Jahon | 23:09 / 03.12.2018
17679
8 daqiqa o‘qiladi

«Katta» Bush – harbiy uchuvchi, millioner, MRB boshlig‘i va prezidentning otasi

Shu yilning 30 noyabr kuni AQShning sobiq prezidenti «Katta» Jorj Bush 94 yoshida vafot etdi. Uning prezidentlik davri dunyo ko‘plab o‘zgarishlarni boshidan kechirayotgan – SSSR parchalanishi, Berlin devorining qulashi davriga to‘g‘ri kelgandi. «Katta» Bush AQSh va jahon siyosatida qanday ishlari bilan yodda qoldi?

Senatorning o‘g‘li, yuqori sinflar prezidenti

Jorj Bush 1924 yilda Massachusets shtatidagi Milton shaharchasida senator va bankir Preskott Bush va Doroti Uoker Bush oilasida dunyoga kelgan. Keyinroq ularning oilasi Konnektikut shtatidagi Grinvich shahriga ko‘chib ketadi. Bush Grinvichdagi maktabda tahsil oladi, 1936 yildan esa Endoverdagi Fillips akademiyasida o‘qiydi. U bu yerda yuqori sinflar prezidenti, talabalar kengashi kotibi, maktab gazetasi tahririyati a'zosi, beysbol va futbol bo‘yicha terma jamoalar sardori bo‘ladi.

Harbiy uchuvchi

1941 yil dekabrda yaponlarning Pyorl-Xarborga hujumidan so‘ng Bush AQSh harbiy-dengiz kuchlariga kirishga qaror qiladi. U 1942 yil boshida Fillips akademiyasini bitirganidan so‘ng 18 yoshida dengiz uchuvchisi bo‘ladi. O‘n oylik mashg‘ulotlardan keyin Bush Korpus Kristi harbiy-dengiz aviabazasi zaxirasining kichik ofitseriga aylanadi. 1943 yil 9 iyunda u o‘sha davrning eng yosh dengiz uchuvchisi bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushi davomida ko‘plab harbiy operatsiyalarda ishtirok etgan Bush qator medallar bilan taqdirlanadi va 1945 yil sentabrda harbiy xizmatdan bo‘shaydi.

Biznesmen va millioner

Bush harbiy xizmatga kirguniga qadar Yyel universitetiga qabul qilingandi. Xizmatdan so‘ng u o‘qishni davom ettiradi. Jorj tezlashtirilgan dastur asosida ta'lim oladi va 4 yil o‘rniga ikki yarim yilda o‘qishni bitiradi. O‘qishni bitirgach, u oilasi bilan g‘arbiy Texasga ko‘chib o‘tadi. Otasining aloqalari unga neft biznesiga - Brown Brothers Harriman & Co kompaniyasining sho‘'ba korxonasi bo‘lgan Dresser Industries kompaniyasiga savdo bo‘yicha mutaxassis sifatida ishga joylashishiga yordam beradi. Uning otasi bu yerda 22 yil davomida direktorlar kengashida ishlagandi.

Bush 1951 yilda neft qazib olish bilan shug‘ullanadigan Bush-Overbi kompaniyasiga asos soladi va ikki yildan so‘ng Zapata Corporation neft kompaniyasining hammuassisiga aylanadi. 1954 yilda Zapata Offshore Company sho‘'ba kompaniyasining direktori bo‘ladi. Kompaniya 1958 yilda mustaqil bo‘ladi, Bush 1964 yilgacha kompaniya prezidenti, 1964-66 yillarda esa direktorlar kengashi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Bu paytga kelib Jorj Bush millionerga aylangandi.

Siyosatga qadam

Jorj Bush o‘z kompaniyasiga asos solgan paytdayoq siyosatga kiradi va Vakillar palatasi a'zosi bo‘ladi. U 1964 yilda Harris okrugi bo‘yicha respublikachilar partiyasining raisi bo‘ladi, ammo siyosatga yanada chuqurroq kirish maqsadida Texas senatiga o‘z nomzodini ilgari suradi, ammo saylovda yetarli ovoz ololmaydi.

Bush siyosatdan voz kechmaydi va 1966 yilda Vakillar palatasiga saylanadi, ikki yildan so‘ng esa ikkinchi muddatga saylanadi.

1970 yilda prezident Nikson Bushni Vakillar palatasidan ketishga va Senatdan o‘rin olish uchun kurashishga ko‘ndiradi. Bush saylovlarda mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng Nikson uni AQShning BMTdagi muntazam vakili etib tayinlaydi. Jorj Bush 1971 yildan boshlab ikki yil davomida BMTda faoliyat ko‘rsatadi.

Niksondan keyin kelgan prezident Jyerald Ford Bushni XXR bilan aloqalar bo‘yicha byuro boshlig‘i etib tayinlaydi. Bush 14 oyni Xitoyda o‘tkazadi.

1976 yilda Bush Vashingtonga qaytadi hamda Markaziy razvedka boshqarmasi direktori etib tayinlanadi. U bu lavozimda 357 kun faoliyat olib boradi.

MRBdan ketganidan so‘ng Bush Xyustondagi Birinchi xalqaro bank ijroiya qo‘mitasining raisi bo‘ladi. 1977—1979 yillarda Xalqaro munosabatlar bo‘yicha kengash direktori lavozimida faoliyat olib boradi.

Reyganning tanlovi

O‘tgan asrning 70-yillari oxirida Bush o‘zini 1980 yilgi prezident saylovlariga o‘z nomzodini qo‘yishga tayyor deb hisoblaydi. 1979 yildagi saylov kampaniyasi davomida u 850ta siyosiy tadbirda qatnashadi va 400 000 kilometrdan ortiq yo‘l bosadi.

Bush Nyu-Hempshirdagi praymerizda Ronald Reyganga mag‘lub bo‘ladi. U qolgan praymerizlarda ham mag‘lubiyatga uchraydi va may oyida prezidentlik poygasidan chiqadi.

Ammo Reygan uni vitse-prezidentlikka nomzod sifatida tanlaydi va 1981 yildan Bush vitse-prezident sifatida ish boshlaydi.

1984 yilda Reygan va Bush qaytadan saylanish uchun o‘z nomzodlarini qo‘yishadi va g‘alaba qozonishadi.

Sakkiz soatlik prezidentlik

Vitse-prezidentligining ikkinchi muddati boshida Bush yordamchilari bilan 1988 yilgi prezident saylovlariga o‘z nomzodini qo‘yishni rejalashtiradi. 1985 yilda bu borada qo‘mita tuziladi va Bush uchun ikki million dollardan ortiq mablag‘ to‘planadi. 1985 yil 13 iyulda Jorj Bush rasman prezident vazifasini bajargan ilk vitse-prezidentga aylanadi. Reygan shifoxonada operatsiya qilinayotgan paytda Bush 8 soat davomida prezident vazifasini bajargandi.

O‘zgarishlar davri prezidenti

Jorj Bush 1988 yilda AQSh prezidenti etib saylandi. U 1836 yildan buyon saylovlarda g‘alaba qozonib prezident bo‘lgan ilk vitse-prezident bo‘ldi. U shuningdek, 1929 yildan buyon o‘zidan oldingi prezidentning partiyasidan saylangan birinchi prezidentga aylandi.

Bushning inauguratsiya marosimi 1989 yil 20 yanvarda bo‘lib o‘tdi. Jorj Bush dunyoda ulkan o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan – Berlin devori qulagan, SSSR parchalanayotgan davrda hukumat tepasiga keldi.

Prezidentlik muddati boshida Bush byudjyet defitsiti muammosi bilan to‘qnash keldi. 1980 yildan buyon defitsit miqdori uch baravar o‘sib, 220 milliard dollarga yetgandi. Bush defitsitni to‘xtatishga qaror qildi, u buningsiz Amerika jahon yetakchisiga aylana olmasligiga ishonardi. U Kongressni byudjyetga muvofiq ish ko‘rish va davlat xarajatlarini kamaytirishga ko‘ndirdi.

Ammo iqtisodiy retsessiya va saylovoldi kampaniyasi davomida berilgan va'dalarga zid tarzda soliqlarning oshirilishi, ishsizlikning kuchayishi Bushning reytingiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi va u 1992 yilgi saylovlarda mag‘lubiyatga uchradi.

Nima uchun «Katta» Bush va boshqa ma'lumotlar

  • «Katta» Jorj Bush davrida AQSh Panamaga (1989 yil) va Iroqqa (1991 yil) bostirib kirgan.
  • 2001 yilda o‘g‘li Jorj Bush AQSh prezidenti etib saylanganidan so‘ng, «AQSh prezidenti Jorj Bush» deyilganida uni tushunmasliklari uchun unga norasmiy «Katta» laqabi berilgan.
  • U 75 yoshidan boshlab har 5 yilda tug‘ilgan kunini parashyutda sakrab nishonlagan – so‘nggi marta u 90 yoshida parashyutda sakragan.
  • Bush 2017 yil 24 noyabrda AQSh tarixidagi eng uzoq umr ko‘rgan prezident sifatida rekord qo‘ygan bo‘lsa, 2018 yil 12 iyunda AQSh tarixidagi 94 yoshga yetgan birinchi prezidentga aylangan.
  • Bush 1945 yilda Barbara Pirs bilan turmush qurgan. Ular olti farzand – to‘rt o‘g‘il va ikki qizni dunyoga keltirishgan. Farzandlari orasida Jorj Uoker Bush AQShning 43-prezidenti, Jeb Bush esa Floridaning 43-gubernatori bo‘lgan.

Mavzuga oid