Milliy sirk san'atini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli kamchiliklar ma'lum qilindi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbek sirk san'atini yanada rivojlantirish hamda “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Hujjatda ta'kidlanishicha, sirk san'atining aholi, ayniqsa, yoshlarning maroqli dam olishlari, ularga estetik zavq bag‘ishlashdagi rolini inobatga olib, sirk dasturlari va tomoshalarining badiiy saviyasi hamda qamrovini kengaytirish bilan bir qatorda, ularni sirk manejlarida jahon talablari asosida o‘tkazish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bildirilishicha, ayni paytda, milliy sirk san'atini yanada rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli kamchiliklar mavjud. Jumladan:
birinchidan, sirkni boshqaruv tizimi yillar davomida qoniqarsiz tashkil etilganligi, shuningdek dasturlar va tomoshalarning badiiy saviyasi keskin pasayib ketganligi natijasida oxirgi 20 yilda tomoshalar soni 1 052 tadan hozirgi kundagi 200-250 tagacha kamaygan;
ikkinchidan, sirkning ishlab chiqarish xodimlarining ish haqi miqdorlari pastligi, shuningdek ish natijadorligiga nisbatan moddiy rag‘batlantirish tizimi yo‘qligi sababli kadrlar qo‘nimsizligi va mutaxassislarning yetishmasligi yuqori darajada, shuningdek, keyingi yillarda malakali tor soha mutaxassislarning xorijiy davlatlar sirklarida ishlash uchun jo‘nab ketish holatlari tez-tez uchramoqda;
uchinchidan, gastrol faoliyatini amalga oshirish hamda kadrlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilmagan;
to‘rtinchidan, sirk hayvonlarini saqlashning antisanitariya ahvoldaligi va tomoshalarga tayyorlash darajasi pastligi, ularning sog‘lig‘iga va ko‘paytirish imkoniyatiga salbiy ta'sir qilmoqda;
beshinchidan, moddiy-texnik ta'minlanganlik darajasi pastligi sababli sirkning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi va sirk dasturlarining badiiy saviyasini oshirish va tomoshabinlar qamrovini kengaytirish uchun imkon bermayapti;
oltinchidan, respublikaning chekka, olis tuman, mahalla va qishloqlari aholisiga madaniy xizmat ko‘rsatishni zamon talabi darajasiga ko‘tarish maqsadida ko‘chma sirk (shapito)lar tomonidan gastrol safarlari tashkil etishda mavjud badiiy repertuari va moddiy-texnika bazasi ma'nan eskirganligi mazkur gastrol safarlarini to‘laqonli va sifatli amalga oshirish uchun imkon bermayapti;
yettinchidan, sirk sohasidagi nufuzli xalqaro festival va tanlovlarda ijodkorlarimizning ishtirokini izchil ta'minlash va ularning sara tomoshalarini namoyish etish, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani ham soha rivojiga to‘sqinlik qilmoqda.
Mavzuga oid
08:44 / 06.06.2022
Parrandachilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi o‘zgaradi
09:01 / 08.04.2022
«Olima ayollar jamiyati» nimalar bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi
07:51 / 26.03.2022
2021 yilda qurilishdagi baxsiz hodisalar oqibatida 84 nafar ishchi halok bo‘lgan
07:28 / 09.03.2022