O‘zbekiston | 11:20 / 24.10.2018
12727
3 daqiqa o‘qiladi

Kollejlarning bo‘shayotgan binolarini maktablar va OTMlarga o‘tkazish taklif etildi

Foto: Ijtimoiy tarmoq

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida kasb-hunar kollejlarining bo‘shayotgan binolari va laboratoriya jihozlarini maktablar va OTMlarga o‘tkazish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, ko‘plab kasb-hunar kollejlarida qabul kvotalari kamayib bormoqda va ba'zilarining faoliyatini to‘liq tugatish ham rejalashtirilgan. Bugungi kunda bo‘shab borayotgan kollej binolari, talabalar turar-joylari va ulardagi mavjud laboratoriya jihozlarini hududga yaqin bo‘lgan maktablar va OTMlarga biriktirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Natijada, 2 smenali o‘quv mashg‘ulotlaridan 1 smenali o‘quv mashg‘ulotlariga o‘tilar, fakultetlarning bir nechta binoga joylashuvi hisobiga, bitta binoda 8-10 ming talaba to‘planishining oldi olinar, shuningdek, uzoqdan kelib o‘qiyotgan talabalarning katta qismi talabalar turar-joylariga joylashadilar.

Laboratoriya stendlarini maktab va oliy ta'lim muassasalari balansiga o‘tkazish orqali, kerakli jihozlarning yo‘qolib ketishining oldi olinadi. Fizika, biologiya va shu kabi fanlar uchun mo‘ljallangan laboratoriyalardan maktablarda foydalanilsa bo‘ladi. Ba'zi mutaxassislik fanlari (avtomatika, nazorat o‘lchovi asboblari, elektrotexnika, ekologiya va boshqalar)ga mo‘ljallangan laboratoriyalardan esa oliy ta'lim muassasalari o‘quv jarayonida foydalanish mumkin, deyiladi murojaatda.

“Bu yerda muammo shundaki, kasb-hunar kollejlari har xil vazirliklar tasarrufida. Faqatgina Oliy ta'lim yoki Xalq ta'limi vazirligining buyrug‘i yoki topshirig‘i bilan bu ishlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Viloyatlar kesimida tegishli komissiyalar tashkil etish, shu komissiyalar taklifi bilan bino va jihozlarni balansdan balansga o‘tkazish orqali binolarni hamda ularning moddiy-texnik bazasini ta'lim muassasalariga taqsimlash mumkin”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq avtotransportdan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimini bekor qilish taklif etilgandi

Mavzuga oid