O‘zbekiston | 01:03 / 14.12.2018
46185
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda qancha tilanchi borligi ma'lum qilindi

13 dekabrda senatorlar Ichki ishlar vazirligi ishlab chiqqan hujjat loyihasini ko‘rib chiqishdi.   

Avvalroq Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi (QHTBT) portalida joylashtirilgan hujjat loyihasiga ko‘ra, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 1883-modda bilan, Jinoyat kodeksi esa 1271-modda bilan to‘ldirilishi kutilmoqda. 

Ta'kidlanishicha, tilanchilik uchun ma'muriy jazo (eng kam ish haqining bir barobaridan 3 barobarigacha yoki 15 sutkagacha ma'muriy hibsga olish) qo‘llangandan keyin qonunbuzarlarga 240 soatgacha ijtimoiy-foydali ishlarga majburiy jalb etish, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki shunday muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi mumkin.  

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, Toshkentda oxirgi yil tilanchilik bilan shug‘ullanuvchi 5 mingdan ko‘proq kishi aniqlangan. Ulardan 4 mingini ayollar (3 mingi yosh bolalar bilan), 100 ga yaqinini nogiron erkaklar va 500 ga yaqinini keksa yoshli kishilar tashkil qiladi. Senatda ma'lum qilinishicha, Toshkentda Toshkent viloyatidan (30-35 foiz), Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridan (25-30 foiz), Buxoro va Samarqand viloyatlaridan (20-25 foiz) va poytaxtning o‘zidan (15-20 foiz) bo‘lgan tilanchilar “ishlaydi”. 

Ba'zi OAVda O‘zbekistonda tilanchilik qonunan taqiqlangani ma'lum qilindi. Shunga e'tibor qaratish kerakki, hozircha hech narsa rasman taqiqlanmagan, chunki har bir qonun loyihasi prezident tomonidan imzolanishi va OAVda rasman e'lon qilinishi kerak. Shundan keyingina u kuchga kiradi.

Mavzuga oid