O‘zbekiston | 20:20 / 17.12.2018
54772
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi «Humo Arena» muz saroyi belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmaydi

Foto: O‘zA

17 dekabrdan Toshkent shahrining Beshyog‘och ko‘chasi bo‘ylab harakatlanish cheklanadi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Toshkent shahri hokimining 11 dekabrdagi qarori asosida «Humo Arena» kompleksi qurilishi munosabati bilan barcha turdagi avtomobillarga (qurilishda ishtirok etayotgan avtomobillardan tashqari) 2018 yilning 17 dekabridan 2019 yilning 1 martiga qadar  Beshyog‘och ko‘chasining Furqat ko‘chasidan Afrosiyob ko‘chasiga qadar harakatlanish cheklanadi», deyilgan xabarda.

Xabarda ushbu cheklov qurilishda qatnashayotgan transport vositalari va texnikalariga taalluqli emasligi qo‘shimcha qilingan va keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ralgan.

Foto: Toshkent IIBB

Qayd etish kerakki, Toshkentda Humo Arena ko‘p tarmoqli muz saroyini qurish ishlari 2017 yilning fevralida boshlangandi. Qurilish ishlari reja bo‘yicha 2018 yilning 31 dekabrigacha yakunlanib, inshoot foydalanishga topshirilishi kerak edi. Shu yilning avgustida ham Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati ham «Humo Arena» muz saroyi 2018 yil oxiriga qadar ishga tushirilishi haqida xabar bergandi.

IIBB xabaridan ma'lum bo‘ladiki, qurilish ishlari keyingi yil bahoriga qadar kechiktirilgan.

Ayni vaqtda hududda qurilish ishlari davom etmoqda.

Foto: O‘zA

Majmuada o‘lchamlari 60×30 metr bo‘lgan ikkita - asosiy va mashq muz arenalari rejalashtirilgan bo‘lib, bino umumiy maydoni 74 ming kvadrat metrni tashkil qiladi, bino to‘rt qavatdan iborat, balandligi esa 36 metrni tashkil etadi.

Muz saroyi 12,5 ming o‘tirish joylariga ega va konsert zali sifatida o‘n ming, sport musobaqalar o‘tkazish zali sifatida esa 14 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. Asosiy binoda 300 o‘rinlik mashq arenasi ham loyihalashtirilgan.

Mavzuga oid