«Qalampir ko‘chatini oldingiz, endi pulimizni bering!» - beruniylik dehqonlar muammosi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanidagi «Bo‘ston» va «Birlik» mahallalari, «Polvosh» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 30ga yaqin dehqonlar kontraktatsiya shartnomasi asosida yetishtirib berilgan qalampir ko‘chatlarining pulini ololmay xunob bo‘layotgani haqida KUN.UZ tahririyatiga murojaat qilishdi.
Biz Beruniy tumanida dehqonlar bilan uchrashib, ularni bir necha oydan beri sarson qilayotgan muammoni o‘rgandik.
2017 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurganida, past hosilli paxta dalalarini qisqartirish, ularning o‘rnida 60-80 kunda pishib yetiladigan eksportbop achchiq qalampirni ekish, buni respublikaning boshqa viloyatlarida ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergandi.
2018 yil 27 yanvarda Vazirlar Mahkamasining 62-sonli «Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unda xorijiy tajriba asosida hududlarda achchiq qalampirni yetishtirish, yig‘ishtirib olish, qayta ishlash va eksport qilishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Qarorni bajarish uchun, qalampir ko‘chatlari yetishtirishni ta'minlash va Respublika hududlariga yetkazib berish GENERAL MACHINERY GROUP (GMG) MChJ zimmasiga yuklatildi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarixida ilk marotaba achchiq qalampir ekish bo‘yicha ommaviy kampaniya start oldi.
2018 yil fevral oyida GMG kompaniyasi Beruniy tumani dehqonlari bilan kontraktatsiya shartnomasi imzoladi. Unga asosan buyurtmachi hisoblanmish GMG kompaniyasi dehqonlarni qalampir urug‘i bilan ta'minlash, dehqonlar esa qalampir ko‘chatini yetishtirib berish majburiyatini oldi.
Qayd qilish joizki, Beruniy tumanida 400dan ortiq issiqxonalar bor. Bu yerning dehqonlari ko‘p yillardan buyon pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, baqlajon ko‘chatlarini yetishtirib, bahorda Qoraqalpog‘istonning boshqa tumanlari, qo‘shni Xorazm va Buxoro viloyatlariga sotish bilan shug‘ullanishadi. Oilalarning asosiy daromadi mana shu ishlardan olinadi.
GMG kompaniyasi ko‘chatlarni 20 aprel - 10 may oralig‘ida yetishtirib berish shartini qo‘yadi va ularning har birini 90 so‘mdan xarid qilish majburiyatini oladi.
Kompaniya shartnomada ko‘rsatilgan umumiy qiymatning 30 foizini oldindan bo‘nak sifatida to‘lab bergan. Qolgan qismi esa to‘lanmagan. Ko‘chatni o‘z vaqtida yetishtirib bergan dehqonlar esa uning pulini ololmay ayni paytgacha ovora bo‘lmoqda.
Kontraktatsiya shartnomasi tuzgan dehqonlardan biri Davlat Qurbaniyazov GMG kompaniyasi barchani aldab ketganini aytdi.
«Barcha dehqonlar nomidan aytishim mumkin, biz katta xarajat qilib, kontraktatsiya asosida ko‘chat yetishtirib berganmiz. O‘z mablag‘imizdan quti, kleyonka oldik, ekish tadbirlarini bajardik. Odamlar ishladi, mehnat qildi. Ammo, GMG pulimizni bermadi, bizni aldab ketdi. Shaxsan o‘zim may oyida 7 million 560 ming so‘m olishim kerak edi. Penyasi bilan hisoblansa, bugungi kunda bu qiymat yana oshadi», - dedi Davlat Qurbaniyazov.
Kontraktatsiya shartnomasida buyurtmachi topshirilgan ko‘chatlar haqini to‘lashdan asossiz ravishda bo‘yin tovlagani uchun, muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun umumiy to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida, biroq 50 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda penya to‘lashi ko‘rsatilgan. Bugungi kunda, shularni hisobga olgan holda GMG kompaniyasi beruniylik dehqonlardan 460 million so‘m qarzdor bo‘lib qolgan.
GMG bilan shartnoma tuzgan, ammo pulini ololmay qolgan dehqonlardan birining onasi Gulchehra Latipova ham bu muammodan kuyundi.
«Yanvar oyida yana urug‘ ekib, ko‘chat tayyorlashimiz kerak. Ammo mablag‘imiz qolmagan. Dekabr oyida ish boshlaymiz, ekishga tayyorgarlik ko‘ramiz. Quti, kleyonka, chirindini pulga sotib olamiz. Issiqxonamizni ko‘mir va o‘tin yoqib qizdiramiz, bu katta xarajat talab qiladi. May oyigacha qattiq mehnat qilamiz. O‘g‘illarimni Rossiyaga, Qozog‘istonga ishlagani yubormayman, mayib bo‘lib kelishini istamayman, ko‘zimning oldida yurishini xohlayman. Qizlarim, kelinlarim kasallanib qolsa, shifokorlar issiqxonaga ko‘p kiritmang deyishadi. Mana shunday og‘ir sharoitda ishlaymiz, yashaymiz. GMG kompaniyasiga ishonib, ancha qarzdor bo‘lib qolganmiz», - dedi Latipova.
GMG kompaniyasi bilan kontraktatsiya shartnomasi tuzib, pulini ololmay yurgan dehqonlar orasida Davlat Qurbaniyazov (7 560 000 so‘m olishi kerak), Xolmurod Xaytanov (21 040 000), Umid Abdullayev (19 170 000), Qo‘ziboy Yusupov (20 800 000), Nurlan Islamov (11 340 000), Qurolbek Xo‘jamjarov (11 340 000), Dilshod Norimbetov (9 080 000), G‘ulom Yaqubov (10 800 000), Davronbek Tojiyev (11 970 000), G‘ulom Aytinov (9 500 000), Fayzulla Katipov (8 670 000), Mahmud Qurboniyazov (27 283 000), Kenges Kalimbetov (18 900 000), Rashid Rajapboyev (16 038 000), G‘ayrat Olimov (71 600 000), Raxat Abdiyev (7 560 000), Saparboy Xaitov (7 800 000), Ra'no Qurbaniyazova (11 340 000), Muzaffar Xidirboyev (3 800 000), Nazira Qurbaniyazova (3 800 000), G‘ayrat Xaytanov (9 568 000), Yevgeniy Tyan (44 000 000), Erkaboy Yo‘ldoshev (8 937 000), Maqset Abduraxmanov (3 800 000), Jo‘rabek Reyimbayev (3 800 000) bor. Qayd qilish joizki, bu shartnomada ko‘rsatilgan qiymatlardir. Agar 5 oylik penya bilan hisoblansa, bu raqamlar yanada ko‘payadi.
Dehqonlar bu muammo bo‘yicha Beruniy tumani hokimiyati, prokuraturasiga murojaat qilishgan. Ulardan o‘z pullarini faqat sud orqali undirib olishlari mumkinligi haqidagi javoblar kelgan.
Shundan so‘ng, Adliya vazirligining Beruniy tumani vakili ishtirokida Toshkent shahar, Shayxontohur tumani fuqarolik sudiga murojaat qilindi. Biroq, fuqarolik sudi hujjatlarda kamchilik borligi, bundan tashqari, Adliya vazirligi jismoniy shaxslar nomidan vakil sifatida sudda qatnasha olmasligi haqidagi ajrimni chiqaradi. Natijada, bir muammo ikkiga aylandi. Endi har bir dehqon davlat bojini to‘lab, mustaqil ravishda Toshkent shahri fuqarolik sudiga alohida murojaat qilishi lozim.
Bu muammo bo‘yicha GENERAL MACHINERY GROUP (GMG) kompaniyasiga murojaat qilib, ulardan izoh oldik.
Ma'lumotga ko‘ra, GMG dehqonlar bilan kontraktatsiya shartnomalari to‘lovlarini amalga oshirishga tayyor, ammo, ayni paytda kompaniyaning o‘zi juda katta miqdorda zarar ko‘rgan va buning ilojini topolmayapti.
«Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi tomonidan har bir ko‘chat uchun 90 so‘m narx belgilab berildi. Transport xarajatlari, ko‘chatlarni terib olish, qutilar sotib olish va soliqlarni hisobga olganda, har bir ko‘chatdan o‘rtacha 40-45 so‘mdan zarar ko‘rildi. Shular inobatga olinsa, GMG kompaniyasi bu tadbirdan 3 milliard 500 million so‘mdan ortiq zarar ko‘rdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ko‘chat yetishtirgan jismoniy va yuridik shaxslardan qarzdorlikning asosiy sababi ham mana shunda.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 74 756 028 dona umumiy qiymati 6 mlrd 763 mln 819 ming so‘mlik achchiq qalampir ko‘chatlari hokimlik mutasaddilar va fermer xo‘jaligi egalarining o‘z ishiga bo‘lgan loqaydligi natijasida nobud bo‘ldi.
Ayni paytda achchiq qalampir ko‘chatlarini yetishtirish va yetkazib berish yuzasidan tuzilgan shartnomalarning ijrosini ta'minlash oqibatida kelgan qarzdorlikni undirish yuzasidan O‘zbekiston Savdo sanoat palatasiga va sudga murojaat kiritilib, da'vo arizalari berilmoqda. Yuqoridagi qarzdorlikni undirish yuzasidan qilinadigan ishlar natijasida, jamiyat hisob mablag‘i shakllangan zahoti to‘lov amalga oshiriladi», - deyiladi bayonotda.
Tez orada qish fasli kirib keladi. Beruniylik dehqonlar esa keyingi mavsumga ko‘chat yetishtirish tadorigini ko‘rishi kerak. Chirindi, quti, kleyonka, o‘tin, ko‘mir, urug‘lik xarid qilishlari, issiqxonalarni tayyorlashi lozim. Ularning turmushi farovonligi, ro‘zg‘or qozonining qaynashi mana shu ishlardan olinadigan daromadga qarab qolgan. Biroq, tayyorgarlik ishlarini boshlash uchun pul, mablag‘ yo‘q. Qolaversa, dehqonlarning dardini eshitadigan ham yo‘q...
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
18:30 / 01.11.2024
Qoraqalpog‘istonda Lacetti kanalga tushib ketishi oqibatida uch yigit halok bo‘ldi
17:02 / 19.06.2024
Qoraqalpog‘istonda bolalarni olib ketayotgan avtomobil YTHga uchradi
11:52 / 24.10.2023
Beruniy tumani hokimi lavozimidan olindi
15:08 / 19.07.2023