Jamiyat | 19:21 / 03.11.2018
4588
3 daqiqa o‘qiladi

PROlogue kinofestivaliga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda?

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan “O‘zbekkino” milliy agentligi, Toshkent shahar hokimligi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi, Yosh kinoijodkorlar kengashi, O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi kabi bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan PROlogue IV Xalqaro kinofestivaliga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Saralash komissiyalari a'zolari PROlogue IV Xalqaro kinofestivali tanlovida ishtirok etish uchun topshirilgan kartinalar bilan tanishib chiqishdi. 

Xalqaro saralash tanloviga 289 dan ortiq kinoasarlar qabul qilindi. Ular to‘liq va qisqa metrajli badiiy filmlar xalqaro tanlovi hamda qisqa metrajli milliy badiiy filmlar tanlovida ishtirok etish uchun ariza topshirishgan. PROlogue kinofestivalida ishtirok etishga 60 dan ortiq mamlakat kinoijodkorlari qiziqish bildirishgan.

Qisqa metrajli va to‘liq metrajli filmlar saralash komissiyalari tarkibiga kino olamining nufuzli vakillari kirishgan. Bugungi kunda komissiyalar o‘z faoliyatini yakunlamoqda. Ularning so‘zlariga qaraganda, yaqin kunlarda saralashdan o‘tgan va festivalning tanlov dasturiga kiritilgan kartinalar ro‘yxati e'lon qilinadi.

Xalqaro kinofestival avvalgilaridan nimasi bilan farq qiladi?

Ilgari bu kinofestival mintaqaviy ko‘rinishda o‘tkazilgan. Endilikda uning qamrovi ancha kengaydi va festival xalqaro darajada o‘tkazilmoqda. Yana bir jihati, bu tanlovda bugunga qadar faqat qisqa metrajli filmlar qatnashgan. Bu gal ishtirokchilar to‘liq va qisqa metrajli badiiy filmlar xalqaro tanlovi hamda qisqa metrajli milliy badiiy filmlar tanlovi bo‘yicha 3 ta nominatsiyada bellashishadi.

Qisqa metrajli va to‘liq metrajli filmlar saralash komissiyalari tarkibida kino olamidan kimlar qatnashdi?

Saralash jarayonida rejissyor va ssenariy yozuvchisi – Jasur Isxakov, kinotanqidchi – Oybek Kopadze, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar – Ra'no Shodiyeva va Dilorom Egamberdiyeva, rejissyorlar – Bahodir Odilov va Qamara Kamolova, operator Hamidulla Hasanov, telejurnalist Shoira Raufboyeva qatnashadi.

Filmlarni saralashda asosan qaysi jihatlarga e'tibor qaratildi?

Kinofestivalda ishtirok etuvchi filmlarni baholash mezonlarida yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatuvchi, ularning dunyoqarashini shakllantirishga xizmat qiluvchi mavzularga alohida e'tibor qaratildi. Asosan yoshlar, ularning muammolari, oldida turgan qiyinchiliklar, maqsad va burchlariga bag‘ishlangan filmlar saralab olindi.

Murat Yildirim ochilish marosimida qatnashadi.

Kinofestival doirasida o‘zimizni qiziqtirgan savollarga Kinematografiyani rivojlantirish markazi matbuot kotibi Abror Ismoilovdan javob oldik.

“SCORPION” filmida mashhur turkiyalik aktyor Murat Yildirim va rossiyalik aktyor Vyacheslav Razbegayevlar ham qatnashishgandi. Ular film premerasida ham ishtirok etadimi?

“SCORPION” filmining premerasida va PROlogue kinofestivalining tantanali ochilish marosimida Murat Yildirim rafiqasi Imon Albani bilan ishtirok etadi.

 

Mavzuga oid