O‘zbekiston | 00:33 / 08.12.2018
53396
5 daqiqa o‘qiladi

«Mingbuloqneft»da nima gaplar? - neft konidan fotoreportaj

Darhaqiqat, shumxabar yashin tezligida tarqaydi. Kecha ko‘plab internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatidagi “Mingbuloqneft” hududida nimadir gumburlagani haqida turfa yangiliklar berildi. Viloyatning ikki-uchta tumanlarida yashovchi aholi aynan Mingbuloq tumani tomonidan vahimali ovoz kelganini eshitgan.

Namangancha paradoks. Gumburlashni eshitganlar ovoz haqidagi xabarlarni yolg‘onga chiqarishdi, ovoz qayerdan chiqqani sirligicha qolmoqda

Andijon viloyati Ulug‘nor tumanining “Cho‘lobod” va “Bo‘ston” mahallalari qo‘shni viloyatning Mingbuloq tumani bilan chegaradosh. Mazkur hududdan neft konigacha bo‘lgan masofa 4–5 kilometrni tashkil etadi. Ikki mahalla aholi vakillari ham gumburlashni eshitishganini, lekin uning aynan “Mingbuloqneft” tomonidan kelganini aniq aytisha olishmadi.

Bu holatga oydinlik kiritish maqsadida, “Andijonneft” hissadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Mansurbek Davlatovga murojaat qildik. Mutasaddi neft koniga borib, ish jarayoni va u yerdagi holat bilan tanishishimiz mumkinligini aytdi.

Biz “Andijonneft” va Xitoyning “CNODC” kompaniyasi ta'sischiligida tashkil etilgan “Mingbuloqneft” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasidamiz. Mazkur qo‘shma korxona Mingbuloq konida qidiruv ishlarini amalga oshirish va neft qazib chiqarish maqsadida tashkil qilingan.

O‘quvchilar uchun qiziqarli ma'lumot: Shu kungacha olib borilgan burg‘ilash ishlari davomida 5918 metr quduq kavlanib, ikkita obektda neft va gaz borligi aniqlangan. Ayni paytda uchinchi obektning mahsuldorligini aniqlash jarayoni ketmoqda.  

 

Qo‘shma korxonada 100 nafar mutaxassis faoliyat yuritadi. Ularning yarmi chet ellik mutaxassislardir.

Neft konidagi holat bilan qo‘shma korxona bosh muhandisi Isroilxo‘ja Ulug‘xonov hamrohligida tanishib chiqdik. Kunlik ish jarayoni avjida. 

 

“Ko‘rib turganingizdek, obektda xavfsizlikka juda katta mas'uliyat bilan e'tibor beriladi. Barcha ishchilar maxsus kiyimlar bilan ta'minlangan. Ularning barchasining kiyimiga zaharli gaz hidi sezilishi bilan signal beruvchi moslamalar o‘rnatilgan. Har bir jarayon doimiy nazorat ostida olib boriladi. Favqulodda holatlarda ishchilarning qanday harakatlanishi borasida muntazam mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Viloyat va tuman yong‘in xavfsizligi bilan doimiy hamkorlikdamiz”, — deydi Mansurbek Davlatov 

O‘quvchilar uchun qiziq bo‘lgan kechagi gumburlagan tovush haqida bosh muhandisdan so‘raymiz. U “Juda hayronman, kecha bizning neft konida umuman favqulodda vaziyat va portlash holatlari bo‘lmadi. O‘zimiz ham internet nashrlaridan o‘qib bildik”, deydi mutaxassis. 

Darhaqiqat, konda umuman portlash asoratlari yo‘q. Yana kechagi xabarlarda “Mingbuloqneft” hududiga xavfsizlik nuqtai-nazaridan postlar qo‘yilib, aholi o‘tkazilmayotgani haqida aytilgan edi. Biz maqola tayyorlash maqsadida qo‘shma korxonaga kirayotganimizda “Damas” avtomashinasi to‘la yo‘lovchilar maskan darvozasi oldiga kelib, konning yonida suratlarga tushib ham ketishdi. Kechagi voqeaga qiziqib bu joyga kelayotganlar ko‘p ekan.

Rosti, maqola bilan tanishayotgan o‘quvchida: “Unda portlash tovushining sababi nima?”, “Jurnalist nimanidir bizdan yashirib, voqeani xaspo‘slashyapti shekilli?”, degan savollar paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun maqolada fotolavhalarga katta e'tibor berib, “Mingbuloqneft” konining barcha tomonlarini ko‘rsatishga urindik.

Aholi vakillari orasida hududdagi metan gaz quyish shoxobchalaridan birida yuk mashinasi gaz balloni portlagani haqida taxminlar yuribdi.

Portlash kon hududida bo‘lmasa, atrofdagi qaysidir obektda bo‘lgan. Chunki, birdaniga minglab odamlarda — “qulog‘iga portlash tovushi eshitilishi” sindromi uchramasa kerak?

“Mingbuloqneft” xodimlari bunday voqea sodir bo‘lmaganini takror aytishdi va biz ham kon hududida salbiy hodisaning biror asoratini ko‘rmadik.

Tegishli idoralar voqeani tekshirib, asl haqiqatni yetkazadi, degan umidimiz bor.

Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid