mazali o‘zbek milliy taomlarini tanovul qilishadi.
KUN.UZ muxbiri qo‘mita vakili Behruz Hamzayev bilan bog‘lanib, bloger tashrifiga doir tafsilotlarga qiziqish bildirdi.
"Bugungi kundagi jahon trendlarini inobatga olgan holda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Umarovning qo‘llab-quvvatlashi ostida Mark Uinsni O‘zbekistonga taklif qildik. Mark O‘zbekistonga kelib, yurtimiz haqida juda zo‘r taassurotlar bilan ketdi. Eng avvalo, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va milliy taomlarimizning mazasi uni lol qoldirdi. Shu bilan birga, tarixiy obidalarimiz unga juda manzur bo‘ldi. Uni hashamatli joylarga emas, oddiy odamlar ovqatlanadigan joylarga olib bordik, ya'ni haqiqiy hayotni ko‘rsatdik. Sayyohlar haqiqiy hayotni ko‘rgani keladi, biz ularni hashamatli restoranlar bilan hayratlantira olmaymiz, zero ular bunday joylarni ko‘p ko‘rgan. Biz Markka hamyonbop, el qatori hayotni ko‘rsatdik", - deydi u.
Qo‘mita vakilining so‘zlariga ko‘ra, tashrifga qadar Mark O‘zbekiston haqida deyarli hech qanday ma'lumotga ega bo‘lmagan, lekin sayohatdan so‘ng uning mamlakatimiz haqidagi fikri 180 darajaga o‘zgargan. U bunga qadar juda ko‘p davlatlarda bo‘lgani, lekin o‘zbek milliy taomlarining mazasi boshqalarnikidan butkul farqlanishini ta'kidlagan.
Mark Uins shuningdek yurtimiz odamlarining ochiqko‘ngil va bag‘rikengligidan chuqur ta'sirlangan, zero uning aytishicha, hamma yerda ham taomlarning mazasini shunchaki tatib ko‘rishga ruxsat berilmaydi, O‘zbekistonda esa bundan hech qanday muammo bo‘lmagan.
Ta'kidlash joizki, Markning Toshkent shahriga tashrifi aks etgan videoni 24 soat ichida yarim million follover tomosha qilgan, fud-blogerning aytishicha, bunaqasi birinchi marta qayd etilgan. Boshqa mamlakatlarga safari davomida olingan videolar odatda 2-3 haftada bunday natijaga ega bo‘ladi. Video ostidagi izohlarning juda ko‘pligi va ijobiyligi ham ushbu safarning besamar ketmaganini tasdiqlaydi.
Yaqin kunlarda O‘zbekistonga yana bir mashhur blogerning tashrifi kutilmoqda. Hatto qishda ham qishki turizmni rivojlantirish uchun taniqli blogerlar tashrifi tashkillashtiriladi. Umuman, bu yo‘nalishda rejalar va tashabbuslar talaygina, biroq bu haqida keyingi maqolalarda...
Ma'lumot uchun: Mark Uins- eng mashhur fud-blogerlardan biri, ijtimoiy tarmoqlarda uning 5 millionga yaqin obunachilari bor. U AQShda tug‘ilgan, ayni damda turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li bilan Tailandda istiqomat qiladi.