Kuper va Simeone. Navbatdagi sinov oldidan
Bir qaraganda, «Atletiko» – top-klub emas, shuning uchun jamoa qatnashayotgan har qanday turnirda bosim ostida qolmaydi. Moliyaviy imkoniyatlar va masshtab bo‘yicha, «Real», «Barselona» yoki APL jamoalaridan sezilarli orqada, to‘g‘ri, ammo bugunga kelib, madridliklarni masalan, «Sevilya» yoki «Valensiya» bilan ham tenglashtirmagan bo‘lardim. Ya'ni, «jamoa deyarli «Sevilya» darajasidagi klub, lekin Simeonening mahorati va jamoaning doimiy ravishda bir bosh balandga sakrayotgani tufayli top-klublar qatorida yuradi» demagan bo‘lardim.
To‘rt yil oldingi chempionlik qaysidir ma'noda bo‘ydan baland sakrash bo‘lganini inkor qilmagan holda, bugungi «Atletiko»ning mavqei, transferlar bozoridagi harakatlari «Sevilya» yo «Valensiya»dan katta farq bilan oldinda ekanini ko‘rsatadi. Antuan Grizmanndek futbolchini «Real» va «Barselona» tumshug‘i ostida shu paytgacha o‘z safida saqlab qola olish faqat top-klubning qo‘lidan keladi. Birgina futbolchi uchun (Lemar) 80 milliondan voz kechish faqat top klublarga xos, ya'ni bugungi «Atletiko» – tom ma'nodagi top-klub.
«Sevilya» va «Valensiya» bir transfer oynasida bir necha futbolchi uchun ham 80 million sarflay olishmasdi. Grizmann uyoqda tursin, Langle yoki Kanselu kabi bir mavsum chaqnagan iqtidorli futbolchilarni saqlab qolish ham yuqoridagi jamoalar uchun katta muammo.
Yevropa osmonida chaqnagan yulduz futbolchilar bozorida «Atletiko» nomining deyarli tilga olinmasligi, ya'ni yulduzlarni jalb qilish bo‘yicha madridliklar «Real», «Barselona» yoki APL klublari kabi faol ko‘rinmasligining sababi esa, boshqa. Bu yerda Simenoning o‘ziga xos murabbiylik qarashlari katta ahamiyat kasb etadi.
Gap pulda emas, Simeonega ham Mourinoga berilayotgan pulni berishlari mumkin, ammo argentinalik mutaxassis shunaqa holatda ham Pogbaga emas, Rodriga xaridor bo‘lishiga ishonaman. Ya'ni, «Atletiko»ning go‘yoki kamtarona transfer siyosati yetishmovchilikdan emas, Simeonening futbolga bo‘lgan qarashidan kelib chiqadi. Agar gap narx ustida bo‘lganida, yuqorida tilga olingan Lemar o‘rniga arzonroq variant izlanardi. Ammo Simeone bu futbolchiga qiziqdi – klub «Arsenal» va «Chelsi»ni ortda qoldirib, fransiyalik yulduzni sotib oldi.
Simeone maydonda har qanday ish qo‘lidan keladigan yulduzni emas, maydonda uning aytganlarini bajara oladigan ijrochini qidiradi. Bunday maxsus qidiruv natijasi siz-u bizga tanish bo‘lmagan futbolchi bo‘lib chiqishi ehtimoli ham shuning uchun baland.
Boshqa yo‘l ham yo‘q, «Atletiko» va Simeone dunyo grand jamoalariga bir qarshilik o‘laroq maydonga chiqdi, ba'zi frontlarda ular ustidan g‘alaba ham qozondi. Bunday natijalar faqat va faqat farqliroq bo‘lgan murabbiy qarashi va uslubi yordamida amalga oshishi mumkin edi xolos. Simseone uslubining deyarli bir tizimga aylangani esa, «Atletiko» umrini uzaytirmoqda. O‘z navbatida, jamoa rahbariyati muhim futbolchilarni saqlab qolishda katta ish qilishmoqda, zero bir yillik chaqnashdan keyin bir qator ahamiyatli futbolchilarini yo‘qotgan «Lester» kabi taqdirdan qutulib qolish oson emasdi.
Bu mavzuning Kuperga aloqador jihati, u ham bir paytlar, murabbiy sifatida dunyoga tanilgan paytda, xuddi shu ishni qilgandi. Ya'ni, yovvoyi «Barselona» va galatikos «Real»ga qarshi o‘ziga xos uslub bilan yorib chiqqan «Valensiya» Kuper boshchiligida ikki marta Yevropa Chempionlar Ligasi finalida o‘ynagan, keyinroq, boshqa murabbiy bilan La Ligani ham yutib olgan.
O‘sha «Valensiya» bugungi «Atletiko»dan biroz chiroyliroq o‘ynagandek tuyular, balki har bir futbolchisi yanada yorqinroq chaqnagandek eslanar, bo‘lishi mumkin. Lekin o‘xshashlik o‘ziga xoslikda, zero o‘sha davrlarda «Valensiya»da porlagan biror futbolchi keyinchalik, boshqa jamoalarda o‘sha darajaga chiqa olmadi. Gaiska Mendeta avval «Latsio», keyin «Barselona»da o‘zini ko‘rsata olmay, Angliyada izini yo‘qotdi. Klaudio Lopes deganda hamma «Latsio»ni emas, «Valensiya»ni eslaydi. Kili Gonsales «Inter»da aynan Kuper boshchiligida to‘p surgan bo‘lsa-a, eski Kili kuchliroq bo‘lgan. Visente va Baraxa Valensiyada 2010 yillargacha to‘p surishgan bo‘lsa-da, bu futbolchilarni beixtiyor o‘sha asr boshlaridan qidiramiz. Va hokazo.
Ektor Kuper bu fikrlarimni Ispaniyadan O‘zbekistonga ko‘chirishimga o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi. Argentinalik murabbiy sentabrdagi yig‘inlarda ko‘pgina futbolchilardan norozi bo‘lgani va kerak bo‘lsa, butunlay boshqatdan tarkib tuzishi ham mumkinligi haqida ham o‘ylab ko‘rganini eshitgandim. Kechagi yig‘inlar va ikki o‘rtoqlik o‘yini juda ko‘p muxlislarga, tabiiyki, Kuperga ham jarayonning ijobiy tomonga siljiyotganidan darak bergani shubhasiz. Bir narsa aniqki, futbolchilar murabbiyning nima demoqchi bo‘lganini tushuna boshladi, qaysidir ma'noda Kuper va futbolchilar o‘rtasida muloqot shakllandi.
«Avvalo tartib va tartib, Misrda hatto Salohga ham istagancha dribling amalga oshirishga ruxsat yo‘q edi, bir yoki ikki futbolchini aldab o‘tgandan keyin to‘p oshirish kerak bo‘lgan» – marhamat, dastlabki o‘yinda u qadar ishonchli ko‘rinmagan va almashtirilgan Odil Ahmedov kecha so‘nggi yillardagi eng yaxshi o‘yinchilaridan birini o‘tkazdi.
«Hech kimga termadan joy kafolatlanmagan, bugun maydonga tushayotgan futbolchi ertaga, bugungi formasida bo‘lmasa, chetda qoladi yoki aksincha» – marhamat, avvalgi o‘rtoqlik o‘yinlaridan farqli ravishda, vakillarimiz so‘nggi daqiqalargacha pressingni pasaytirishmadi, juda ko‘p yugurishdi, har ikki o‘yinda ham aynan so‘nggi o‘n daqiqa raqibdan ancha kuchli o‘yin namoyish qilishdi.
Klubda maydonga tushganiga qaramay, jarohat tufayli yig‘inlarga kelmagani aytilayotgan Vitaliy Denisov ham murabbiy uchun oddiy nomzod ekani bildirildi. Uning o‘rniga maydonga tushgan Oleg Zoteyev eng yaxshilardan biri bo‘ldi. Bu holat qanaqadir jihatdan 2010 yilda Jasur Hasanov bilan bog‘liq bir vaziyatni yodga solmoqda. Esingizda bo‘lsa, o‘sha payt terma jamoa boshqaruviga yangi kelgan Vadim Abramov so‘nggi yillarda, oldingi murabbiylar paytida terma jamoaning almashtirib bo‘lmas yulduzi sanalgan Jasur Hasanov va Aziz Haydarovni yig‘inga jalb etmadi. Abramov o‘shanda Hasanovni telefonda topa olmaganini, Haydarov haqida esa, futbolchi avval termada o‘ynashni qay darajada istayotganini o‘zi uchun aniqlab olishi kerakligini aytgandi.
Natijada, chet elda to‘p surayotgan Hasanov bilan «Futbol sharhi» ko‘rsatuvi bog‘langan, Aziz Haydarov esa, aynan shu masalada hatto matbuot anjumani tashkil qilib yuborgan. Abramovning o‘qi nishongan tekkan, murabbiy shu tariqa futbolchilarga hech kim almashtirib bo‘lmaydigan odam emasligini «bildirib qo‘ygan». Tabiiyki, har ikki futbolchi keyingi o‘yinlarga jalb etildi, Qatar-2011 da jamoaning eng yaxshi o‘yinchilari qatorida bo‘lishgan.
Denisov masalasiga Kuperning bu qadar jiddiy e'tibor bermayotganining ham tagida shunday siyosat yotgan bo‘lishi ehtimol. Aminmanki, himoyachi keyingi yig‘inlarda ham, BAAda ham terma jamoa safida bo‘ladi. Uning va Ahmedovning tajribasi yangi jamoa qurilishida, avlodlar almashinuvi jarayonida juda katta yordamchi bo‘lishini murabbiy ham juda yaxshi tushunadi. Lekin har bir pozitsiya raqobatdan xoli emasligini futbolchilarga amaliy qarorlar orqali tushuntirish ham juda muhimdir.
Bugungi O‘zbekistonning holati ham yuqoridagi «Atletiko» yoki «Valensiya»ga o‘xshab ketadi. Terma jamoa Osiyo kubogida yoki JCh yo‘llanmasi uchun o‘zidan ancha yulduzliroq bo‘lgan Janubiy Koreya, Eron yoki Yaponiya kabi terma jamoalarga qarshi maydonga tushadi. Bunday o‘yinlarda raqib bilan teng kurasha olish uchun esa, o‘ziga xos uslub va murabbiy g‘oyalari asosiy qurol bo‘lishi mumkin.
Tarkib jihatdan kuchsizroq ko‘ringan jamoa kuchliroq jamoani qanday yengadi, bilasizmi? Buning uchun har bir futbolchi nomdorroq raqibidan kam emasligiga ishonishi kerak. Bu qanday singdiriladi? O‘sha maydonga tushgan har bir futbolchi o‘sha kamchilikni avvalo jamoa ichidagi raqobatda amalga oshiradi. Javohir Sidiqov maydonda Son Xin Mindan kam emasligiga ishonishi uchun, avvalo, terma jamoada Odil Ahmedovdek o‘ynay olishini anglashi lozim bo‘ladi. Aynan Javohirni asosiy tarkibda sinab ko‘rish uchun Odilning pozitsiyasi o‘zgartirilgani Sidiqov uchun juda katta «ishonch bonusi» emasmi?
Ikkinchidan, aniq bir uslub va g‘oyalar ortidan ergashadigan murabbiylarda biroz paradoksal qarorlar ham bo‘ladi. Balki klubda va avvalgi murabbiylar davrida umuman jalb etilmagan qaysidir futbolchi Kuperning asosiy yulduziga aylanib ketish ehtimoli ham bor. Yoki aksincha. Terma jamoaning avvalgi murabbiylarida yoki klubda yulduz maqomida bo‘lgan kimdir Kuper termasida umuman tarkibdan chetda qolish holatlarini kutsa bo‘ladi. Chunki yuqorida aytganimdek, bunday murabbiylar uchun eng muhimi, futbolchi maydonda nimalar qila olishi emas, aynan u bergan vazifalarni qay tariqa bajara olishi asosiy o‘lchov sifatida ishlaydi. Bugunku, Denisovning jarohati tilga olindi, ammo ertaga, xuddi Simeone Pogba o‘rniga Rodrini tanlagandek, teng tanlovda e'tibor Denisovdan ko‘ra Zoteyevga qaratilishi u qadar ajablanarli bo‘lmaydi men uchun.
Simeonening transferlari haqida fikr yuritganimning sababi shu yerda. Aynan shu nuqtada Kuper uchun terma jamoamizdagi asosiy to‘siq, asosiy bosim yuzaga keladi. Klubda oson. Murabbiy o‘ziga yoqmagan futbolchini sotib yuboradi va undan qutuladi. Muxlislar ham, rahbariyat ham barcha so‘rovni mavjud tarkibga binoan talab qilishadi.
Terma jamoada esa boshqacha. Terma jamoada biroz mushkul. Terma jamoada sobiqlar bo‘lmaydi. Butsasini mixga ilmagan har qanday o‘zbek futbolchisi terma jamoamizning potensial o‘yinchisi sifatida qaralaveradi. Kuperga u yoqmasligi, uning uslubiga tushmasligi mumkin, Kuper uni tarkibga umuman jalb qilmasligi mumkin – ammo ushbu futbolchining bosimi murabbiyni tark etmaydi. Muvaffaqiyatsiz o‘yinlar ketidan, natijalar ko‘ngildagidek bo‘lmayotgan paytlarda, biror bir tarkibdagi futbolchi o‘zini ko‘rsata olmayotgan har qanday davrda muxlislar ham, jurnalistlar ham o‘sha chaqirilmayotgan futbolchi haqida so‘rayveradi.
Simeone-yu Kuperlarning ko‘proq klublarga mos kelishlari shundan, bunday qarash terma jamoada qanday oqibatlarga olishini birgalikda ko‘rishimiz kerak bo‘ladi. Kechagi o‘yinlarning yana bir foydasi, bunday bosimlardan qanday qutulish mumkinligini ko‘rsatib berdi – g‘alaba qozon, yaxshi o‘yin ko‘rsat, hech kim sendan Denisov qayerdaligini so‘ramaydi.
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
15:36 / 18.11.2021
Kongo DR milliy jamoasi Ektor Kuperning qo‘pol xatosi sababli JCh-2022 orzusidan mosuvo bo‘lish arafasida. Aslida nima bo‘lgandi?
12:13 / 16.11.2021
«Roma»dagi asosiy maqsad, Mourinoning boshqalardan farqi, «Paxtakor»ga o‘tmagani, Babayan, Kuper, Abramov va Katanets davri taqqosi – Shomurodov bilan intervyu
21:50 / 01.07.2021
«Kuper himoya qilgan futbolchilar unga ortdan pichoq urishdi» - San'at Sharipov Abramovni kim chaqirgani, Ravshan Ermatov va o‘zbek futbolidagi muammolar haqida
11:35 / 23.05.2021