O‘zbekiston | 23:58 / 05.12.2018
104031
13 daqiqa o‘qiladi

YPX xodimlari hamda yo‘l harakati qatnashchilari qanday huquq va majburiyatlarga ega bo‘ldi?

Hukumat qarori bilan Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Ushbu nizomda YPX xodimlari hamda yo‘l harakati qatnashchilarining huquq va majburiyatlari belgilab berildi.

Yo‘l-patrul xizmati xodimi tomonidan transport vositalari quyidagi asoslarga ko‘ra to‘xtatilishi mumkin:

  • yo‘l harakati qoidalarining buzilishi vizual kuzatuvda aniqlanganda yoki maxsus moslamada qayd qilinganda;
  • transport vositasi, haydovchi yoki yo‘lovchi qidiruvda ekanligi, yo‘l transport hodisasiga aloqador ekanligi haqida ma'lumotlar bo‘lganida;
  • yo‘l transport hodisasi, huquqbuzarlik sodir etilganligini ko‘rgan haydovchi yoki yo‘lovchidan hodisa tafsilotiga oydinlik kiritish zarurati yuzaga kelganda;
  • vakolatli davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning harakatni cheklash yoki taqiqlash bo‘yicha ko‘rsatmalarini bajarish jarayonida;
  • transport vositasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish zarurati yuzaga kelganda;
  • maxsus tadbirlarni o‘tkazish jarayonida;
  • transport vositasidan foydalanish va boshqarish huquqini beruvchi, shuningdek transport vositasi va olib ketilayotgan yuklarga oid hujjatlar mavjudligini tekshirish uchun.

YPX xodimi tomonidan boshqa asoslarga ko‘ra transport vositalarining to‘xtatilishi taqiqlanadi.

YPX xodimi tomonidan transport vositasi hujjatlarni tekshirish uchun to‘xtatilganda, faqat ushbu hujjatlarni tekshirish jarayonida aniqlangan qoidalar buzilishi bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chora ko‘riladi.

YPX xodimi o‘z xizmat vazifalarini bajarishda quyidagi huquqlarga ega:

  • Nizomda ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra transport vositasini to‘xtatish, undan foydalanish va boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni, transport vositasiga, shuningdek, tashilayotgan yuklarga oid hujjatlarni tekshirish;
  • haydovchi yoki yukni kuzatib borayotgan shaxs bilan birgalikda transport vositasini va yuklarni tashqi ko‘zdan kechirish;
  • yo‘l transport hodisasi va boshqa huquqbuzarlik sodir etilganligining guvohi bo‘lgan yo‘l harakati qatnashchilarini aniqlash;
  • tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish;
  • transport vositasining dvigatel va agregat qismlarining raqamlarini ro‘yxatlash hujjatlarida yozilgan raqamlar bilan haydovchining bevosita ishtirokida solishtirish (haydovchining ishtirokini ta'minlash imkoni bo‘lmagan holatlar bundan mustasno);
  • transport vositasini ta'qib kilish yoki kuzatish;
  • jinoyat sodir etganligi uchun ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan hamda qidiruvda bo‘lgan shaxslarni ushlab turish;
  • alkogolli ichimlikdan‚ giyohvand modda ta'siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda bo‘lgan, transport vositasini boshqarish uchun tegishli hujjatlari bo‘lmagan, ruhiy holati yoki sog‘ligi transport vositasini boshqarishga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan nosoz transport vositasini boshqarayotgan shaxslarni transport vositasini boshqarishdan chetlashtirish, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini olib qo‘yish, transport vositasini saqlab turadigan maxsus ajratilgan joyga qo‘yish uchun olib borilishini ta'minlash;
  • qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda‚ jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va o‘qotar qurolni qo‘llash.

YPX xodimlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Quyidagi hollarda YPX xodimi haydovchi yoki yo‘lovchilardan transport vositasi kabinasidan chiqishini talab qilishga haqli:

  • transport vositasidagi texnik nosozlikni va yuk tashish qoidasi buzilganligini bartaraf etish maqsadida;
  • haydovchi transport vositasini mast holda boshqarayotgan deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud bo‘lganda;
  • transport vositasining dvigatel va agregat qismlari raqamlarini ro‘yxatlash hujjatlarida yozilgan raqamlar bilan farq aniqlangan taqdirda bevosita haydovchi ishtirokida solishtirish maqsadida;
  • transport vositasiga tegishli hujjatlar yoki unda olib ketilayotgan yuk hujjatlari mavjudligini tekshirish zarurati yuzaga kelganda;
  • haydovchi yoki yo‘lovchi jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotganda;
  • haydovchining transport vositasi kabinasida bo‘lishi yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashga tahdid solishi mumkin bo‘lgan hollarda.

Jismoniy nuqsoni sababli haydovchining transport vositasi kabinasidan chiqish imkoniyati cheklangan holatlar bundan mustasno.

YPX xodimi o‘z xizmat vazifalarini bajarishda quyidagilarga majbur:

  • xizmat vazifalarini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borish (2019 yil 1 iyuldan);
  • vizual kuzatuv hamda maxsus moslamalardan foydalangan holda qoidalar buzilganligini aniqlash;
  • yo‘l harakati qatnashchisini to‘xtatganidan keyin uning oldiga borish, o‘zini tanishtirish, lavozimi, unvoni, familiyasi hakida ma'lumot berish, uning talabiga ko‘ra ko‘krak nishon belgisini ma'lum qilish va xizmat guvohnomasini ochiq holda ko‘rsatish;
  • yo‘l harakati qatnashchilariga mobil videokameradan foydalanayotganini ma'lum qilish va kelgusida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etsa, aybini isbotlash uchun video yozuvdan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirish (2019 yil 1 iyuldan);
  • har qanday vaziyatda yo‘l harakati qatnashchilari bilan vazmin, xushmuomala, odobli va e'tiborli bo‘lish, ularga xurmat bilan hamda “siz” deb murojaat qilish, yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlarda muomala madaniyati va qonuniylikka rioya qilish;
  • yo‘l harakati qatnashchilariga ularni to‘xtatish sababi, sodir etilgan huquqbuzarlik yuzasidan aniq, lo‘nda tushuntirish berish;
  • haydovchini mast holda deb xisoblashga asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, uni transport vositasini boshqarishdan chetlatish, mastlik holatini aniqlash uchun belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazish, haydovchi mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruv o‘tkazilishidan bo‘yin tovlagan taqdirda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirish;
  • belgilangan tartibda berilgan ko‘rsatmaga asosan yo‘l harakati qatnashchilari harakatini cheklash yoki taqiqlash;
  • qoidalarni buzgan yo‘l harakati qatnashchisiga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirish chog‘ida unga huquq va majburiyatlarini tushuntirish;
  • huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq o‘z vaqtida tegishli choralarni ko‘rish;
  • yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joy holatini o‘zgartirish, dalillar yo‘qotilishi yoki yo‘q qilinishining oldini olish maqsadida hodisa joyini o‘rab olish choralarini ko‘rish;
  • huquqbuzarlikdan yoki baxtsiz hodisalardan jabrlanganlarga, hayoti (sog‘ligi) xavf ostida qolgan shaxslarga, tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan yo‘l harakati qatnashchilariga hamda yo‘l transport hodisasi oqibatida shikastlangan transport vositalarini belgilangan joyga olib borishda fuqarolarga yordam ko‘rsatish;
  • belgilangan harakatlanish tezligini oshirib, qoidalarni buzgan haydovchini maxsus moslamaning ko‘rsatkichlari bilan tanishtirish, uning talabiga ko‘ra moslamaning qiyoslash sertifikatini ko‘rsatish;
  • yo‘l harakati qatnashchilariga yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs) yoki sudga shikoyat qilish huquqini tushuntirish.

YPX xodimi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.

YPX xodimi tomonidan yo‘l harakati qatnashchisini asossiz to‘xtatib turish taqiqlanadi.

YPX xodimi yo‘l harakati qatnashchisini to‘xtatganda yoki u tomonidan sodir etilgan qoidalar buzilishini rasmiylashtirish jarayonida holatga daxldor bo‘lmagan hamda qonun hujjatlarida belgilangan vakolatga ega bo‘lmagan shaxslarga qoidalar buzilishini rasmiylashtirish yuzasidan tushuntirish berishga majbur emas.

Yo‘l harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan o‘zaro munosabatlarda quyidagi huquqlarga ega:

  • YPX xodimi tomonidan to‘xtatish asoslarini, qoidalarning qaysi bandi (bandlari)ni buzganligi to‘g‘risida tushuntirish berilishini talab qilish;
  • transport vositasini to‘xtatgan YPX xodimidan o‘zini tanishtirishini, xizmat guvohnomasini ko‘rsatishini va ko‘krak nishon belgisini ma'lum qilishini talab qilish;
  • xizmatni mobil videokamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik (2019 yil 1 iyuldan) ;
  • YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatini o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilish (YPX xodimi tomonidan foto va video tasvirga olish taqiqlangan belgi mavjud hududlarda xizmat olib borish holatlari bundan mustasno);
  • mazkur nizomda nazarda tutilgan hollardan tashqari transport vositasi kabinasidan chiqmasdan‚ YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatga kirishish;
  • sodir etgan qoidabuzarligi qayd etilgan maxsus moslama natijalari bilan tanishish;
  • huquqbuzarlik holatini aniqlashda foydalanilgan maxsus vositalarning qiyoslash sertifikatlarini ko‘rsatishni talab qilish;
  • huquqbuzarlik xolati yuzasidan tushuntirishlar berish;
  • asossiz to‘xtatib turilmasligini talab qilish;
  • YPX xodimi tomonidan transport vositasini yoki undagi yukni tashqi ko‘zdan kechirish jarayonida ishtirok etish;
  • o‘ziga nisbatan rasmiylashtirilgan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish hujjatlari bilan tanishish, ulardan o‘z hisobidan nusxa ko‘chirish yoki ularni fotosuratga olish;
  • YPX xodimining harakatlari yoki harakatsizligi, rasmiylashtirilgan huquqbuzarlik to‘g‘risida ma'muriy bayonnoma hamda chiqarilgan qaror ustidan yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs)ga yoki sudga shikoyat qilish;
  • o‘zi guvohi bo‘lgan hodisa haqida YPX xodimiga haqqoniy ma'lumotni bayon qilish.

Yo‘l harakati qatnashchilari qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Yo‘l harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan o‘zaro munosabatlarda quyidagilarga majbur:

  • YPX xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunish va ularni bajarish;
  • transport vositasini boshqarishda belgilangan hujjatlarni, shaxsini tasdiqlovchi (transport vositasini haydovchilik guvohnomasisiz boshqargan hollarda) hujjatlarni YPX xodimlari talab qilganda tekshirish uchun taqdim etish;
  • YPX xodimiga sovg‘a, moddiy qimmatliklar taklif qilmaslik yoki boshqa shaklda manfaatdor etishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirmaslik;
  • mansab vakolatini suiiste'mol qilgan holda xizmat guvohnomasini ko‘rsatmaslik (qonun hujjatlarida sodir etgan qoidabuzarligi uchun ma'muriy javobgarlikning alohida tartibi belgilangan shaxslar bundan mustasno);
  • yo‘l harakatining boshqa qatnashchisi hamda YPX xodimi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatga xalaqit bermasligi shart.

Yo‘l harakati qatnashchilari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.

YPX xodimi quyidagi hollarda huquqbuzarni yaqin oradagi ichki ishlar bo‘limiga yoxud fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga olib borishi mumkin:

  • haydovchi YPX xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan hollarda, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani sodir etilgan joyda tuzish imkoni bo‘lmasa;
  • transport vositalaridan foydalanish, harakat tartibi va xavfsizligini saqlash qoidalari buzilgan taqdirda, huquqbuzarda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va u haqida zarur ma'lumotlar berish mumkin bo‘lgan guvohlar bo‘lmasa.

O‘zining shaxsiy xavfsizligi va harakat qatnashchilari xavfsizligini ta'minlash uchun ta'qib qilish yoki kuzatish vaqtida YPX xodimi quyidagilarga amal qilishi lozim:

  • patrul avtomobilida maxsus chiroq-mayoqcha va tovushli signallar muntazam yoqilgan holatda bo‘lishi;
  • aniq shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda harakat tezligini tanlashi;
  • yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini hushyorlik va ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari bo‘yicha xabardor qilib borishi;
  • ta'qib qilish va kuzatish jarayonida transport vositasining harakatlanishini cheklash choralarini ko‘rishi.

YPX xodimi ta'qib qilish yoki kuzatish vaqtida yo‘l harakati qatnashchilarining hayoti va sog‘ligi uchun xavfli harakatlar sodir etmasligi lozim.

Mavzuga oid