Bosh vazir Oqqo‘rg‘ondagi holatga munosabat bildirdi
O‘zbekiston Respublikasi hukumati rahbari - bosh vazir Abdulla Aripov Oqqo‘rg‘ondagi holatga o‘z munosabatini bildirdi. Bu haqda u 29 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor paytida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
29 oktabr kuni Vazirlar Mahkamasi binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan shu kuni imzolangan «Barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnatning har qanday shakl va ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi javobgarligini oshirish to‘g‘risida» farmon mazmunini keng jamoatchilik, xususan barcha hududiy rahbarlar, tashkilot, idora va tuzilma boshliqlariga yetkazish bo‘yicha videoselektor bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Bosh vazir Abdulla Aripov Zoyir Mirzayevning ishdan olinganini e'lon qilib, bu holatga munosabat bildirdi.
«Men uchun bu yomon holat. Hukumat rahbari sifatida, o‘rinbosarimning ushbu ishda tomoshabin bo‘lishi yo ishtirokchi sifatida turishi yomon. Prezident topshirig‘i bilan 25 oktabrda bo‘lgan voqealar Bosh prokuratura tomonidan qat'iy o‘rganiladi», deydi u.
Bosh prokuror Otabek Murodov ham ishtirok etgan yig‘ilishda ta'kidlanishicha, Oqqo‘rg‘on tumanida yuz bergan hodisa payti Bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayev yonida turgan Toshkent viloyat prokurori o‘rinbosari, viloyat hokimi o‘rinbosari hamda boshqa mutasaddilar ham ishdan bo‘shatilgan. Abdulla Aripovning aytishicha, ushbu masala, xususan majburiy mehnat masalasi bilan Bosh prokuratura jiddiy shug‘ullanishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
11:53 / 06.11.2024
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
18:33 / 04.11.2024
Abdulla Aripov Shanxayda Xitoy bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
22:35 / 16.10.2024
Toshkent viloyatiga mingta yangi avtobus xarid qilinadi
18:17 / 04.10.2024