Suveren obligatsiyalar O‘zbekistonni rivojlanayotgan bozorlar inqiroziga olib bormaydi - Moliya vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi uchun xalqaro suveren kredit reyting olish va suveren obligatsiyalar chiqarilishidan ko‘zlangan maqsad, xususiy sektor investorlarini jalb qilish orqali moliyaviy manbalar turfa-xilligini ta'minlashdan iboratdir, deb fikrlaydi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri maslahatchisi Odilbek Isoqov.
Jamshid Qo‘chqorovning maslahatchisi etib tayinlangan, muqaddam HSBC investitsiya bankida rivojlanayotgan mamlakatlar uchun jahon moliya bozorlarida qimmatli qog‘ozlar chiqarishni tashkil etish boshqarmasi direktori lavozimida ishlagan o‘zbekistonlik mutaxassisga ko‘ra, suveren obligatsiyalarning ikkilamchi bozordagi kotirovkalari mamlakat shirkatlari hamda banklari tomonidan o‘z loyihalarini mustaqil ravishda moliyalashtirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investorlarining moliyaviy tahlillari uchun benchmark, ya'ni mezon bo‘lib xizmat qiladi.
«Qolaversa, kredit reyting hisobotlari va suveren obligatsiya chiqarish uchun emissiya prospekti xalqaro investorlarni O‘zbekiston haqida keng ko‘lamda va chuqur tahlil etilgan iqtisodiy-moliyaviy ko‘rsatkichlar haqidagi ma'lumotlar bilan ta'minlaydi. Bu shaffoflik va tahliliy ma'lumotlar eksport kredit agentligi tomonidan O‘zbekiston xatarini baholashda ahamiyatli hisoblangan IHRT reytingimizni yaxshilaydi.
Yaqinda internet sahifalarida chop etilgan maqolada Singapurda joylashgan Taurus Family Office tahlilchisi Rayner Maykl Praysning suveren obligatsiyalar chiqarilishi O‘zbekistonni rivojlanayotgan bozorlar inqiroziga tushib qolishi mumkinligi haqida iddaolari keltirilgan. Bundan tashqari, mazkur maqola rivojlanayotgan davlatlardagi inqirozni har bir mamlakatning o‘z iqtisodiy qudrati va zaifligini inobatga olmay, xalqaro bozordagi likvidlik taqchilligiga bog‘lab va buning sababini AQShdagi foiz stavkalari va AQSh dollari qiymatining oshishi hamda xalqaro inflyatsion kutilmalar bilangina asoslamoqda», deydi u.
Isaqovni aytishicha, rivojlanayotgan mamlakatlar o‘zaro bir-biridan tubdan farq qilishini anglash lozim. Ushbu atama juda keng ma'noda bo‘lib, o‘ta kuchli rivojlanayotgan mamlakatlardan iqtisodiyoti eng zaif bo‘lgan 150dan ziyod mamlakatlarni qamrab oladi.
«AQSh foiz stavkalarining o‘sishi iqtisodiy zaif mamlakatlar joriy hisobining katta miqdorda defitsit bo‘lishiga va YaIMga nisbatan tashqi qarz to‘lovlarining oshishiga, ayrim hollarda geosiyosiy xatarlar esa, vaziyatni bundanda og‘irlashishiga olib keldi.
Misol uchun, 2018 yil 1 martdan beri AQSh dollariga nisbatan Turk lirasi 32 foizga (Turkiya va AQSh o‘rtasidagi ziddiyatli munosabatlar hamda Turkiya markaziy banki mustaqilliging yo‘qolib borish xatarlari sabab), JAR rendi 20 foizga arzonlagan holda, boshqa rivojlanayotgan davlat vakili Polsha zlotiysi qiymati esa 11 foizga qadrsizlandi xolos.
Mana shu davrda, O‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan qiymatini solishtirsak, milliy valyutamiz avval o‘sib, keyin esa deyarli eski holatiga qaytgan (2018 yil 1 mart kuni 1 AQSh dollari 8190 so‘m bo‘lsa, 2 noyabr kuni esa 8237 so‘mni tashkil etadi, ya'ni 0.5 foiz qadrsizlangan, xolos). Agar «qattiq» valyutalarga e'tibor bersak, 2018 yil 1 mart holatiga AQSh dollariga nisbatan Yevro 9 foizga, Yapon iyenasi esa 7 foizga qadrsizlanganini ko‘rish mumkin. AQSh dollari qadrining ortishi umumiy trend ekanligi va bu esa rivojlanayotgan davlatlarninggina zaif tarafi emasligini ko‘rsatib bermoqda», deydi u.
Bundan tashqari mutaxassis ichki bozordagi xorijliklarga tegishli moliyaviy aktivlar mazkur mamlakatning dunyo moliyaviy bozorlaridagi tebranishlarga ta'sirchanligini baholashda juda muhim, deb hisoblaydi.
«Misol uchun, Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, xorijiy investorlar Turkiyaning ichki bozoridagi qimmatli qog‘ozlarning 64 foiziga egalik qiladi. Turk lirasi qadrsizlanayotgan va siyosiy xatarlar ortayotgan bir paytda, xorijiy investorlar tomonidan mablag‘larning Turkiyadan qaytarib olinishi Turk lirasining yanada qadrsizlanishiga olib keldi. Undan tashqari, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma'lumotlariga ko‘ra, Turkiya tashqi qarz to‘lovlarining eksportga nisbati 2018-2021 yillarda YaIMning 90-94 foiz bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining moliya bozorlari jahon moliya bozorlariga integratsiya bo‘lmaganligini inobatga olish lozim. Ichki moliya bozorlarida xorijiy investorlar ulushi o‘ta past darajada bo‘lib, buning sabablari ichki moliya bozorlari rivojlanmagani va kapital nazoratining mavjudligidir. Kelajakda ichki moliya bozorlarining rivojlanishi va kapital nazoratining erkinlashtirilishi xorijiy portfel investorlarining oqimiga olib keladi. Ichki moliya bozorida xorijiy investorlar ulushining 40 foizgacha ortishi ijobiy jarayon sifatida tasniflanishi kerak.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi tashqi qarz miqdorining pastligi, oltin-valyuta zaxiralarimizning yuqori darajada ekanligi hamda joriy hisob holatining barqaror ekanligi ahamiyatlidir.
Tashqi qarzlarning 86 foizi uzoq, ya'ni 10 yildan ortiq muddatli ekanligi yaqin 10 yil ichida tashqi qarz to‘lovlari bo‘yicha bosimning mavjud emasligini anglatadi;
Tashqi qarz to‘lovlarining eksportga nisbati 2018-2021 yillarda YaIMning 12-16 foiz bo‘lishi kutilmoqda;
2018 yil 1 oktabr holatiga ko‘ra, oltin-valyuta zaxiralarimiz 26,4 milliard AQSh dollarini tashkil etib, umumiy tashqi qarzdan 1,7 barobar ko‘p bo‘lib, 20 oylik import xarajatlarini qoplay oladi.
Xulosa qilib aytganda, AQShdagi foiz stavkalarining o‘sishi kupon stavkalarga ta'sir etsa-da, xalqaro moliya bozorlarda joylashtirishi kutilayotgan suveren obligatsiyalari O‘zbekiston Respublikasini rivojlanayotgan bozorlar inqiroziga tushib qolishiga olib kelmaydi», deb fikrini bayon etadi vazir maslahatchisi.
Mavzuga oid
12:12 / 12.06.2024
Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi qoidalariga qo‘shimchalar kiritilmoqda
19:50 / 29.05.2024
O‘zbekiston jahon bozoriga obligatsiya chiqardi, bu nimani anglatadi?
14:43 / 22.05.2024
O‘zbekiston 1,5 mlrd dollar qiymatidagi navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarini chiqardi
09:38 / 06.05.2024