O‘zbekiston | 12:00 / 13.11.2018
11855
3 daqiqa o‘qiladi

Mulk huquqini e'tirof etishni soddalashtirish taklif qilindi

Foto: Depositphotos

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida mulk huquqini e'tirof etish tartibini soddalashtirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 21 iyunda “Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida ko‘chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish tartibi to‘g‘risida Nizom” tasdiqlangan.

Mazkur nizomda bir martalik aksiya doirasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish hamda ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e'tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha komissiyalarning faoliyatini amalga oshirish mexanizmi va sxemasi ko‘rsatilgan bo‘lib, u jami 17 bosqichdan iborat. Bu bosqichlar juda murakkab. O‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joyga nisbatan mulk huquqini olish uchun fuqaro tuman (shahar)dagi quyidagi rahbarlar va idoralar:

- Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i; 
- Qurilish bo‘limi boshlig‘i; 
- Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i; 
- Davlat bosh sanitariya vrachi; 
- Ichki ishlar bo‘limi; 
- Yong‘in xavfsizligi inspektori; 
- Davlat soliq inspeksiyasidan xulosa va ma'lumotnomalarni olishning zarurligi albatta, fuqarolar oldida mansabdor shaxslarning sansalorligi, mas'uliyatsizligi bilan bog‘liq ovoragarchiliklarni keltirib chiqaradi.

“Shu sababdan o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish hamda ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e'tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha komissiyalar faoliyatini amalga oshirish sxemasi va ijro mexanizmini qayta ko‘rib chiqish, korrupsiyaga imkon beradigan normalarni va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish zarur. Shundan kelib chiqib, mazkur nizomni xalq uchun yanada soddalashtirish va ijrosini nazoratga olish, ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish maqsadga muvofiq”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Mavzuga oid