Sport | 15:51 / 24.11.2018
11554
3 daqiqa o‘qiladi

Uchta sport turi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoalarida xorijlik murabbiylar ish boshlaydi

Yunon-rum kurashi, og‘ir atletika va gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoalariga xorijlik murabbiylar ustozlik qila boshlaydi. Bugun, 24 noyabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda shunday qarorga kelindi.

Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, yunon-rum kurashi bo‘yicha gruziyalik murabbiy Zaza Silagadze, gimnastika bo‘yicha rossiyalik trener Yekaterina Pirojkova va og‘ir atletika bo‘yicha turkmanistonlik mutaxassis Artur Emiryan bilan shartnoma imzolanadi. Ushbu qaror xorijiy mutaxassislar bilan mehnat shartnomalari (kontraktlar) tuzish to‘g‘risida ish beruvchining takliflarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ekspert komissiyasi tomonidan qabul qilindi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Yig‘ilishda komissiya og‘ir atletika, sport kurashlari, taekvondo WTF va gimnastika sport turlari bo‘yicha federatsiya (assotsiatsiya)lar tomonidan taklif qilinayotgan xorijlik trenerlar nomzodlari bilan shartnomalar tuzish masalasini ko‘rib chiqdi. Jismoniy tarbiya va sport vaziri, ekspert komissiyasi raisi Dilmurod Nabiyev ayni masalada quyidagicha fikr bildirdi.

“Xorijlik murabbiylarni jalb etishda ayrim sport turlari bilangina cheklanib qolmasligimiz lozim. Ayniqsa, malakali mutaxassislar tanqis va yetarli natijalarga erishilmayotgan sport turlari bo‘yicha tajribali xorijlik mutaxassislarni jalb etishimiz kerak bo‘ladi. Yangi shartnoma tuzilayotgan xorijlik trenerlar tajribasidan 2020 yil Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan 32-yozgi Olimpiya o‘yinlariga munosib sportchilarni tayyorlash borasida unumli foydalanish zarur.” – dedi Nabiyev.

Yig‘ilish davomida tegishli federatsiyalar (assotsiatsiyalar) mutasaddilari so‘zga chiqib, taklif etilayotgan xorijlik mutaxassislarning tayinlanishi qanday afzalliklar keltirishi haqida ma'lumot berishdi.

Qo‘shimcha qilinishicha, xorijlik sport murabbiylarini jalb etish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 30 dekabrdagi “Sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi terma jamoalari a'zolari bo‘lgan sportchilarni tayyorlash uchun jalb etilgan xorijiy mutaxassislarning ish shart-sharoitlari to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 346-sonli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Mavzuga oid