Jahon | 09:30 / 25.11.2018
65929
13 daqiqa o‘qiladi

Kuril orollari kimniki?

Foto: TASS, Sergey Krasnouxov

Dunyo davlatlari o‘rtasida o‘z yechimini kutayotgan hududiy ziddiyatlar talaygina. Tog‘li Qorabog‘, Kashmir, Tibet, Golan tepaliklari...

Ularning ayrimlari bo‘yicha qonli janglar bo‘lib o‘tgani holda ham yakdil fikrga kelinmagan. Ikki davlat o‘rtasida rasman tinchlik shartnomasi imzolanmay, hamon urush maqomi saqlanib turilishiga sabab bo‘lgan ana shunday hududiy bahslardan biri bu Rossiya va Yaponiya o‘rtasidagi Kuril orollari muammosidir.

Ko‘pchilikni bir savol qiziqtiradi: nega Rossiya odam deyarli yashamaydigan, foydali qazilmalari ham haminqadar, hamisha davlat subsidiyalari bilan kun kechiruvchi, o‘z hududining mingdan biricha kelmaydigan kichik orollardan voz kecha qolmaydi? Axir bu davlatning sarhadlari cheksiz, amalda hech narsa yo‘qotmaydi. Qolaversa, qo‘shnisi va yuksak taraqqiy etgan davlat – Yaponiya bilan va nihoyat tinchlik shartnomasi imzolanadi. Yaponiya do‘stona yordam qo‘lini cho‘zsa, Rossiyaning hamisha iqtisodiy ijtimoiy muammolarga ko‘milib yuradigan Uzoq Sharq hududlari rivojlanib ketishi mumkin. Eng muhimi, dunyo yetmish yillik yana bir ziddiyatdan qutulardi.

Ammo hammasi bu qadar oddiy emas.

Foto: Wikipedia

Rossiya Kuril orollaridan voz kechmasligining sabablari talaygina:

1. Eng muhimi, Rossiya Yaponiya bilan Kuril orollari muammosi borligining o‘zini tan olmaydi. Ya'ni, bu hududlarga bo‘lgan huquqi hatto muhokama qilinmasligini ta'kidlaydi. Bahsli hududlar bo‘yicha BMT nizomiga ko‘ra bunday hududlarga har ikki tomon da'vo qilishi lozim. Rossiya bu hududda kim bilandir bahslashadigan masalaning o‘zi yo‘q deb hisoblaydi.

2. Kuril orollarini parcha-parcha quruqliklardan iborat, deganlar qattiq adashadi. Hokkaydodan Kamchatkaga qadar cho‘zilgan bu arxipelag 1200 kilometrdan ko‘proq hududga tarqalib ketgan. Ya'ni, kim bu orollarga egalik qilsa, o‘z sarhadlarini kamida shuncha masofaga kengaytirib oladi. Ammo bu hammasi emas. Kuril orollari ortida to‘rt tarafi Rossiya hududlari bilan o‘ralgan Oxota dengiz bor. Kuril orollari baliqqa boy bu dengizning o‘ziga xos darvozasi bo‘lish bilan birga, Rossiyaning Saxalin oroli, Kamchatka, Uzoq Sharq hududining yirik shaharlari uchun kemalar qatnovida bu dengizga emin-erkin kirib chiqishning ahamiyati nihoyatda katta.

3. Muhim jihatlardan yana biri bu orollarning harbiy ahamiyatidir. Ma'lumki, atom bombasi tashlagan bo‘lsa-da, AQSh Yaponiyaning hududdagi eng yaqin hamkori hisoblanadi. Bir paytlar Kuril orollari kabi bahsli hudud bo‘lgan Okinavada AQShning ulkan harbiy bazasi uzoq yillardan buyon faoliyat yuritishi Rossiyani sergaklantirmay qo‘ymaydi.

4. Kuril orollari muammosi o‘ziga xos «Domino effekti»ni yuzaga keltirishi mumkin. Gap shundaki, qachon Rossiya va Yaponiya o‘rtasida muammoga yechim izlansa, bir tomondan Finlyandiya bir vaqtlar o‘ziniki hisoblangan hamda ikkinchi jahon urushi yakunlariga ko‘ra boy bergan Kareliyaga da'vo qila boshlaydi, ikkinchi tomondan hamon dunyoning aksariyat davlatlarida noqonuniy egallab olingan deb hisoblanuvchi Qrim muammosi bosh ko‘taradi, hududi ikkinchi jahon urushi natijalariga ko‘ra belgilangan Kaliningrad muammosi eslanadi. Bu hammasi emas. Rossiyaga da'vo qilishlari mumkin bo‘lgan kichik hududiy masalalar yana anchagina.

5. Rossiyada ham Yaponiyachalik bo‘lmasada, millatparast kuchlar bor. Ular hududiy jihatdan bir qarich yerni boy berishni ham butun tizimning tanazzuli sifatida qabul qilishadi. Bir vaqtlar Rossiya prezidenti Boris Yeltsin Yaponiyaning iqtisodiy ko‘magi evaziga Janubiy Kuril orollaridan voz kechishni istagan. Ammo o‘sha millatparast kuchlarning qattiq qarshiligi bu rejani barbod qilgan. Ya'ni, har ikki davlatda bu masalada yon bergan siyosatchi mamlakat tarixiga «xoin» sifatida kirishini yaxshi bilishadi.

Shu o‘rinda Yaponiya nega bu hududlarni bunchalik talashishi ham qiziq.

1. Yaponiya Kuril orollari muammosini nafaqat qayta-qayta yodga olaveradi, balki bunday orollar nomini tilga olmagan holda bu hududlarni «Yaponiyaning shimoliy hududlari, ajralmas qismi» sifatida ko‘radi.

2. Yaponiya iqtisodiy gigant bo‘lgani holda siyosiy qudrati nisbatan cheklangan davlat hisoblanadi. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushi yakunlariga ko‘ra bu davlat ko‘p hududlari va mavqeini boy bergan. Ayrim hujjatlarga ko‘ra Yaponiyaniki ekanligi keltirilgan bu orollar masalasidagi bahsda ham taslim bo‘lish milliy g‘ururga katta zarba bo‘lishi mumkin. Hatto qudratli qo‘shnisi bilan qurolli ziddiyatga borishga tayyor ekanligini ta'kidlash bilan ham o‘z prinsipidan voz kechmaydi.

3. Kuril orollari muammosi (Yaponiya nazdida «shimoliy hududlar masalasi») Yaponiya siyosatining «o‘lmas mavzu»laridan biriga aylangan. Har qanday yirik siyosatchi aynan mana shu masaladagi qat'iy pozitsiyasi bilan siyosiy ochko to‘playdi. Saylovlar oldidan bu mavzu ayniqsa kuchliroq jaranglaydi. Har yili 7 fevral kuni Yaponiyada «Shimoliy hududlar kuni» nishonlanadi va juda ko‘pchilik orollarni qaytarishga oid chaqiriqlar hamda shiorlar bilan ko‘chalarga chiqishadi.

Tarix nimalardan so‘zlaydi?

Bu orollarning bunchalar uzoq davom etuvchi bahs obektiga aylanishi o‘ziga xos tarixga ega albatta. Ruslardan ham, yaponlardan ham oldin bu orollarda aynlar qabilalari yashab o‘tishgan. Aynan ularning tilida «kuru» so‘zi odam degan ma'noni anglatadi. Kuril orollari atamasi ham shu so‘zdan kelib chiqqan. 1635-1637 yillarda yapon ekspeditsiyasi a'zolari bu orollar haqida qisman ma'lumot yozib qoldirgan. Nisbatan to‘liq ma'lumot 1643 yilda Martin de Friz boshliq golland ekspeditsiyasi tomonidan keltirilgan va Martin de Friz hududni golland yerlari deb e'lon qilgan, ammo amalda hududni nazorat qilish bo‘yicha biror harakat qilmagan.

Rus ekspeditsiyasi dastlab 1646 yilda tashrif buyurgan va keyingi yillarda Rossiya orollarga qator kemalar jo‘natgan. 1786 yilda rus imperatori Yekaterina II hududni uzil-kesil Rossiya tasarrufiga o‘tkazadi va xaritalarga kiritadi. Shundan keyin bu orollar bilan bog‘liq masala ancha vaqtgacha ko‘tarilmaydi.

1855 yilning 7 fevral kuni Rossiya va Yaponiya o‘rtasida kelishuv imzolanadi hamda unga ko‘ra Iturup va Urup orollari o‘rtasidan ikki davlat chegarasi o‘tkaziladi. Shu tarzda Yaponiya hozirda bahslarga sabab bo‘layotgan Iturup, Kunashir, Shikotan va Xabomai orollari guruhiga ega bo‘ladi. Qolgan orollar Rossiya tasarrufiga o‘tadi. Aynan shuning uchun ham 1981 yildan buyon har yili 7 fevralda Yaponiyada «Shimoliy hududlar kuni» nishonlanadi.

Mayda orollarga oid kelishuvga qaramay yirik orol – Saxalin masalasi ochiq qoladi va bu ikki davlat savdogarlari hamda dengizchilari o‘rtasidagi ziddiyatlarga sabab bo‘laveradi. 1875 yilning 7 mayida imzolangan «Peterburg shartnomasi»ga ko‘ra Rossiya o‘rtada qolib ketgan 18 orolning barchasidan Yaponiya foydasiga voz kechadi va evaziga Saxalinning to‘liq hududini o‘ziniki qilib oladi. Bu kelishuv hududiy ziddiyatlarga uzil-kesil barham beradi.

Ammo yigirmanchi asr boshiga kelib Yaponiyada militaristik ruhiyat hukmron bo‘la boshladi. Bu davlat o‘z qo‘shnilariga qarshi qator yurishlar qildi. 1905 yildagi rus-yapon urushi yakuniga ko‘ra, Rossiya imperiyasi Janubiy Saxalindan voz kechishga majbur bo‘ldi.

Tarixdan ma'lumki, qudrat davlatlar o‘rtasida aylanib yuradi. Rossiyaning vorisi hisoblangan SSSR ikkinchi jahon urushi yakunlariga ko‘ra Yaponiyaga urush ochdi va barcha eski alamlarini to‘laligicha chiqarib oldi. Endi kunchiqar davlat nafaqat Saxalindan, balki Kuril orollaridan ham mosuvo bo‘ldi. Barcha hujjatlar imzolandi, biror e'tiroz qilishga holi bo‘lmagan Yaponiya orollardan voz kechdi. Kamiga dushmani o‘zining asosiy orollari chegarasiga kelib qoldi.

Keyinchalik, Yaponiya talqiniga ko‘ra, bu kelishuvlar Rossiya va Yaponiya o‘rtasidagi qadimiy chegaralarga asoslangani, bu chegaralarga ko‘ra Iturup, Kunashir, Shikotan va Xabomai orollari Yaponiya tasarrufida qolishi kerakligi, Yaponiya bu orollardan voz kechmaganligini ta'kidlay boshladi. Aynan mana shu masala keyinchalik bahslar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi va bu bahslar hanuz o‘z yechimini topmay kelmoqda. Chunki, Rossiya butun Kuril orollari nazarda tutilganini ta'kidlasa, Yaponiya bu orollar biror hujjatda ko‘rsatilmaganini dalil sifatida dastak qiladi.

Bahslarga qaramay bu orollar Rossiya tasarrufida va bu davlat o‘z harbiy qismlarini joylashtirish orqali hududga bo‘lgan huquqini tasdiqlashga harakat qiladi.

1956 yilga kelib urush holatiga chek qo‘yilmagani holda ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar tiklana boshlandi. Aynan mana shu iliqlik davrida orollar muammosini ham hal etib olishga urinildi. SSSR hatto Yaponiyaning Kunashir va Iturup orollariga bo‘lgan da'vosidan voz kechishi evaziga Xabomai hamda Shikotan orollarini qaytarish istagini bildirdi. Faqat buning uchun bir shart qo‘ydi – avval ikki davlat o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanishi lozim.

Ammo bu payt dunyo qutblari o‘rtasida sovuq urush boshlanib ulgurgan, ishga AQSh aralashgandi. AQSh Yaponiya o‘z da'vosidan voz kechsa, hozirda nazorat qilib turgan va kelajakda Yaponiyaga qaytarilishi rejalashtirilayotgan Okinava orolini qaytarmasligini bildirdi.

Shu tarzda muzokaralar yana boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, orollar muammosi yechilmagani singari tinchlik shartnomasi ham imzolanmadi. Keyingi yillarda ham deyarli har yili shu masala ko‘tarilsada, tomonlar yuzlab marta bu mavzu yuzasidan uchrashishgan bo‘lsada, muzokaralarda aytarli siljish kuzatilmadi.

Vaqti-vaqti bilan bu masala yuzasidan ziddiyat keskinlashib ketadi. Masalan, 2010, 2012 va 2015 yillarda Rossiya prezidenti va keyinchalik bosh vaziri Dmitriy Medvedev bahsli orollarga shaxsan tashrif buyurgan.

Medvedev Kurilda
Foto: ITAR-TASS

Bu harakatlar Yaponiya tomonidan juda og‘riqli qabul qilingan va Yaponiya TIV o‘z noroziligini bildirgan. Ammo Rossiya TIV bu masalada Moskva Tokio qarashlarini hisobga olmasligini e'lon qilgan. Buning ustiga 2012 yilning 14 fevralida Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari, armiya generali Nikolay Makarov Kunashir va Iturup orollarida yangi harbiy baza qurilishi to‘g‘risida bayonot berdi.

Yaponiya ham jim turmadi albatta. Sindzo Abe bu mamlakat bosh vazirligiga tayinlaganidan beri Kuril orollari masalasi bo‘yicha 30 raunddan ortiq muzokaralar olib bordi.

Amalda hech qanday siljish bo‘lmayotgani uchun «Shimoliy hududlar kuni» munosabati bilan joriy yilning 8 fevralida uyushtirilgan umummilliy s'yezdda so‘zga chiqqan Sindzo Abe hatto masala tinch yo‘l bilan hal etilmasa, hududlarni qaytarish uchun kuch ishlatishga ham tayyor ekanligini e'lon qilib yubordi.

Rasmiy Moskva esa bu so‘zlarga javoban Yaponiya o‘ziga ortiqcha baho berayotgani, bosiqlik qilmaslik yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini bildirdi.

Putin va Abe Vladivostokdagi dzyudo bo‘yicha turnirda
Foto: Reuters

Tahdidlarga qaramay har ikki tomon urushdan aslo manfaatdor emasligi juda yaxshi ma'lum. Shuning uchun Sindzo Abe yaqinda bergan intervyusida bu muammoni kelgusi avlodga qoldirish niyatida emasligini, hamkasbi Vladimir Putin bilan bu boradagi muzokaralar samarali bo‘layotgani hamda oxir-oqibat kelishuvga kelish mumkinligini bildirgan.

Abror Zohidov

Mavzuga oid