Jahon | 16:22 / 02.12.2018
13844
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Si Tszinpin o‘zaro kelishib oldi

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy rahbari Si Tszinpin bilan Buenos-Ayresda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin Xitoyga nisbatan qo‘shimcha tariflarni joriy qilmaslikka qaror qildi. “Ular kamida 90 kun mobaynida yangi tariflarni joriy qilmaslikka qaror qilishdi”, deb xabar beradi  Reuters agentligi Oq uy matbuot xizmatiga tayanib.  

Dastlab AQSh 1 yanvardan umumiy hajmi 200 mlrd dollar bo‘lgan Xitoy tovarlariga 25 foizlik tarif joriy qilishi ko‘zda tutilayotgan edi. Biroq Tramp qarorini o‘zgartirdi. “Sinxua” axborot agentligining xabar berishicha, Xitoy va AQSh rahbarlari barcha qo‘shimcha tariflarni bekor qilish bo‘yicha muzokaralarni tezlatishga kelishib olishdi.  

“Xitoy va AQSh barcha amaldagi tariflarni bekor qilishga qaratilgan muzokaralarni tezlatadi”, – deb xabar beradi axborot agentligi tashqi ishlar vazirligiga tayanib. 

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I AQSh va Xitoy rahbarlari “qulay payt kelganda” o‘zaro tashrifga kelishib olishganini aytgan. “Rais Si Tszinpin va AQSh prezidenti Donald Tramp qulay payt kelganda tashrif almashishga kelishib olishdi”, – dedi Van I uchrashuv yakunlariga to‘xtalib.   

Tramp va Si Tszinpin “ikki davlat albatta munosabatlarini yaxshilab olishi”ga kelishib olishdi.

Mavzuga oid