Jahon | 15:04 / 13.11.2018
35671
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy uyg‘urlar lagerlari haqidagi «mish-mishlarga» e'tibor bermaslikka chaqirdi

Foto: Reuters/Carlos Barria

Shinjonda musulmonlar qayta tarbiyalash lagerlariga majburiy ravishda qamab qo‘yilayotgani haqidagi xabarlarni odamlar e'tiborsiz qoldirishi kerak. Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I germaniyalik hamkasbi Xayko Maas bilan uchrashuvidan so‘ng shunday bayonot berdi, deb xabar qilmoqda Reuters.

Foto: Reuters/Jason Lee

Vazirning so‘zlariga qaraganda, odamlar mahalliy hukumatning terrorizm bilan kurash, ekstremizm tarqalishiga yakun yasash va ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash bo‘yicha sa'y-harakatlarini tushunadi hamda qo‘llab-quvvatlaydi. «Odamlar mish-mishlarga quloq tutishi kerak emas, sababi Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumani hukumati mintaqadagi vaziyatni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq biladi», - dedi u.

Van Ining qo‘shimcha qilishicha, rasmiylar xatti-harakati terrorizmga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyat tomonidan ko‘rilayotgan choralarga to‘liq mos keladi. «Agar biz teraktlarning oldini olsak, unda terrorizm tarqalmaydi va mustahkamlana olmaydi», - deya ta'kidlab o‘tdi diplomat.

Agentlikning yozishicha, bir necha G‘arb mamlakatlari, shu jumladan, Kanada, Fransiya, Germaniya va AQSh Xitoyni Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumanidagi musulmonlar ommaviy ravishda hibs qilingan lagerlarni yopishga chaqirgan. Sentyabr oyida Vashington uyg‘urlar kamsitilayotgani tufayli Xitoyga qarshi sanksiyalar qo‘llash ehtimolini ko‘rib chiqayotgani ma'lum bo‘lgandi.

Oktyabr oyida Pekin birinchi marotaba Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumanida «shaxsiy va professional-malaka ta'limi bo‘yicha tadbirlar o‘tkaziluvchi maxsus o‘quv markazlari» haqida ma'lumot berdi. Ularda huquqdan dars o‘tiladi, «mafkuraviy tarbiyalash bilan shug‘ullanishadi, o‘y-xayollarni tartibga solish, xatti-harakatlarni to‘g‘rilash, davlat tili bo‘lgan xitoychani o‘rganish uchun yordam berishadi».

Mavzuga oid