O‘zbekiston | 18:32 / 13.11.2018
13621
3 daqiqa o‘qiladi

Uy-joy kommunal xizmatlar vazirligi faoliyatida qator muammo va kamchiliklar aniqlandi

Foto: KUN.UZ

Uy-joy kommunal xizmatlar vazirligi faoliyatida sohaning tezkor rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan qator muammo va kamchiliklar aniqlandi. Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining turli sohalardagi davlat boshqaruv tizimlari faoliyati samaradorligiga oid tahlili shundan dalolat bermoqda. 

Xususan, tahlil natijalari kommunal jihozlar va suv ta'minoti muhandislik kommunikatsiyalarining yaroqsiz holatga kelganini ko‘rsatmoqda. 2 888 (40 foiz) suv ta'minoti, 4 512 (32 foiz)  suv quvuri inshootlari, 19 753 km (36 foiz) suv ta'minot tarmoqlari, 567 km (31 foiz) kanalizatsiya kollektori va 1 368 km (25 foiz) kanalizatsiya tarmog‘i ta'mirga muhtoj. Issiqlik ta'minoti korxonalarining yuqori debitorlik va kreditorlik qarzdorligi natijasida 758 qozonxona va 5 000 km issiqlik tarmoqlari holati issiqlik energiyasining me'yordan yuqori yo‘qotilishiga olib kelgani aniqlangan. 

 «O‘zbekkommunalloyihaqurilish» DUK va «Issiqlikelektrloyiha» AJ uy-joy kommunal xizmatlar sohasidagi loyiha xizmatlari bozoridagi iqtisodiy konsentratsiya raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq kelmaydi va soha raqobatbardoshligi rivojiga to‘sqinlik qiluvchi sezilarli omil hisoblanadi. 

Davlat-xususiy sektor hamkorligi mexanizmi yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani, investitsiyalarni keng jalb qilish uchun qulay imkoniyatlarning yo‘qligi korxonalar UKX norentabelligi bilan birgalikda sohaning sarmoyaviy jozibadorligini kamaytiradi va byudjyet xarajatlarni samarali sarflashga imkon bermaydi. 

Sohada davlat funksiyalarini optimallashtirish zarurati mavjud. 

Uy-joy kommunal tarif siyosatini takomillashtirish, shu jumladan rag‘batlantiruvchi tarif boshqaruvini ishlab chiqish va tatbiq qilishga oid choralar yetarlicha qabul qilinmagan. Bu ushbu sohaning kamomadligi, kommunal korxonalarning qarzdorligi o‘sishiga sabab bo‘lmoqda. Sohaning moliyaviy holati bilan bog‘liq kamchiliklar tashkilotlarda suv va issiqlik ta'minotiga doir kreditorlik (1,2 trilliondan ortiq) va debitorlik (531 milliard so‘mdan ziyod) qarzlari mavjudligiga borib taqaladi. 

Uy-joy kommunal xizmatlar sohasining yana bir katta kamchiligi — ko‘p qavatli uy-joy fondi ekspluatatsiyasining barcha jabhalarini tartibga soluvchi tegishli qoida va normalarning yo‘qligi. 

Sohadagi mavjud kamchiliklarning kompleks yakunlari bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olib, Adliya vazirligi mutaxassislari tomonidan tizimni takomillashtirish va uning investitsion jozibadorligini oshirishga oid tegishli takliflar tayyorlandi.

Mavzuga oid