Sport | 16:50 / 21.10.2018
11746
2 daqiqa o‘qiladi

Yemelyanenko Rossiya MMA Uyushmasi prezidentligidan ketdi

Foto: Valeriy Sharifulin / TASS

Aralash yo‘nalish (MMA) bo‘yicha rossiyalik jangchi Fedor Yemelyanenko Rossiya MMA Uyushmasi prezidentligidan iste'foga chiqib, tashkilot kuzatuv kengashi raisi lavozimini egalladi. Bu haqda TASS uyushma matbuot xizmatiga asosan xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, kecha, 20 oktabr kuni tashkilotning navbatdan tashqari konferensiyasi bo‘lib o‘tgan va unda bunga qadar vitse-prezident lavozimida ishlab kelgan Radmir Gabdullin tashkilot rahbarligiga saylangan. Tez orada Fedor Yemelyanenko boshqaradigan kuzatuv kengashi tarkibi shakllantirilishi aytilmoqda.

Yemelyanenko Rossiya MMA Uyushmasining birinchi prezidenti hisoblanadi. U tashkilot tuzilganidan buyon – 2012 yildan beri ushbu lavozimda ishlab kelayotgan edi.

42 yoshli amaldor, shuningdek, sportdagi faoliyatini ham davom ettirmoqda. U 44 ta jang o‘tkazib, ulardan 38 tasida g‘alaba qozongan (29 tasi muddatidan oldin), 5 marta mag‘lub bo‘lgan. Yana bir jang natijasi esa bekor qilingan. U Pride tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan turnirlarda 2003 yildan 2007 yilgacha uzluksiz chempion bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Yemelyanenko o‘tgan yakshanbada amerikalik Cheyl Sonnen bilan jang o‘tkazib, raqibini birinchi raunddayoq polga qulatgan edi. Ushbu g‘alabasi bilan u Bellator Gran-Prisi finaliga yo‘l olgan. Hal qiluvchi bahsda rossiyalik jangchi 2019 yilning 27 yanvar kuni boshqa bir amerikalik sportchi Rayan Beyder bilan to‘qnash keladi.

Mavzuga oid