Jamiyat | 21:20 / 06.12.2018
16774
2 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘on tumani maktabgacha ta'lim tizimidagi «o‘yinlar»ga barham berildi. Bo‘limga yangi rahbar tayinlandi

Kun.uz saytida 2018 yil 20 oktabr kuni Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani maktabgacha ta'lim tizimidagi muammolar, kamchiliklar va sodir bo‘layotgan noqonuniy holatlar haqida maqola e'lon qilingan edi.

Mazkur holatlar tegishli tashkilotlar tomonidan, xususan, Samarqand viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasi bo‘yicha ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqilgan.

Kun.uz manbasi ma'lumotiga ko‘ra, o‘rganish natijalariga ko‘ra, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbari F.Hamdamova lavozimidan ozod etilgan. Aniqlangan noqonuniy holatlar yuzasidan xulosalar tuman prokuraturasiga taqdim etilgan.

2018 yil 5 dekabr kuni Kattaqo‘rg‘on tuman maktabgacha ta'lim bo‘limining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Samarqand viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i Nigora Sadinova, tuman hokimi A'zamxon Bahromov ishtirok etdi.

Tuman hokimi soha xodimlari va mutasaddilarini oldida turgan dolzarb masalalar haqida gapirib, tumandagi mazkur tizimdagi muammolar va kamchiliklarni jiddiy tanqid qildi. Maktabgacha ta'lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan rahbarlar-u tarbiyachilar, pedagoglar asosiy e'tiborini barkamol avlodni tarbiyalashdek mas'uliyatli vazifaga sidqidildan yondoshishga qaratishlari lozimligini ta'kidladi.

Shundan so‘ng yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rilib, Toshturdi Alqarov Kattaqo‘rg‘on tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri lavozimiga tayinlangan.

T.Alqarov bunga qadar maktabgacha ta'lim tizimida mas'ul lavozimlarda faoliyat yuritib kelgan.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid