Sport | 23:35 / 16.11.2018
15002
2 daqiqa o‘qiladi

Ingliz hakamlari “Tosh, qaychi, qog‘oz” uchun jazolangan hamkasbini antiqa tarzda qo‘llab-quvvatlashmoqchi 

Angliyada futbol qoidalarini noodatiy tarzda buzgan hakamni qo‘llab-quvvatlash maqsadida fleshmob o‘tkazilishi mumkin. Hakam Devid Maknamara ayollar superligasining “Manchester Siti” va “Reding” o‘rtasidagi uchrashuvida o‘yinni qaysi jamoa boshlab berishi va qaysi biri maydonni tanlashini aniqlash maqsadida o‘tkaziluvchi standart jarayonni xiyol o‘zgartirgani uchun “beayov” jazolandi. Odatda bu jarayon tanga tashlash bilan olib boriladi. Biroq hakam o‘zi bilan tangani olishni yoddan chiqargan va uni olib chiqishga vaqt ketkazmaslik maqsadida ikki jamoa sardorlaridan “tosh, qaychi, qog‘oz” o‘yinini o‘ynashni so‘ragan.

Foto: Twitter\@NikeSpalato

Angliya futbol federatsiyasida hakamning “topqirligi” salbiy baholangan va u 17 dekabrgacha hakamlik qilishdan chetlatilgan. Biroq haqamning hamkasblari bunday jazoni adolatsiz deb hisoblashmoqda. Ular kelayotgan dam olish kunlariga belgilangan o‘yinlarda Maknamara kabi yo‘l tutib, uni qo‘llab-quvvatlashmoqchi. Bir necha hakam BBC Sport’ga o‘yinchilardan “tosh, qaychi, qog‘oz” o‘ynashni iltimos qilishlarini, biroq har ehtimolga qarshi tangani ham o‘zlari bilan olib chiqishlarini ma'lum qilishgan.     

Ushbu voqeaning antiqaligi shundaki, futbol qoidalarida o‘yin oldidan tanga tashlanishi zarurligi ko‘rsatilgan. Biroq qoidalarda tanga soat, jarima kartochkalari va hushtakdan farqli, rasmiy uchrashuv ekipirovkasining majburiy elementi sifatida ko‘rsatilmagan. Shu munosabat bilan hakamlar Maknamaraga chiqarilgan jazoni “o‘ta keskin” deb hisoblab, mutasaddi rahbarlarga real muammolar, misol uchun, quyi divizionlarda tez-tez uchrab turadigan hakamlarning do‘pposlanishi holatlariga e'tibor qaratishni tavsiya qilishgan.  

Mavzuga oid