O‘zbekiston | 01:32 / 10.11.2018
9955
5 daqiqa o‘qiladi

Yevropa komissiyasi O‘zbekiston uran konlarining ekologik reabilitatsiyasi uchun 10 mln yevro ajratdi

Xalqaro hamjamiyat uran konlari reabilitatsiyasi fondiga yangi mablag‘lar ajratmoqda.

Payshanba kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Londondagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo uchun Ekologik reabilitatsiya hisobiga badallar e'lon qilish bo‘yicha konferensiyada 30 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Konferentsiyani YeTTB birinchi vitse-prezidenti Yurgen Rixterink ochdi va bank o‘zining ekspertlik salohiyatini radiatsiyadan xavfli obektlarni foydalanishdan chiqarish jarayonida qo‘llashga tayyor ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

Yevropa komissiyasi qo‘shimcha ravishda yana 10 million yevro taqdim etdi. Shuningdek, yirik badallar Belgiya, Shveytsariya, AQSh va Norvegiya tomonidan e'lon qilindi. Litva ham ma'lum bir summa kiritdi. Yig‘ilgan mablag‘lar reabilitatsiyaga muhtoj bo‘lgan yangi obektlarga fond faoliyatini joriy etish imkoniyatini beradi, ammo mazkur mintaqadagi birinchi galdagi jami uchastkalarda ishlarni boshlash uchun qo‘shimcha mablag‘lar talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Fond 2015 yilda Yevropa komissiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan va YeTTB boshqaruvi ostida faoliyat ko‘rsatib keladi. Ekologik reabilitatsiya hisobi (ERH) ning Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondagi faoliyati doiraviy bitim imzolanganidan so‘ng boshlandi. Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi to‘rt obektda reabilitatsiya ishlari 2019 yilda boshlanadi.

Sobiq ittifoq davrida Markaziy Osiyo muhim uran manbasi bo‘lib kelgan. Uni qazib olish bu yerda qariyb 50 yil davom etgan. Boz ustiga, bu yerga qayta ishlash uchun boshqa davlatlardan ham uran rudasi keltirilgan. Kon g‘orlari va dumsimon omborlarda katta hajmdagi radiatsion materiallar to‘planib qolgan. 1995 yilga kelib uran qazib oluvchi ishlab chiqarish korxonalarining aksariyati yopilgan, lekin ungacha ham, konlar va kon boyitish korxonalarining yopilganidan so‘ng ham ekologik reabilitatsiya amalda o‘tkazilmagan.

Mintaqada to‘plangan radioaktiv materiallar atrof-muhit va aholi salomatligiga tahdid solib kelmoqda. Uran merosining ko‘plab obektlari mintaqaning aholi eng zich joylashgan va qishloq xo‘jalik markazi — hududlari Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston tarkibiga kiruvchi Farg‘ona vodiysidan o‘tuvchi Sirdaryo irmoqlari bo‘ylab joylashgan.

“Biz Markaziy Osiyo bilan birdamlikning yangi ko‘rinishini namoyon etgani uchun jahon hamjamiyatidan xursandmiz. Bu qat'iy qo‘llab-quvvatlash bizning ishimizga turtki beradi va kelgusi yildan amaliy harakatlar bosqichi boshlanadi. Dastlabki qadamlar ko‘p narsani va'da qilmoqda, lekin hali ko‘p ish qilinishi kerak, biz barcha hamkorlarimiz bilan eng pozitiv hamkorlik mavjud bo‘lib turishiga muhtojmiz”, — deya ta'kidladi YeTTB yadroviy xavfsizlik boshqarmasi rahbari Baltazar Lindauer.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Ekologik reabilitatsiya hisobi (ERH) YeTTB tomonidan boshqariladigan fondlar ichida yettinchisi va eng yangisidir. U radiatsiyadan xavfli obektlarni ekspluatatsiyadan chiqarish yo‘li bilan mintaqalarda yadroviy xavfsizlikka hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan. YeTTB boshqaruvidagi boshqa fondlar Chernobil AESni o‘zgartirish, Bolgariya, Litva va Slovakiyada sovetcha namunadagi eski yadroviy reaktorlarni foydalanishdan chiqarish, shuningdek, Rossiyaning shimoliy-g‘arbiy qismida radioaktiv chiqitlar muammosini yechish bilan shug‘ullanadi.

“Ekologik reabilitatsiya bo‘yicha faoliyat hal qiluvchi bosqichga chiqdi. Markaziy Osiyoning eng ustuvor hududlarida amaliy reabilittsiya ishlarini o‘tkazish bo‘yicha rejalarning ko‘pi allaqachon tuzilgan va mustaqil ekspertizadan o‘tkazilgan. Men atrof-muhitni sog‘lomlashtirish ishlari jarayoni imkon qadar tezroq boshlanishi uchun Markaziy Osiyo davlatlarining jahon hamjamiyatiga zarur mablag‘larni yig‘ish bo‘yicha chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatlayman. Bu dasturning keyingi bosqichga o‘tishini ham bildiradi”, — degan ERH assambleyasi raisi Adrian van der Meyer.

Mavzuga oid