Fan-texnika | 14:14 / 12.11.2018
4784
2 daqiqa o‘qiladi

Rocket Lab xususiy kompaniyasi Electron yengil raketasining tijorat parvozini amalga oshirdi

Foto: Rocket Lab

11 noyabr kuni Amerikaning Rocket Lab xususiy kompaniyasi oltita kichik sun'iy yo‘ldosh yuklangan Electron raketasini orbitaga uchirdi. Sun'iy yo‘ldoshlar Spire Global, Fleet Space Technologies, GeoOptics va Irvine CubeSat STEM kompaniyalariga tegishli.

Ikki yuzga yaqin kishi ishlaydigan Rocket Lab kompaniyasi 2012 yildan buyon Electron raketalarini ishlab chiqaradi. Dvigatellar va elektron uskunalar AQShda, qolgan qismlar Yangi Zelandiyada ishlab chiqariladi va yig‘iladi.

Electron ilk bor shu yilning 21 yanvarida muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirgan. O‘shanda orbitaga uchta yengil sun'iy yo‘ldosh olib chiqilgandi.

Electron parvozining narxi 5 mln dollar atrofida, raketa orbitaga 225 kggacha yuk olib chiqishi mumkin. Taqqoslash uchun: SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketasi parvozi 62 mln dollarga teng, ammo u yer atrofi orbitasiga 22,8 tonnagacha yukni olib chiqishi mumkin.

Navbatdagi raketa parvozi dekabr oyiga mo‘ljallangan. Orbitaga NASA’ning 10ta sun'iy yo‘ldoshini olib chiqish rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid