O‘zbekiston | 20:30 / 16.11.2018
36117
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Endi hisobot, statistika bilan emas, odamlarning kayfiyati bilan yashash kerak»

Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrining «Qumbuz ovul» mahalla fuqarolar yig‘inida barpo etilgan ko‘p qavatli uylar, uylarning birinchi qavatida joylashgan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi va oilaviy poliklinika bilan tanishdi.

«Prezident Qoraqalpog‘iston Respublikasiga avvalgi tashrifi chog‘ida Nukus shahrida ijtimoiy obektlar, uy-joylar qurilishi loyihalari bilan tanishib, Koreya tajribasi asosida bolalar bog‘chasi, oilaviy poliklinikani ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida joylashtirish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi. Shu asosda shaharning Abdambetov ko‘chasida ana shunday loyihadagi 5 qavatli 10ta arzon uy qurildi. Ushbu uylardan ikkitasining birinchi qavatida «Navshe» nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi va oilaviy poliklinika tashkil etildi», deyiladi O‘zA xabarida. 

16-uyning birinchi qavatida davlat-xususiy sheriklik asosida bunyod etilgan 50 o‘rinli «Navshe» nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasida shu yerda yashovchi aholi farzandlari tarbiyalanadi. Bog‘cha ertalab soat 8.00dan 18.30gacha ishlaydi. Bu ota-onalarga katta qulaylik yaratadi.

Muassasa bolalar ongini o‘stirishga ko‘maklashuvchi turli o‘yinchoqlar, metodik qo‘llanmalar bilan ta'minlangan. Ingliz tili, rus tili, shaxmat-shashka to‘garaklari tashkil etilgan. Bog‘cha ishga tushgach, 10 kishi ish bilan ta'minlandi. 

Prezident maktabgacha ta'lim muassasasidagi sharoitlarni ko‘zdan kechirgan. Bog‘chalarning ko‘p qavatli uyning shundoq o‘zida joylashgani odamlarga farzandi ko‘z oldida, xavfsiz bo‘lishini, bundan maqsad avvalo aholiga qulaylik yaratish ekanini alohida ta'kidlagan.

Prezident shahardagi 8-oilaviy poliklinikaga ham bordi.

Bu poliklinika avval Nukus shahrining 26-kichik tumanidagi moslashtirilmagan binoda joylashgan bo‘lib, sharoiti og‘ir, tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun yetarli imkoniyat yo‘q edi. Aholiga tor soha mutaxassislariga ko‘rinish uchun ko‘p tarmoqli poliklinikalarga borishga majbur edi. 

10-uyning birinchi qavatida barpo etilgan poliklinika hududdagi 8ta mahallaning 46 mingdan ortiq aholisiga xizmat ko‘rsatadi. 250 qatnovga mo‘ljallangan muassasada sifatli tibbiy xizmat uchun barcha sharoit yaratilgan, raqamli rentgen apparati, UTT, EKG, biokimyo analizatori kabi zarur tibbiy anjomlar bilan jihozlangan. 

Poliklinikaning o‘zida ijtimoiy dorixona mavjud, u 500dan ortiq, jumladan, 55 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmonlar bilan ta'minlangan. Dorilar o‘zgarmaydigan narxlarda, arzon sotiladi. Muassasada mijozlarning shifokor qabuliga elektron navbatga yozilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Odamlar uyda o‘tirib, onlayn tarzda navbatga yozilish va belgilangan vaqtda shifokor qabuliga kelishi mumkin. 

Poliklinikada jarroh, ginekolog, oftalmolog, otolaringolog, stomatolog, pediatr, terapevt kabi tor soha mutaxassislari faoliyat ko‘rsatadi. Qizlar salomatligi xonasida o‘smir yoshdagi qizlarni turmushga tayyorlash bo‘yicha zarur maslahatlar beriladi.

Poliklinikaning ish vaqti soat 8.00dan 20.00gacha. Aholi shu vaqtda umumiy amaliyot shifokorlari va patronaj hamshiralar nazoratida bo‘ladi, 20.00dan so‘ng tez yordam shoxobchasi xizmat ko‘rsatadi. Ya'ni, uzluksiz tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Prezident shifokorlar bilan suhbatda tibbiyotga munosabat o‘zgargani, soha vakillari aholi salomatligini mustahkamlash, patronaj xizmatini manzilli yo‘lga qo‘yishi kerakligini ta'kidlagan.

«Orolbo‘yida ekologiya og‘ir. Biz Qoraqalpog‘iston misolida tibbiyotni namuna qilmoqchimiz. Bundan avvalo odamlar rozi bo‘lishi kerak. Qachon rozi bo‘ladi? Sog‘ligi mustahkam bo‘lsa umri uzayadi, kayfiyati yaxshi bo‘ladi. Endi hisobot bilan emas, statistika bilan emas odamlarning kayfiyati bilan yashashlaring kerak. Bu yerda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit bor, endi mas'uliyat shifokorlarning o‘zida qoldi. Bugun hamma sohada talab o‘sdi. Tibbiyot xodimlari zimmasidagi vazifa hozirgi o‘zgarishlarni hayotga joriy qilish», degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shu yerda Abdambetov ko‘chasida qurilayotgan ko‘p qavatli arzon uylar, «Nukus city» shaharchasi qurilishi loyihalari bilan ham tanishgan.

Mavzuga oid