Jahon | 22:40 / 28.11.2018
34051
4 daqiqa o‘qiladi

Putin Kerch bo‘g‘ozidagi voqeaga izoh berdi

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kerch bo‘g‘ozida Rossiya va Ukraina harbiy kemalari o‘rtasida yuz bergan voqeaga ilk bor izoh berdi.  

Putinning aytishicha, yuz bergan voqea Ukraina prezidenti saylovlari oldidan Ukraina hukumati va ehtimol Pyotr Poroshenkoning ig‘vosidir.

“Qora dengizda bo‘lgan voqeaga kelsak, bu so‘zsiz ig‘vogarlikdir. 2019 yil martida o‘tadigan prezident saylovlari oldidan amaldagi hukumat va prezident tashkillashtirgan ig‘vodir. Amaldagi prezident saylovlarning ikkinchi turiga ham o‘tmasligi mumkin, uning hozirgi reytingi 5-o‘rinlarda turibdi. Shu sababli vaziyatni keskinlashtirish va raqiblar uchun yengib bo‘lmas to‘sqinliklar yaratish uchun nimadir qilish kerak edi”, deb aytgan Putin  “VTB Kapital”ning “Rossiya chorlamoqda” deb nomlangan forumida.

Putin bo‘lib o‘tgan voqeani “shunchaki chegarada yuz bergan voqea va undan bo‘lak narsa emasligini” aytgan. U avvalgi yillarda Ukrainada, misol uchun, Qrim 2014 yilda Rossiyaga qo‘shilishni istaganida yoki keyinroq, Ukraina sharqida “tanklar, og‘ir artilleriya, aviatsiya qo‘llanishi” bilan ixtilof avj olganda mamlakatda harbiy vaziyatni kiritish uchun jiddiyroq asoslar bo‘lganini eslatib o‘tgan. 

“Mohiyatan bu urush bo‘lgan, biroq hech qanday harbiy vaziyat kiritilmagandi”, deb ta'kidlab o‘tdi Putin.

“Hozir esa Qora dengizda arzimas bir voqea bo‘ldi va mamlakatda harbiy vaziyat kiritildi. Bu yaqqol saylovlar arafasida qilinmoqda, bu mutlaq ayon narsa”, deb qo‘shimcha qilgan Rossiya prezidenti. Putinning ta'kidlashicha, sentabrda Ukrainaning harbiy kemalari Kerch bo‘g‘ozi orqali Azov dengiziga o‘tgan, biroq o‘shanda barcha kelishuvlar va rossiyalik chegarachilarning talablari bajarilgan, yaqinda yuz bergan voqeada esa kemalar chegara xizmati murojaatlariga javob bermagan.   

Putinning aytishicha, bu holatda Ukraina tomonining harakatlarida “harbiy vaziyat kiritish uchun bahona sifatida qo‘llash mumkin bo‘lgan, avvaldan tayyorlangan ig‘vo alomatlari bor bo‘lgan”. “Rossiya va Ukraina munosabatlarini tartibga solishga urinishlar bilan hech qanday umumiy narsa yo‘q. Bu keskinlashuvga qaratilgan o‘yin, siyosiy raqiblarni bostirish uchun mamlakat ichida olib borilayotgan nopok o‘yindir”, deb qo‘shimcha qilgan Putin.

Rossiya prezidenti, shuningdek, chegarachilar Ukraina kemalarini ushlash vaqtida o‘z burchlarini bajarganlarini ta'kidlab o‘tdi.   

25 noyabrda Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining  “Berdyansk”, “Nikopol” va “Yany Kapu” kemalari Rossiya chegarasini buzib, vaqtinchalik yopilgan hududga kirib, chegarachilar talablariga javob bermagan. Barcha uch kema va ulardagi ekipaj ushlangan.

Ushbu voqea yuzasidan davlat chegarasini buzish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ushlangan 24 nafar dengizchining 15 nafari ehtiyot chorasi sifatida 2 oyga hibsga olingan.

Mavzuga oid