Jamiyat | 14:07 / 14.12.2018
5671
3 daqiqa o‘qiladi

XMT rahbari: O‘zbekiston ham qishloq xo‘jaligida mehnat sharoitini yaxshilash buyicha ishlardan chetda qolmasligi kerak

Bugun, 2018 yil 14 dekabr kuni Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasi anjumanlar zalida «Mehnat sohasi istiqboli: Xalqaro mehnat tashkilotining 100 yilligi arafasida munosib bandlikni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlar» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferentsiya ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi va o‘z nutqida anjuman ishtirokchilarini tabrikladi.

Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder bu o‘zining Markaziy Osiyo mintaqasiga ilk tashrifi ekaniga urg‘u berib, O‘zbekistonning mehnat huquqi bo‘yicha qator yutuqlarini e'tirof etdi.

«Dunyo bo‘ylab majburiy mehnatga qarshi kurash ketmoqda, jumladan qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat sharoitini yaxshilash bo‘yicha islohotlar olib borilmoqda. O‘zbekiston ham bu jarayonlardan chetda qolmasligi kerak va bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi», dedi u.

Asosiy maqsadi – munosib bandlikni ta'minlash masalalarini muhokama qilish uchun mehnat sohasi ekspertlari va professionallarni bir joyda  to‘plashdan iborat bo‘lgan konferensiyada Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarboyjon, Eron kabi davlatlardan ishtirokchilar tashrif buyurishgan.

Konferentsiyada BMT TD, YeXHT, YUNISEF, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot, Osiyo taraqqiyot banki spikerlari bandlik muammolari yechimi bo‘yicha fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev mazkur xalqaro konferensiya Xalqaro mehnat tashkilotining 100 yilligini nishonlash bo‘yicha 2019 yil dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan tadbirlarni boshlab berishini qayd etdi. 

Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva o‘z nutqida O‘zbekistonda majburiy mehnatning har qanday shakliga qarshi kurash olib borilayotgani, jumladan xorijlik ekspertlar tomonidan ko‘p marta tilga olingan bolalar mehnatiga 2013 yildan buyon chek qo‘yilgani, qayd etilgan bir-ikki holatlar ham tizimli emasligini bildirdi.

Mavzuga oid